Avstriyadagi maktabda otishma yuz berdi. Kamida 11 kishi halok bo‘ldi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, otishmani uyushtirgan o‘quvchi maktabdagi tahqirlardan shikoyat qilib kelgan.
Foto: AP
Avstriyaning Grats shahrida otishma yuz berdi, deb yozmoqda Kronen Zeitung. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 11 kishi halok bo‘lgan. Hujumni uyushtirgan shaxs o‘ldirilgan.
Gazeta muxbiri sinfxonalardan biriga o‘quvchilar bilan birga yashiringan o‘qituvchining turmush o‘rtog‘i bilan gaplashgan. Uning aytishicha, xonadagilar bir necha bor o‘q ovozini eshitgan. Ta’kidlanishicha, gumonlanuvchi ikkita sinfda o‘t ochgan, ko‘p o‘tmay u hojatxonalardan birida o‘lik holda topilgan.
Shtiriya federal yerlari politsiyasi shaharda maktabdagi otishma xabari bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazilganini tasdiqlagan. Hodisa joyida politsiya va Cobra maxsus bo‘linmasi ishlamoqda. Avstriya IIV bir necha kishi, jumladan, otishmani uyushtirgan shaxs ham halok bo‘lganini ma’lum qildi. U o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, otishma oqibatida 28 kishi yaralangan. Uni uyushtirgan o‘quvchi maktabdagi tahqirlardan shikoyat qilib kelgani aytilmoqda.