Qozog‘iston sobiq mudofaa vaziri qo‘lga olingani haqidagi xabarni rad etdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Ruslan Yaxshiliqov Qozog‘iston Mudofaa vazirligi rahbari lavozimidan iste’foga chiqqanidan keyin qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotni rad etdi va «Ostonadagi uyida» oilasi bilan ekanini aytdi.
Foto: Tengrinews.kz / Turar Kazangapov
Qozog‘istonning sobiq mudofaa vaziri Ruslan Yaxshiliqov qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Yaxshiliqov 9 iyun, dushanba kuni saytida u bilan suhbatdan parchalarni chop etgan Tengrinews.kz nashriga izoh berdi.
«Bema’ni gap. Avvalo, rasmiy manbalarga ishonish kerak. Men ta’tildaman. Menga dam olish imkoniyatini berishdi. Uch yarim yildan beri ta’tilga chiqmadim. Bilasizmi, xizmat shuni talab qiladi», — dedi Yaxshiliqov.
Tengrinews.kz o‘zining Telegram-kanalida Ruslan Yaxshiliqov oilasi bilan «Ostonadagi uyida» ekanligiga aniqlik kiritdi. Portal, shuningdek, mudofaa idorasi sobiq boshlig‘i kadrda paydo bo‘lgani va o‘z uyi hovlisiga chiqayotgani aytilgan videoni ham joylashtirdi.
Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ruslan Yaxshiliqovni respublika mudofaa vaziri lavozimidan ozod qildi. Prezident farmoni bilan bu lavozimga Dauren Kosanov tayinlandi.
59 yoshli Yaxshiliqov 2022 yilning yanvaridan buyon Mudofaa vazirligi rahbari lavozimida ishlab kelayotgandi. 55 yoshli Kosanov bu tayinlovgacha Qozog‘iston mudofaa vaziri o‘rinbosari va Havo hujumidan mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni bo‘lgan.