Rossiya dumasi yagona davlat messenjerini yaratish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Rossiya davlat va tijorat xizmatlarini ko‘rsatish uchun messenjer funksiyalariga ega milliy ko‘p funksiyali raqamli xizmatni yaratishga qaror qildi.
Foto: Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi
10 iyun, seshanba kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi Rossiyada messenjer funksiyalariga ega bo‘lgan milliy ko‘p funksiyali raqamli xizmatni yaratish to‘g‘risidagi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Qayd etilishicha, gap messenjer funksiyalari hamda davlat va tijorat xizmatlarini ko‘rsatish xizmatlarini birlashtirgan ilova haqida ketmoqda.
Ushbu ilova «fuqarolar, davlat va munitsipal hokimiyat organlari o‘rtasida xavfsiz virtual muloqot qilish imkoniyatini beradi», deyiladi Rossiya parlamenti quyi palatasi saytida.
Foydalanuvchilar, xususan, arizadagi hujjatlarni elektron imzo bilan tasdiqlashi, shuningdek, undan shaxsini, yoshi va imtiyozlarga bo‘lgan huquqlarini tasdiqlash uchun foydalanishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Bundan tashqari, milliy ko‘p funksiyali raqamli xizmatda hozirda barcha darajadagi ta’lim muassasalari tomonidan foydalanilayotgan barcha «ta’lim xizmatlari va chatlar» mavjud bo‘ladi.
May oyi oxirida «Vedomosti» gazetasi Rossiya raqamli rivojlanish vaziri Maqsut Shadayevning mamlakat "Gosuslugi" portalini Max messenjeri bilan integratsiya qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi bayonotini e’lon qildi. "Meduza" internet-nashri tushuntirganidek, VK tomonidan ishlab chiqilgan Max loyihasi messenjer, ijtimoiy tarmoq, qidiruv tizimi, to‘lov tizimini o‘zida birlashtirgan va oziq-ovqatga buyurtma berish, chipta bron qilish va shifokor qabuliga yozilish mumkin bo‘lgan Xitoyning WeChat ilovasiga o‘xshab ketadi. «WeChat bir necha bor senzura va foydalanuvchilarni kuzatishda ayblangan», deb ta’kidlaydi jurnalistlar.