O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi hamkorligini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi
Siyosiy yangiliklar, Сиёсий янгиликлар, Политические новости, Political news
Siyosiy yangiliklar, Сиёсий янгиликлар, Политические новости, Political news
Tashrif doirasida Yevroparlament binosida deputatlar, Yevropa tashqi harakatlar xizmati (ETHX) hamda Yevropa komissiyasi vakillari ishtirokida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizni rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari, yangilangan Konstitusiyamizning mazmun-mohiyati va ahamiyati, shuningdek, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash bo‘yicha davlat siyosatining amalga oshirilishi, inson huquqlari, gender tengligi, ijtimoiy himoyani ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar taqdimoti o‘tkazildi.
Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z nutqida O‘zbekistonda barcha islohotlar “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil asosida olib borilishini alohida qayd etdi.
Shuningdek, boshqaruvning barcha bo‘g‘inidagi mansabdor shaxslarning Parlament va mahalliy Kengashlar oldida majburiy hisobot berishi islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgan bo‘lsa, chiqarilayotgan qarorlarning ochiq elektron portallarda muntazam e’lon qilib borilishi jamoatchilikning faol ishtirokini, mansabdor shaxslar va byudjetlar ustidan esa nazoratni ta’minlash imkonini bergani ta’kidlandi.
Ishtirokchilar e’tibori O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikdagi roliga qaratildi. O‘zbekiston rahbarining Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va dunyo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatishga qaratilgan ochiq va pragmatik tashqi siyosati davlatlar o‘rtasida anglashuv hamda ishonch muhitini yaratib, mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilgani e’tirof etildi.
Shuningdek, muloqot davomida O‘zbekiston bilan YEI o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda “Markaziy Osiyo – YEI” formatidagi tashabbuslarni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Manba: www.aniq.uz