Rossiya 227 nafar AQSh fuqarosining mamlakatga kirishini taqiqladi
Siyosiy yangiliklar, Сиёсий янгиликлар, Политические новости, Political news
Siyosiy yangiliklar, Сиёсий янгиликлар, Политические новости, Political news
Prezidentlik saylovlari boshlanishidan bir kun oldin Rossiya Federasiyasi 227 AQSh fuqarosini «Rossiyaga qarshi faoliyatda» ayblab, o‘z hududiga kirishini taqiqladi. Bu haqda 14 mart, payshanba kuni Moskvadagi Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Qora ro‘yxatga kiritilgan amerikaliklar Vashingtonning Rossiyaga nisbatan siyosatini «ishlab chiqish, amalga oshirish va oqlashda ishtirok etishadi», deb ta’kidlamoqda Rossiya vazirligi. Xabarda, shuningdek, gap AQShning Rossiya fuqarolariga nisbatan «doimiy ravishda kengayib borayotgan sanksiyalariga javob» haqida ketayotganiga ishora qilinadi.
Rossiya TIV saytida e’lon qilingan ro‘yxatga AQSh ma’muriyati, ishbilarmon doiralar, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, o‘nlab professor-o‘qituvchilar va tadqiqot markazlarining xodimlari kiritilgan. Boshqalar qatorida AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller, savdo, mudofaa, energetika va moliya kotiblarining o‘rinbosarlari, ko‘plab olimlar, The Washington Post va The New York Times gazetalarining jurnalistlari bor.
Hammasi bo‘lib 2 mingdan ortiq AQSh fuqarolari Rossiya qora ro‘yxatida. Shu tariqa, Rossiya Federasiyasi AQShning Rossiya fuqarolari, kompaniyalari va muassasalariga qarshi sanksiyalariga javob beryapti.
Manba: www.aniq.uz