Senat Raisi bir qator davlatlar ombudsmanlari bilan uchrashdi
Siyosiy yangiliklar, Сиёсий янгиликлар, Политические новости, Political news
Siyosiy yangiliklar, Сиёсий янгиликлар, Политические новости, Political news
Senat Raisi Tanzila Narbayeva Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining 29 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Vengriya, Italiya, Qirg‘iziston, Marokash, Mo‘g‘iliston, Turkiya ombudsmanlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Inson huquqlarini ta’minlash sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xalqaro majburiyatlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, O‘zbekiston Ombudsmani tomonidan dunyodagi 50 ga yaqin mamlakatlarning, shu jumladan Amerika, Yevropa, Osiyo, MDH davlatlarining ombudsmanlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Dastavval mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Ombudsman tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish borasida qo‘llanilayotgan ta’sir choralari va mexanizmlariga to‘xtalib o‘tildi.
Inson huquqlari sohasiga oid me’yoriy hujjatlarning qabul qilinishi va takomillashib borishi Ombudsman institutiga fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi vakolatlari hamda natijadorligining oshishiga turtki bo‘lgani aytib o‘tildi.
O‘z navbatida, mehmonlar O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholab, yangi tahrirdagi Konstitusiyaga muvofiq Ombudsman institutiga qonunchilik tashabbusi sifatida parlament quyi palatasiga qonunchilikka oid takliflarni kiritish huquqi berilganligini e’tirof etdilar.
Manba: www.aniq.uz