Rossiyaliklar Janubiy Koreyadan boshpana so‘ramoqda
Siyosiy yangiliklar, Сиёсий янгиликлар, Политические новости, Political news
Siyosiy yangiliklar, Сиёсий янгиликлар, Политические новости, Political news
O‘tgan yili rekord miqdordagi rossiyaliklar Janubiy Koreyadan siyosiy boshpana so‘ragan. Bu haqda 25 fevral, yakshanba kuni Adliya vazirligi tarkibiga kiruvchi Janubiy Koreya immigrasiya xizmati hisobotiga tayanib CNN xabar berdi. Unga ko‘ra, 2023 yilda rasmiylar Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan 5750 nafar arizachini ro‘yxatga olgan. Bu bir yil avvalgidan besh baravar va 1994 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan rossiyaliklarning arizalari umumiy sonidan ko‘p. 2022 yilda atigi 1038 nafar rossiyalik siyosiy boshpana so‘ragan.
Umuman olganda, 2023 yilda Janubiy Koreyada boshpana so‘ralgan 18 838 ta murojaat ro‘yxatga olingan. Eng ko‘p murojaatlar rossiyaliklardan bo‘lgan, undan keyin Qozog‘iston fuqarolari – 2094, Xitoy – 1282, Malayziya – 1205, Hindiston – 1189, Mo‘g‘uliston – 836 va Turkiya – 564. 2024 yil yanvarida 376 nafar rossiyalik boshpana so‘ragan. Koreya immigrasiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni sakkiz yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Shu bilan birga, mamlakatda migrasiya qonunchiligi juda qattiq: 1994 yildan 2023 yil oxirigacha Janubiy Koreya rasmiylariga qochqin maqomini so‘rab 103 760 kishi murojaat qilgan va ulardan atigi 4 052 nafari qochqin maqomini olgan. Arizachilarning boshpana so‘rashi eng keng tarqalgan sababi - diniy ta’qiblar, keyin esa siyosiy ta’qiblar.
Manba: www.aniq.uz