softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Klublar o‘rtasidagi JCh boshlanmoqda: unda kimlar ishtirok etadi?

Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news

Klublar o‘rtasidagi JCh boshlanmoqda: unda kimlar ishtirok etadi?

Batafsil o'qish:

Turnir formati, mukofot pullari va asosiy yulduzlar haqida.

Foto: Getty Images

15 iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarida klublar o‘rtasidagi jahon chempionati start oladi. Ochilish o‘yinida Messi, Suares, Buskets va Alba kabi taniqli futbolchilar to‘p suradigan «Inter» Mayami Misrning «Al Ahli» jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Quyida esa ushbu musobaqa haqida, uning formati, qaysi jamoalar o‘ynashi va boshqa savollar yuzasidan ma’lumot keltiriladi.

Bu qanday turnir?

2016 yil iyunida FIFA prezidenti Janni Infantino har yili o‘tkaziladigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini kengaytirish va muddatini ham yozga ko‘chirish haqida taklif bilan chiqdi. Avvaliga bu turnir 2021 yilda Xitoyda tashkil qilinishi, unda 24 jamoa qatnashib, har yili emas, keyinchalik xuddi jahon chempionati kabi har 4 yilda o‘tkazilishi kelishib olingandi. Ammo oraga pandemiya tushib, Yevropa va Janubiy Amerika kubogi bahslari ham 2021 yilga ko‘chirilgach, bu loyiha ham kechiktirildi. Keyinchalik jamoalar sonini 32 tagacha oshirish va yangi formatdagi ilk turnirni 2025 yilda o‘tkazish kelishib olindi. 

Tabiiy ravishda bu musobaqaga juda ko‘p tashkilotlar, futbolchilar uyushmasi, ligalar qarshilik qilishdi. Zero, shundoq ham yil davomida juda ko‘p o‘yinlarda maydonga tushadigan futbolchilar uchun bu qo‘shimcha risk, jarohatlar soni keskin oshishi, klublarning mavsumga tayyorgarligiga xalaqit berishi ko‘p bor tilga olindi.

Ammo loyihaning tijoriy tomoni, juda katta mukofot jamg‘armasiga ega ekani klublarni vaziyatga boshqacha qarashga majbur qilgani shubhasiz. Chunki shundoq ham moliyaviy feyr-pley cheklovlari bilan kurashib kelayotgan top-klublar uchun qo‘shimcha sof daromad ayni muddao. Axir ushbu turnirda g‘olib bo‘lgan klub 100 million yevroga yaqin summani qo‘lga kiritishi mumkin. Bu summa misol uchun deyarli barcha (APLdan tashqari) chempionatlarda, hatto Chempionlar Ligasida ham butun mavsum ishtirok etib qo‘lga kiritiladigan mablag‘dan ko‘proq. Nafaqat g‘olib, masalan, Yevropaning shunchaki turnirda qatnashgan bir klubi 15-30 million yevro atrofida mablag‘ ishlab topishi mumkin. Osiyo klubi 9 million yevro atrofida kafolatlangan summani oladi.

Turnirda ishtirok uchun mukofot pullari (mukofot jamg‘armasi 525 million dollar):

  • Yevropa — 12,81 dan 38,19 million dollargacha;
  • Janubiy Amerika — 15,21 million dollar;
  • Shimoliy va Markaziy Amerika — 9,55 million dollar;
  • Osiyo — 9,55 million dollar;
  • Afrika — 9,55 million dollar;
  • Okeaniya — 3,58 million dollar.

Turnirdagi muvaffaqiyatli ishtirok uchun ko‘proq pul ishlab olish mumkin, bu yerda mukofot jamg‘armasi 475 million dollar va quyidagicha taqsimlanadi:

  • Guruh bosqichi — g‘alaba uchun 2 million, durang uchun 1 million dollar;
  • 1/8 finalga chiqish — 7,5 million dollar;
  • Chorakfinalga chiqish — 13,125 million dollar;
  • Yarimfinalga chiqish — 21 million dollar;
  • Finalga chiqish — 30 million dollar;
  • Turnir g‘olibligi — 40 million dollar.

FIFA prezidenti Janni Infantino turnir g‘olibi umumiy hisobda 125 million dollargacha pul olishi mumkinligini aytgan. To‘g‘ri, sal hisoblab ko‘rilsa, eng ko‘p gonorar 155,815 million dollar chiqadi. Klub buning uchun bir nechta shartlarni bajarishi kerak:

  1. Bu Yevropadan kelgan jamoa bo‘lishi;
  2. Jamoa ishtirok etgani uchun maksimal to‘lov olishi;
  3. Jamoa guruh bosqichidagi uchta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonishi.

O‘z navbatida, FIFA ham shunday jiddiy loyiha yozgi tijoriy turnirlar darajasiga tushib qolmasligi uchun o‘z talabini qo‘ygan – barcha klublar to‘liq asosiy tarkibida bilan qatnashishi kerak.

Turnir ishtirokchilarining eng qimmatbaho futbolchilari:

  1. Kilian Mbappe («Real») — 180 million yevro
  2. Erling Holand («Manchester Siti») — 180 million yevro
  3. Jamal Musiala («Bavariya») — 140 million yevro
  4. Koul Palmer («Chelsi») — 120 million yevro
  5. Xulian Alvares («Atletiko») — 100 million yevro

Bu ro‘yxatga Jud Bellinghem (180 million), Vinisius Junior (170), Federiko Valverde (130), Rodri (110), Maykl Olise (100), Lautaro Martines (95), Dezire Due, Xvicha Kvaratsxeliya, Usmon Dembele (90 milliondan) va boshqa ko‘plab superyulduzlarni qo‘shish mumkin.

Turnir formati qanaqa?

Chempionat formati xuddi milliy jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati kabi bo‘lib, 32 ta klub 8 guruhga bo‘lingan holda boshlashadi. Har guruhda jamoalar bir-biri bilan bir martada kuch sinashishadi va eng ko‘p ochko to‘plagan ikki jamoa nimchorak finalga chiqadi.

Guruhlarda birinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar keyingi bosqichda ikkinchi o‘rin bilan chiqqan jamoalarga qarshi o‘ynaydi.

Ochkolar teng bo‘lib qolganda, avvalo, o‘zaro o‘yinga, so‘ng esa umumiy to‘plar nisbati, urgan gollar soni va boshqa ko‘rsatkichlarga qarab o‘rinlar taqsimlanadi.

Guruh bahslari 15 iyunda boshlanib, 27 iyunda nihoyasiga yetadi. Nimchorak final o‘yinlari 28 iyundan 2 iyulgacha, chorakfinallar 4–5 iyul, yarimfinallar esa 8–9 iyul kunlariga belgilangan. Final 13 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Uchinchi o‘rin uchun bahs ko‘zda tutilmagan.

O‘yinlar AQShning 11 shahridagi 12 stadionida bo‘lib o‘tadi. Orlandoda ikki stadion turnir uchun mo‘ljallangan. Ochilish o‘yini Mayamidagi «Hard Rok Stedium»da, final esa Nyu York yaqinidagi «Metlayf» stadionida o‘tadi. Musobaqa o‘tkaziladigan eng katta stadion Los Anjyeles yaqinidagi «Rouz Boul» – 88 500 muxlisni o‘ziga sig‘dira oladi. Eng kichik o‘yingoh esa Vashingtonda – «Audi Fild»ga 20 ming tomoshabin kirishi mumkin.

Besh stadion – final o‘tadigan «Metlayf», shuningdek Atlanta, Filadelfiya, Sietl va Mayamidagi stadionlar bir yildan so‘ng mundial o‘yinlarini ham o‘zida qabul qiladi.

Qanday jamoalar qatnashadi?

Bu turnir haqida gap boshlangandan beri ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan savol shu – nega «Barselona» yo‘q? «Liverpul» va «Arsenal»chi? «Chelsi» qayerdan qo‘shilib qoldi va hokazo.

Xuddi milliy jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati singari, bu turnirda ham konfederatsiyalarga o‘rinlar ajratilgan. Faqat ishtirokchilar saralash o‘yinlari emas, reyting orqali aniqlanadi. Bir shart – bir mamlakatdan ikkitadan ortiq jamoa bo‘lmasligi kerak.

Shuningdek, 2021-2024 yillardagi konfederatsiyalardagi Chempionlar Ligasi (Libertadores va hokazo) kabi turnir g‘oliblari to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etishi mumkin. Agar shu davrda bir mamlakatning 3-4 jamoasi ushbu sovrinlarni yutgan bo‘lsa, istisno tariqasida bir mamlakatdan ikkitadan ortiq klub qatnashishi mumkin. Masalan, Libertadores kubogini 4 yilda Braziliyaning to‘rt xil klubi qo‘lga kiritgani uchun chempionatda Braziliyadan 4 klub qatnashmoqda.

Yevropaga 12 o‘rin ajratilgan. Dastlab, Chempionlar Ligasi g‘oliblarini aniqlab olamiz – «Chelsi», «Real», «Manchester Siti» va yana «Real». Demak, uch klub avtomatik ravishda jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Qolgan 9 jamoa reyting asosida aniqlanadi. Sezganingizdek, endi boshqa ingliz jamoalariga joy qolmadi, zero «Chelsi» va «Manchester Siti» bilan bir mamlakatga berilgan limit to‘ldi. Agar misol uchun, 2022 yilgi finalda «Liverpul» «Real»ni yutganida, uchinchi ingliz jamoasi o‘laroq mersisaydliklar ham turnirda qatnashishi mumkin edi.

«Barselona»ning tushib qolish sababi ham tushunarli. «Real» YeChL orqali yo‘llanma olgach, Ispaniyadan ikkinchi jamoa reyting asosida aniqlandi. «Atletiko»ning Yevropa maydonlaridagi reytingi «Barselona»nikidan yuqori bo‘lib chiqdi.

Janubiy Amerikaga 6 ta o‘rin ajratilgan. 2021-2024 yillarda Libertadores kubogining 4 g‘olibiga qo‘shilib, reyting orqali «River Pleyt» va «Boka Xuniors» joy olgan.

KONKAKAF mintaqasiga 5 o‘rin ajratilgan. Faqat bir jihat, Meksikaning «Leon» klubi 2023 yilda Chempionlar Ligasini yutgan bo‘lsa-da, jahon chempionatiga bora olmadi, chunki ushbu klubning egasi «Pachuka»ning ham egasi hisoblanadi. Natijada 2023 yilgi ChL finalchisi «Los Anjyeles» reyting bo‘yicha keyingi jamoa «Amerika» (Meksika) jamoasini yengib, yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Osiyodan Chempionlar Ligasini yutgan uch jamoaga qo‘shilib, reyting bo‘yicha Janubiy Koreyaning «Ulsan Hyonde» jamoasi chempionat ishtirokchisiga aylandi.

Darvoqe, bu safargi chempionatda AQShdan uch jamoa qatnashadi. Sababi, amerikaliklar mezbon sifatida qo‘shimcha o‘ringa ega bo‘lishgan. Bu o‘rin MLS chempioni «Inter»ga nasib qildi va shu tariqa klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida Messi ham qatnashadigan bo‘ldi. Ronalduning «An Nasr» klubi esa xalqaro maydondagi muvaffaqiyatsizlik tufayli bu turnirda qatnasha olmaydi.

Guruhlar tarkibi

A guruhi: «Al Ahli» (Misr), «Inter» Mayami (AQSh), «Portu» (Portugaliya), «Palmeyras» (Braziliya);

V guruhi: «Atletiko» (Ispaniya), «Botafogo» (Braziliya), «PSJ» (Fransiya), «Sietl Saunders» (AQSh);

S guruhi: «Oklend Siti» (Yangi Zelandiya), «Bavariya» (Germaniya), «Benfika» (Portugaliya), «Boka Huniors» (Argentina);

D guruhi: «Chelsi» (Angliya), «Esperans» (Tunis), «Flamengo» (Braziliya), «Los Anjyeles» (AQSh);

Ye guruhi: «Inter» (Italiya), «Monterrey» (Meksika), «River Pleyt» (Argentina), «Urava Reds» (Yaponiya);

F guruhi: «Borussiya» Dortmund (Germaniya), «Fluminense» (Braziliya), «Mamelodi Sandauns» (JAR), «Ulsan» (Janubiy Koreya);

G guruhi: «Al Ayn» (BAA), «Yuventus» (Italiya), «Manchester Siti» (Angliya), «Vidad» (Marokash);

N guruhi: «Al Hilol» (Saudiya Arabistoni), «Pachuka» (Meksika), «Real» (Ispaniya), «Zalsburg» (Avstriya).

Favoritlar

Albatta, asosiy favoritlar doimgidek Yevropa klublari bo‘lib, ayniqsa «Real» va «Manchester Siti»ni alohida qayd etish kerak. Chunki bu ikki jamoa o‘tgan mavsumda birorta ham sovrin yuta olmadi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati esa mana shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun ayni muddao.

Shuningdek, «PSJ»ga ham alohida e’tibor berish kerak bo‘ladi. Enrike shogirdlari agar bu turnirda ham g‘alaba qozonishsa, 2025 yilda qo‘lga kiritgan 4-sovrini bo‘ladi. Bungacha fransuzlar Fransiya chempionati, kubogi va Chempionlar Ligasini yutishdi. Avgustda «PSJ»ni «Tottenhem»ga qarshi Yevropa Superkubogi, «Marsel»ga qarshi Fransiya Superkubogi o‘yinlari ham kutib turibdi. Shu tariqa, klub bir yilda 6 sovrin yutish imkoniyatiga ega. Bungacha 2008/09 yillar mavsumida Pep Gvardiola boshchiligidagi «Barselona» xuddi shunday natijani qayd etgandi.

Albatta, «Bavariya» va «Atletiko»ni, so‘nggi ikki YeChL finalchilari «Inter» va «Borussiya»ni ham unutmaslik kerak. Janubiy Amerika jamoalari doim o‘ziga xos uslubi va mahoratli futbolchilari bilan munosib qarshilik qilib kelishgan. Shuningdek, «Al Hilol» yulduzlarining ham kuchli jamoalarga qarshi o‘yinini kuzatish qiziq bo‘ladi.

Abduqodir Husanov uchun imkoniyat

Ushbu turnir haqida eng tanqidiy fikr aytgan murabbiylardan biri Pep Gvardiola bo‘lgandi. Hatto klublarning asosiy tarkibda harakat qilish talabidan ham jig‘ibiyron bo‘lgan, «mening jamoamda kim asosiy ekanini FIFA aniqlaydimi?» deb keskin chiqish qilgandi.

Ushbu mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmagan va inqirozli davrlarni boshdan kechirgan Gvardiola uchun kelasi mavsum juda muhim ekanini unutmaslik kerak. Hatto klublar o‘rtasidagi jahon chempionligidan ham ko‘ra, yangi mavsumni munosib boshlab olish, jarohatlarni chetlab o‘tish muhimroq. Iyul o‘rtalarigacha turnirda qatnashib, deyarli tanaffussiz yangi mavsumga tayyorlanish ham oson emas. O‘tgan yilgi inqirozning asosiy sabablaridan biri ham yozdagi Yevropa chempionati bo‘lganini eslasangiz kerak. Shu tufayli katta ehtimol bilan Gvardiola ayrim yetakchi futbolchilarning yuklamasini kamaytirishi, asosan yosh futbolchilar hamda yangi transfer qilinganlarni sinab ko‘rishi ham mumkin.

Ana shunda Diash va Gvardiol kabi himoyachilar ba’zi o‘yinlarda zaxirada qolib, Abduqodir Husanov kabi futbolchilarga imkoniyat berilishi ehtimoli yuqori. Pep Gvardiola uning nimalarga qodir ekanini ko‘rib olgan, shu bilan birga, jamoa bilan o‘yin amaliyoti ham ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, «Manchester Siti» ishtirok etayotgan guruh u qadar og‘ir emas. Marokash va BAA klublari inglizlar uchun muammo tug‘dirmasa kerak. Demak, Abduqodir Husanov ham ushbu turnirda yetarlicha vaqt olishi va balki yangi jamoasidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritishi mumkin.

Chempionatni qayerda ko‘rish mumkin?

 O‘zbekistonlik muxlislar MTRK Sport, Futbol, hamda Zo‘r TV telekanallari orqali mazkur o‘yinlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.