softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Messi golsiz boshladi, «PSJ» «Atletiko»ni ham yakson etdi, «Bavariya» 10 ta gol urdi

Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news

Messi golsiz boshladi, «PSJ» «Atletiko»ni ham yakson etdi, «Bavariya» 10 ta gol urdi

Batafsil o'qish:

Amerika maydonlarida klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining guruh o‘yinlari start oldi. Chempionlar ligasi g‘olibi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini yorqin g‘alaba bilan boshladi. Enrike mukammal jamoa qurganini isbotlamoqda.

Foto: Hector Vivas - FIFA/FIFA via Getty Images

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati.
1-tur. A guruhi
«Al Ahli» — «Inter Mayami» 0:0

Aniq ijro etilmagan penalti: Trezege 44
Ogohlantirishlar: Attiya 90+2 — Aviles 25, Redondo 31, Buskets 86, Suares 90+2.

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi. Ochilish o‘yinida turnirda MLSning amaldagi g‘olibi sifatida qatnashayotgan «Inter Mayami» va Afrika Chempionlar ligasi g‘olibi, Misrning «Al-Ahli» klublari uchrashdi.

Lekin mayamiliklar Messi, Suares va Buskets kabi yulduzlari bilan ham golsiz durang qayd etdi. Jamoa turnirni mag‘lubiyat bilan boshlashi ham mumkin edi, ammo birinchi bo‘lim oxirida «Al-Ahli»ning ko‘p yillik yetakchisi Trezege penaltidan foydalana olmadi, uning markazga yo‘llagan zarbasini darvozabon Ustari to‘sib qoldi.

Ikkinchi bo‘limda raqib futbolchilari toliqib qolganidan foydalanib «Inter Mayami» bosimni kuchaytirdi, 57-daqiqada Messi jamoasining o‘yindagi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarbasi muallifi bo‘ldi. 65-daqiqada ham u jarimadan xavfli zarba yo‘lladi, to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi.

85-daqiqada Messi chap qanotdan qulay pozitsiyada turgan Fafaga to‘p oshirdi, hujumchi to‘pni gazonga cho‘pchitib zarba berdi, ammo misrliklar posboni al-Shenaviy to‘sin ostidan kirib ketayotgan to‘pga ulgurdi. Ushbu darvozabon 90+5-daqiqada ham qahramonlik ko‘rsatib, Messining aylantirib yo‘llagan zarbasini to‘qqizlikdan olib chiqdi. Messining sa’y-harakatlariga qaramay, o‘yin ikki darvozabonning qahramonliklari tufayli 0:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi turda «Al-Ahli» «Palmeyras» bilan o‘ynaydi, «Inter Mayami»ni «Portu»ga qarshi murakkab uchrashuv kutmoqda. Birinchi turning ikkinchi o‘yinida ham Braziliya va Portugaliya jamoalari o‘zaro durang o‘ynagan va guruhda birinchi turdan keyin barcha jamoalar bir xil ko‘rsatkich qayd etib turibdi.

KJCh. 1-tur. B guruhi
Pamadena.«Rouz Boul» stadioni
«PSJ» – «Atletiko» 4:0
Gollar
: Ruis (19), Vitinya (45+1), Mayulu (87), Li Kan In (90+6, penalti) 
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi, Markinos, Pacho, Mendesh (Ernandes, 79), Vitinya, Nevesh, Ruis (Li Kan In, 72), Due (Mbayye, 80), Kvaratsxeliya (Zair-Emeri, 72), Ramush (Mayulu, 66). 
«Atletiko» – Oblak, Lorente, Le Norman, Langle, Galan (Mandava, 62), Simeone (Korrea, 62), de Paul (Gallaher, 62), Barrios (Syorlot, 70), Lino (Koke, 46), Alvares, Grizmann.
Ogohlantirishlar: Langle (20), Le Norman (25), Ruis (28), Simeone (29), Koke (48), Markinos (61), Korrea (63), Mandava (64). 
Chetlatish: Langle (78).

«PSJ» g‘alaba qozonishda davom etmoqda. Ikki hafta oldin YeChL finalida «Inter»ni yirik hisobda (5:0) tor-mor etgan Luis Enrike shogirdlari klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining 1-turida ham yorqin g‘alabaga erishdi. Parijliklar guruhdagi asosiy raqibi – «Atletiko»ni osonlik bilan mag‘lub etdi (guruhning qolgan a’zolari «Botafogo» va «Sietl Saunders» ham muammo tug‘dirishi qiyin).

Luis Enrike Chempionlar ligasi finalida o‘ynagan boshlang‘ich tarkibni takrorlamadi. Unda bunga imkon ham yo‘q edi, Dembele jarohatini davolamoqda. Usmon katta ehtimol bilan bel sohasidagi jarohati tufayli guruhning qolgan o‘yinlarida ham qatnasha olmaydi. Boshlang‘ich tarkibdagi yagona o‘zgarish markaziy hujumchi – Ramush ilk daqiqalardan tushirilishi bo‘ldi.

Pasadenadagi stadionga futbolchilar alohida-alohida chiqib kelishdi – ularning har biri boksdagi kabi alohida tanishtirildi. Yevropa futboli muxlislari bunga ko‘nikishmagan. Futbolchilarning o‘zi uchun esa mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da maydonga chiqish begona. Bu vaqtda Parijda ham, Madridda ham allaqachon kun botib bo‘lgandi. Qolaversa, Los-Anjyelesda bu vaqtda harorat 33 darajaga chiqqan – qizdirayotgan quyosh ostida yuqori sur’atdagi o‘yin ko‘rsatish qiyin edi. Shunga qaramay, jamoalar chin dildan ter to‘kishdi.

Ilk xavfli vaziyatni «Atletiko» yuzaga keltirdi, Alvaresning jarima zarbasidan keyin to‘p to‘sin ostidan darvozaga kirishiga bir baxya qoldi. Keyin esa o‘yin kutilgan ssenariy bo‘yicha keta boshladi. «PSJ» maydonning ko‘p qismida ustunlik qildi, o‘yinning 80 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi va to‘p yo‘qotilishi bilan darhol qaytarib oldi. Diyego Simeone jamoasi esa qarshi hujumlarga tayandi, ammo hisob parijliklar foydasiga 1:0 hisobida bo‘lib turganida uyushtirilgan shunday qarshi hujum kichik Simeone Mendeshdan qochib ketishi va jarima maydoni yaqinida yiqitilishi bilan yakunlandi. Diyego «PSJ» himoyachisini fol uchun chetlatishni talab qildi, ammo YeChL finalida ham ishlagan Ishtvan Kovach bu vaziyatda hech qanday qoidabuzarlik ko‘rmadi. O‘yin aut tashlash bilan davom ettirildi.

Dastlabki 45 daqiqalikda futbolchilarning raqib jarima maydoni ichida to‘pga teginishi bo‘yicha statistika Luis Enrike jamoasining to‘liq ustunligini qayd etdi – 14:0! Lekin «PSJ» futbolchilarining darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbasini chorak soat kutishga to‘g‘ri keldi. Ammo shundan ikki daqiqa o‘tib parijliklar hisobda oldinga chiqib olishdi. YeChL g‘oliblarining hujum chizig‘i vakillari o‘yin davomida pozitsiyalarni almashtirish orqali raqib himoyachilarini chalg‘itib tashladi, bu gol urilgan epizodda ham ish berdi. Nevesh raqibdan to‘pni olib qo‘yib, Due va Kvaratsxeliya ishtirokidagi ajoyib kombinatsiyani boshlab berdi, hujumni gurjistonlik vingerning uzatmasini golga aylantirgan Ruis yakunlab berdi. «PSJ» o‘z odatiga ko‘ra raqibni tayanch zonasini bo‘sh qoldirishga majbur etdi – ispaniyalik futbolchi esa yerlatib aniq zarba yo‘lladi.

«Atletiko» faqat tanaffus arafasida darvoza tomon to‘g‘ri borgan birinchi zarbasini yo‘lladi – Grizmanning zarbasidan keyin Donnarumma o‘zini ko‘rsatishi talab etildi. Madridliklar hisobni tenglashtirish o‘rniga darhol ikkinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi. «PSJ» yana bir bor hujumga o‘tish fazasida o‘z darajasini namoyish etdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda uyushtirilgan javob hujumida Kvaratsxeliya ikkinchi golli pasini amalga oshirdi. Bu safar u Vitinyaga assistentlik qildi. Bu safar ham «Atletiko» markazda katta bo‘shliq qoldirdi, portugaliyalik yarimhimoyachi jarima maydoniga osonlik bilan kirib, qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

Simeone tanaffusda Lino o‘rniga Kokeni tushirdi va shogirdlaridan pressingda faol bo‘lishni talab qildi. «Atletiko» ikkinchi bo‘lim boshida bu talabni bajardi, «PSJ» maydonning o‘z jarima maydoni joylashgan qismida ham bosim ostida qoldi. Epizodlardan birida Donnarumma jarima maydoni ichida fint ishlatishiga to‘g‘ri keldi va to‘pni o‘zida saqlab qolib, qarshi hujum boshlab berdi. Bu hujumni Kvaratsxeliya yakunladi. Xvicha ikki assistga gol qo‘shib qo‘yishi ham mumkin edi, ammo uning zarbasidan keyin to‘p to‘singa bordi.

«PSJ» ustunlik qilishda davom etdi va g‘alabani osonlik bilan saqlab qoladigandek ko‘rinayotgandi. Ammo kutilmganda «Atletiko» darvozani ishg‘ol etdi. Bu epizod Due jarima maydoni yaqinida to‘p yo‘qotishi bilan boshlandi, keyin argentinaliklar bog‘lami ish berdi – Simeone Alvaresni to‘p bilan ta’minladi, forvard esa to‘pni olis burchakka aniq yo‘naltirdi. Ammo Argentinadan kelgan muxlislarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Videohakamlar Kovachni monitor qarshisiga chaqirdi. Videotakrorda Due Koke bilan kontakt tufayli yiqilgani oydinlashdi.

«Atletiko» o‘yinga intriga qaytarish uchun to‘liq kuch bilan oldinga tashlandi, ammo 78-daqiqadagi voqea o‘yin taqdirini hal qildi. Langle hakam bilan bahslashgani uchun ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi. «Atletiko» bir kishi kam bo‘lib qolganida ham hisobni qisqartirish uchun yaxshi vaziyatga ega bo‘ldi, ammo Syorlot besh metr masofadan gol urolmadi. «PSJ» esa darhol jazoladi – Mayulu jarima maydonida o‘ziga kelib qolgan to‘pni darvozaga to‘g‘ri yo‘naltirdi.

Luis Enrike jamoasi yana bir katta jamoani yirik hisobda tor-mor etdi. «PSJ»ning so‘nggi hujumida Le Norman to‘p yo‘lini qo‘li bilan to‘sdi – Kovach VAR ishorasidan keyin penalti belgiladi. Li Kan In 11 metrdan aniq zarba berdi.

KJCh. 1-tur. S guruhi
15 iyun. Tsinsinatti. «TQL Stedium»
«Bavariya» (Germaniya) — «Oklend Siti» (Yangi Zelandiya) 10:0

Gollar: Koman (6, 22), Boe (18), Olise (20, 45+3), Myuller (45, 89), Musiala (68, 73 penalti, 84).
«Bavariya» — Noyyer, Buy, Ta, Stanishich (Aznu, 82), Gerreyru (Upamekano, 61), Kimmix, Pavlovich, Olise (Karl, 46), Myuller, Koman (Gnabri, 46), Keyn (Musiala, 61).

«Bavariya» yarimhavaskor bo‘lgan «Oklend Siti»ga qarshi asosiy tarkibni tushirdi va natija ham shunga yarasha bo‘ldi. Ayrim a’zolari asosiy ishidan ruxsat bo‘lmagani uchun aralash tarkibda kelgan oklendliklar esa ilk daqiqalardanoq to‘liq tarkib bilan jarima maydoni atrofida joylashdi. Favorit dastlabki to‘rt daqiqa davomida to‘pni olib yurdi va qat’iy hujum uyushtirdi. Koman ikki bor boshda zarba yo‘lladi. Birinchi urinishni darvozabon Treysi qaytardi, ikkinchisida ilojsiz qoldi: Kimmix to‘pni burchakdan oshirib berdi, hech kim qo‘riqlamagan Ta to‘pni darvozabon hududiga tashlab berdi, Kingsli osonlik bilan hisobni ochdi.

Myunxenliklar bosim o‘tkazib, vaziyatlar yaratishda davom etdi va Boe, Olise, Koman va Myuller o‘z vaziyatlaridan foydalandi - 6:0. Jamoalar tanaffusga bundan ham yirikroq hisobda yo‘l olishi mumkin edi, ammo darvozabon shu kuni imkon qadar yaxshi harakat qildi.

Ikkinchi bo‘limda maydonga Gnabri va 17 yoshli Karl tushirildi. Treysi qutqarishda davom etdi va Gnabrining xavfli zarbasini qaytardi.

«Bavariya» futbolchilari vaziyatlarni ko‘kka sovurishda davom etishdi, ammo ikkinchi bo‘limda Keynning o‘rniga tushgan Musialaning o‘zi uchta gol urdi. O‘yin oxirida esa Myuller dubl rasmiylashtirib, hisobni 10:0 ko‘rinishiga keltirdi.