Eldor Shomurodov atrofidagi mish-mishlar. U yozda «Roma»ni tark etadimi?
Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news

Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Italiyaning «Roma» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov yozgi transfer oynasida klubini o‘zgartirishi kutilyapti. Unga Turkiya, Fransiya va AQSh chempionati vakillaridan jiddiy takliflar bor. Ayrim turk manbalari futbolchi yaqin vaqt ichida Istanbulning «Bashakshehir» klubi bilan shartnoma imzolashi haqida yozyapti.
Foto: R. Ramaccia/Presse Spors
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Italiyaning «Roma» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov yozgi transfer oynasida yangi klubga o‘tishi mumkin. Rim klubi rahbariyati futbolchining ketishiga qarshi emas, chunki Shomurodovning amaldagi shartnomasi 2026 yil iyunida yakunlanadi.
AQSh chempionati
Dastlab Fransiyaning L’Équipe nashri o‘zbekistonlik futbolchi nomi oshkor etilmagan Amerika klubidan rasmiy taklif olgani va hozirda muzokaralar olib borilayotgani haqida yozdi.
Hujumchining MLS’ga ko‘chib o‘tishi borasidagi mish-mishlar ilgari ham tarqalgandi. O‘tgan yili AQShning «Atlanta Yunayted» klubi unga qiziqish bildirgan, biroq transfer noma’lum sabablarga ko‘ra amalga oshmagandi.
Shuningdek, Eldorga Kanadaning «Toronto» klubi ham qiziqish bildirgandi.
Turkiya chempionati
Payshanba kuni mashhur jurnalist Yakub Chinor o‘zining X’dagi sahifasida Shomurodov Istanbulning «Bashakshehir» klubi bilan shartnoma imzolash uchun Turkiyaga yetib borgani haqida xabar berdi.
Manba futbolchi ayni paytda Istanbulda bo‘lib turganini, u klub bilan har tomonlama kelishuvga erishgani va yaqin kunlarda rasmiy shartnoma imzolanishi kutilayotganini qayd etgan.
«Bashakshehir» «Roma» bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanib, futbolchining xizmatlari uchun 7 million yevro miqdorida to‘lov taklif qilgan.
Avvalroq Turkiyaning Gazetaarena nashri ham 29 yoshli hujumchi «Bashakshehir» bilan shartnoma imzolashga yaqin turgani haqida yozgandi. Shuningdek, futbolchiga Turkiyaning boshqa klublari: «Galatasaroy», «Fenerbahche», «Beshiktosh» va «Trabzonspor»dan ham takliflar bo‘lgan.
Fransiya chempionati
Fransiyaning mashhur nashri Footmercato’ning xabar berishicha, o‘zbekistonlik forvardga «Renn» klubi ham qiziqish bildiryapti.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Loik Dizerining o‘zi hujumchi transferi bo‘yicha Rim klubiga so‘rov yuborgan. Dizeri «Renn» jamoasining sport direktori hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Shomurodov 2021 yildan beri Italiya A seriyasida faoliyat olib boryapti. O‘tgan davr mobaynida u «Jyenoa», «Roma», «Spetsiya» va «Kalyari» jamoalarida to‘p tepdi. 29 yoshli hujumchi A seriyada jami 119 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Uning hisobida 19 ta gol va 13 ta golli uzatma bor. Xususan, yakunlangan mavsumda Eldor «Roma» safida 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol va 5 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 5 million yevroga baholayapti.