Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy xokkey jamoasini tarixiy yutuq bilan tabrikladi
Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news

Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news
Xokkeychilar birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etib, o‘z divizionida g‘olib bo‘ldi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy xokkey jamoasini jahon chempionati IV divizionida birinchi marta ishtirok etgani va g‘alaba qozongani bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Qayd qilinishicha, O‘zbekiston milliy jamoasi xalqaro maydonda ajoyib natija ko‘rsatdi. Armanistonda o‘tkazilgan jahon chempionatida xokkeychilar o‘z divizionida g‘olib bo‘lib, kelgusi mavsumda uchinchi divizionda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Bundan oldin, mart oyida Tailandda bo‘lib o‘tgan 18 yoshgacha bo‘lgan xokkeychilar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham terma jamoa g‘alaba qozongan edi.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘zbekistonliklar 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z tarixida birinchi marta umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
«Bu yutuqlar, eng avvalo, yigit-qizlarimizning tinimsiz mehnati, yuksak mahorati, mustahkam irodasi va matonati tufaylidir. Bunda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor va tizimli davlat siyosatining ham alohida o‘rni borligini ta’kidlash joiz. Mamlakatimizda sport infratuzilmasi sezilarli darajada yaxshilandi, yangi maktablar ochilmoqda, sportchilarning professional rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Davlat rahbari xokkeychi va yengil atletikachilarni yuksak zafarlar bilan tabriklab, ota-onasi, ustoz va murabbiylariga samimiy minnatdorlik izhor etadi», deyiladi xabarda.