Eldor Shomurodov – yana bir bor «Roma»da oyning eng yaxshi futbolchisiga aylandi
Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news

Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news
«Yuventus» va «Verona»ga gol urgan, «Inter»ga qarshi o‘yinda g‘alaba goliga hammualliflik qilgan hujumchi muxlislar tomonidan oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
«Roma» klubi aprel oyi yakunlariga ko‘ra, oyning eng yaxshi futbolchisi nomi uchun ovoz berish yakunlarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Eldor Shomurodov joriy mavsumda ikkinchi bor Rim klubida oy futbolchisi deb topildi. O‘zbekistonlik hujumchi klub rasmiy saytidagi ovoz berish jarayonida 4 nomzod orasida eng ko‘p ovoz to‘plab, oy laureatiga aylandi. Muxlislar tanloviga ko‘ra, u Soule, Svilar va Ndikani katta farq bilan ortda qoldirgan.
Aprel oyida «Roma» A seriya doirasida to‘rtta o‘yin o‘tkazdi, avvaliga «Yuventus» va «Latsio» kabi jiddiy raqiblarga qarshi o‘yinlarda durang hisoblar (1:1, 1:1) qayd etildi, keyin «Verona» hamda turnir jadvali peshqadami «Inter» minimal hisoblarda mag‘lub etildi (1:0, 1:0).
«Yuventus»ga qarshi o‘yinda Shomurodov zaxiradan tushib hisobni tenglashtirgandi, «Latsio»ga qarshi o‘yinda ham u ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi va faol harakatlari bilan ajralib turdi.
«Verona»ga qarshi o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshlagan o‘zbekistonlik hujumchi 4-daqiqadayoq g‘alaba golini urdi, «Inter»ga qarshi o‘yinda ham ilk daqiqalardan harakatlanib, Soulening o‘yinda yagonaligini saqlab qolgan goliga uzatma berdi.
Klaudio Raniyeri boshqaruvidagi jamoa 18 turdan buyon yutqazmayapti va mavsum yakuniga 4 tur qolganida YeChL uchun kurashni davom ettirmoqda, ayni vaqtda 60 ochko jamg‘argan va 6-o‘rinda joylashgan «bo‘rilar» asosiy yevrokubokka yo‘llanma beruvchi so‘nggi to‘rtinchi o‘rindagi «Yuventus»ni ikki ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. Rimliklar keyingi turda «Fiorentina»ni qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov fevral oyida ilk bor «Roma»da oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.