«Cho‘ksang kattaroq dengizda cho‘k». Gulerning onasi, Madriddagi sarguzashtlari va zilziladan omon qolgan muxlisi haqidagi hikoyasi
Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news

Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news
Foto: Gokhan Balci/Anadolu via Getty Image
Abduqodir Husanov misolida bizga futbol markazi bo‘lmagan mamlakatlardan top-klublarga borish hikoyasi juda yaqin. Shu tomondan, turkiyalik futbolchi Arda Gulerning «Real»dagi sarguzashtlari, uning bu yo‘lni qanday bosib o‘tgani va kelajagi haqidagi tasavvurlarini o‘qish hamma uchun qiziq bo‘lsa kerak. 20 yoshli futbolchi yaqinda The Players Tribune portaliga intervyu berdi va mazkur platforma uslubida o‘z hikoyasi bilan bo‘lishdi. E’tiboringizga Ardaning hikoyasini havola qilamiz.
«Sizlarga o‘z hikoyamni aytib berish vaqti keldi. To‘lig‘icha.
Futbol mamlakati sifatida kelajagimiz haqida ko‘p o‘ylayman va tabiiyki, aytib beradiganim ko‘p yoshlarga ilhom berishiga ishonaman, har qanday orzuga yetishish mumkinligini ko‘rsatishni istayman. Atigi bir necha yil oldin men ham sizlardan biringiz edim...
Kulgili, o‘n ikki yoshimda dardim playstation olish edi. Buni qanchalik orzu qilganimni tasavvur ham qila olmaysiz. Dadamga har kuni yolvorar, butun fikrim FIFA17 o‘yini bilan bog‘liq bo‘lgan.
Aslida bolaligimda kompyuter o‘yinlariga uncha qiziqmas, doim ko‘chada to‘p tepishni afzal bilganman. Kunlardan bir kuni o‘rtoqlarimdan biri yangi playstation oldi va u yerda FIFA17 ham bor edi. Ohho, hayotimning eng go‘zal kunlaridan biri – Aleks Hanter bilan karera modida o‘ynash esa dahshat!
Aleks Hanterni eslaysizmi? Balkim tanimassiz ham. FIFA17’da shunaqa bir bo‘lim bor edi – Aleks ismli hech kim tanimaydigan bolakay o‘laroq boshlaysan va maqsading katta klublar bilan shartnoma imzolashga qadar yetib borish bo‘ladi. Agar muvaffaqiyat qozonsang, Krishtianu Ronaldu kabi futbolchilar bilan yelkama-yelka stadion tunnelidan chiqib kelasan.
Xullas, turk ota-onalarini bilasiz, dadam uzoq vaqt «shoshmay tur, ba’zi muammolar bor, hal qilib olay» derdi. Nima demoqchiligini tushunmasdim ham. Ammo bir kuni maktabdan uyga kelsam, oshxonadagi stol ustida bir paket turibdi.
– Rostanmi? – deb so‘radim.
– Albatta, – dedi dadam.
– Tinchlikmi? Lotereyadan yutdingmi?
– Yo‘q, arzoni uchrab qoldi. Bozordan oldim.
Keyin qarasam, FIFA’da o‘sha men yaxshi ko‘rgan bo‘lim yo‘q. Aleks Hanterni topolmadim. G‘alati ismlar, Krishtianu Ronalduni o‘ynatmoqchi bo‘lsam «MD White» degan qanaqadir klubni tanlashim kerak ekan. Haftalarcha mana shunaqa shaklda o‘ynashda davom etdim. Bir kuni o‘rtoqlarim kelib, bu orginal playstation emasligini aytishdi:
– Tentak, «Fenerbahche» qani, futbolchilar qani? Dadangni aldashibdi.
Hammasi kulaverib qotib qolgan, men ham ularga qo‘shilib kulmoqchi bo‘lar, ammo uyatdan yerning tagiga kirib ketgandim.
Lekin ochig‘i, nima bo‘pti, haqiqiy stadion, haqiqiy futbolchilarga ehtiyojim yo‘q, shu ham bo‘laveradi. Toshlardan yasalgan bo‘lsa ham baxtliman. Bilasizmi, turk zehni shunaqa. Nima demoqchi bo‘layotganimni anglayapsizmi? Men bir boy xonadonda dunyoga kelmadim. Bir futbolchining o‘g‘li ham emasman. Anqaradagi bir ko‘p qavatli uyda voyaga yetdim. Onam uy bekasi, otam esa inqirozga uchragan bir do‘konni yurgizadi. Nega bankrot bo‘ldi? Aslida Turkiyada so‘ralgan yuz savolning to‘qson to‘qqiztasining javobi bitta – futbol!
Keling, biroz dadam haqida gaplashamiz. Futbolni qanchalik yaxshi ko‘rardi? Aytib beray. Men hali endi yurishni boshlaganimda sharlarni chap oyog‘imning ro‘parasiga qo‘yar ekan. Sababi, men chapaqay futbolchi bo‘lishimni istagan. U shunchaki «Fenerbahche» muxlisi emas, bu jamoa bilan yashardi desak ham bo‘ladi. Bir marta derbida gol urilganida xursandchilikdan shunaqa sakraydiki, shiftdagi qandil sinib tushgandi. Boshqa bir kuni, 2010 yilda chempionlik o‘yini boy berilganda esa bir yashikni tepib oyog‘ini sindirib olgan. Shunaqa bir multfilm qahramoniga o‘xshash inson. Men butun vujudim bilan «Fenerbahche»chi bo‘lganim sababi ham u.
Maktabda Mahmud ismli jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz bo‘lardi. To‘qqiz yoshdaligimda otamga «Genchlerbirligi» akademiyasiga a’zo bo‘lishim kerakligini aytdi. Uyimizdan bir soatlik yo‘l, uzoq, shuning uchun otam avvaliga rozi bo‘lmadi. Ammo Mahmud xo‘jam menda iste’dod borligini payqagan shekilli, oxiri dadamni ko‘ndirdi. Otam har kuni meni mashg‘ulotlarga olib borar, hammasi bo‘lib soatlab vaqt ketardi. Do‘konni esa sherigiga tashlab ketishga majbur bo‘lardi. Sababi nima, bilmayman, bir kuni otam meni chetga tortib, do‘konni yopishga majbur bo‘lishayotganini aytdi. Bu bizning daromad keltiradigan yagona manba edi. Keyinchalik otam yangi do‘kon ham ochdi, ammo shuni eslaymanki, ma’lum vaqt o‘tib «Fenerbahche» meni chaqirganida fikrimiz faqat futboldan iborat bo‘lmagan – pulimiz yo‘qligi ham katta masala. Shunda ham shukr qilaman, yegani noni yo‘q, yotgani joyi yo‘q bolalar ham bor, har holda qornim hech qachon och qolmagan.
Bir qarorga kelishimiz uchun uch oy vaqt o‘tib ketdi. Axir bunday qarorlar insonning butun hayotiga ta’sir qiladi, to‘g‘rimi? Men endigina o‘n uch yoshdaman, dadam uydan uzoqda bo‘lishimni istamaydi. «Fenerbahche»da o‘ynash buyuk orzum, ammo o‘ziga yarasha tavakkalchilik borligini hammamiz tushunib turardik. O‘zi professional futbolchi bo‘la olamanmi, yo‘qmi, bunga ham amin emasmiz aslida.
«Cho‘kadigan bo‘lsang, kattaroq dengizda cho‘k», – dedi oxiri dadam. Demak, Istanbul!
– «Olti oy ichida hammasi o‘z yo‘liga tushib olsa, biz ham hammasini sotib oldinga boramiz».
O‘sha kuni tug‘ilgan kunim edi. Unutilmas oqshom. Onamning yig‘lagani. Ammo hammasidan ham mendan sakkiz yosh katta opamning aytganlari hech yodimdan chiqmaydi. Yo‘l oldidan mashinaga chiqayotganimda u ko‘zlarimga tikilib:
– Arda, muzxonani to‘ldirishing kerak, – dedi.
Aynan shunaqa dedi. «Arda, buni qilishing kerak». Odam o‘n uch yoshida bu borada nimalarni his qilishi mumkinligini to‘liq anglamaydi. Zavq uchun futbol o‘ynaysan, shu bilan birga, butun bir oilaning kelajagi sen bilan bog‘liq bo‘lib qolgan bo‘ladi. Istanbulga ketar ekanman, tug‘ilgan kunimga otamning sovg‘asini qo‘lga oldim. Oddiy daftar, muqovasida esa mana bu yozuv bor edi – «ARDA 10».
Ammo bilasizmi, haqiqiy hayot FIFA’ga o‘xshamaydi. Bir necha oy o‘tib Anqaraga qaytishni o‘yladim. Orzularimdan voz kechishimga oz qolgandi.
Bir narsani tushunishingizni istardim. Anqara va Istanbul bir-biridan juda farq qiladi. Anqara poytaxt bo‘lishi mumkin, ammo butun pul va imkoniyatlar Istanbulda. Masalan, bir kunga maktabimiz erkin kiyinishga izn berdi. Ertasiga ko‘rsangiz, hammaning egnida eng zo‘r markali kiyimlar. Men esa maktab formasida kelgandim.
– Arda, tinchlikmi, nima qilyapsan?
– Iyeye, esdan chiqaribman-u.
Aslida hammasi yodimda, shunchaki boshqa kiyimim bo‘lmagan.
Jamoada ham o‘zimni juda yolg‘iz his qila boshladim. Sababi, o‘zimdan bir yosh katta bolalar bilan o‘ynardim. Men bilan birga shug‘ullangan tengqurlarim ham bor, lekin faqat meni maydonga tushirishardi. Ular ham nega doim anqaralik bola o‘ynayveradi, deb men bilan gaplashmay qo‘yishdi.
Bir kuni murabbiy «Arda, sen endi sardorsan» dedi, mahalliy bolalarning jahli chiqdi. Boshqa kuni «Arda, o‘ninchi raqam senga» deyishdi, bolalar jinni bo‘lib qolishdi. Turkiyada 10-raqamning obro‘si baland, bilasiz. Yoshlar jamoalarda ham shu. Bu raqam shunchaki yaratuvchi futbolchi emas, qutqaruvchi haqiqiy. Aleks. Yo‘q, o‘yindagi emas, haqiqiy Aleks, yutubdan bir ko‘ring, pushaymon bo‘lmaysiz.
G‘ururlandim, lekin qo‘rqdim ham. Oilamni ham sog‘ingandim. Bo‘ldi, endi davom eta olmayman. Dadamga aytishga esa qo‘rqardim. Uyalardim, to‘g‘risi.
– Dadamga sms yozvor, Arda o‘zini yaxshi his qilmayapti, de, – xonadoshimdan iltimos qildim.
– Nega? Rostanmi?
– Ha. Yordamga muhtoj deb yoz.
Foydasi bo‘ldi. Bu xabardan keyin men bilan yashash uchun Istanbulga ko‘chib kelishdi. Uy sotildi, do‘kon yopildi, do‘stlarini tark etdilar. Butun hayotlarini kichik o‘g‘illariga tikdilar. Mabodo muvaffaqiyat qozona olmasam, tamom bo‘lamiz.
Adashmasam, 2021 yilning avgusti edi va Vitor Pereyra meni ilk bor asosiy jamoaning «HIK» bilan o‘yini uchun qaydnomaga kiritdi. Jarohatlanganlar ko‘p edi, birinchi bo‘lim tugagach, Filip Novak ham maydonga tusha olmaydigan bo‘lgach, Pereyra zaxira o‘rindig‘iga qaradi: uch kishi qolgandik, birinchisi darvozabon, ikkinchisi ham darvozabon, uchinchisi futbolchiga o‘xshab ketadigan o‘n besh yoshli yigitcha, ya’ni men.
«Arda, tayyorlan».
Hayajon shu qadar ediki, axir bu o‘yin emas, butun vujudim titray boshladi. Birdaniga ikkinchi orzumni esladim – «Fenerbahche» safida jarimadan gol urish.
Qarangki, jarima maydoni tashqarisidan jarima to‘pi tepadigan bo‘ldik. Ammo bunday zarbalarning egasi argentinalik Sosa ekanini ham bilaman. Albatta, tentak emasmanku, Sosa bilan jarima to‘pini talashgani, to‘g‘rimi? Yo‘q, balki rostanam tentak bo‘lsam kerakki, uning yoniga bordim. Menimcha, u biroz hayron qoldi. Sosa turkcha bilmaydi, men ispancha. Shuning uchun inglizchalab, «tepsam maylimi?» dedim. Sosa indamadi.
«Sen tepasanmi, menmi?» – dedim yana.
Sosa jim.
«Menmi, senmi?»
Birdan butun tribuna jonlanib ketdi. Stadion kamerasi yuzimni yaqin ekranda ko‘rsatayotgandi. Men tepmoqchi bo‘layotganimni stadiondagilar bildi va o‘n besh yoshli bolaning bu jasorati ularga yoqib qolgandi. Lekin Sosachi? Albatta, bosh rolda u, to‘pniyam u tepdi. Lekin muxlislarning o‘sha ondagi quvvatlashini hech unutmayman.
O‘yindan keyin stadion tashqarisida otam va onamni ko‘rdim. Onam yig‘layapti ekan – «Arda, uddalading».
Otam gapirmadi. Asabiyroq edi. Peshonasi qizarib ketgandi.
– Dada, yoqmadimi o‘yin?
– Sosani qara! Nega senga tepgani bermadi?
– Lekin, dada...
– Sen tepganingda gol bo‘lardi, aminman.
Bilasiz, insonlar turk muxlislarini haddan tashqari futbol jinnisi deyishadi. Lekin bu kalima ham yetarli emas. Oddiy misol aytaman.
Bir kuni «Fenerbahche» muxlisi bo‘lgan o‘rtog‘im «Galatasaroy» bilan derbiga borgan. Surunkali kasalligi bor, har bir necha soatda dori ichib turishi shart. Hakam bizga penalti bermagach, atrofida hamma maydon tomon nimadir ota boshlagan. Suv idish bo‘ladimi, shokoladmi, farqi yo‘q, kim nima topsa xullas. O‘rtog‘im qarasa hech narsa yo‘q, cho‘ntagidan haligi bir quti dorini chiqaradi. Biroz qutiga tikilib turadi-da, ha, dorisiz yashay olmaydi, ammo «Galatasaroy»ga bo‘lgan nafrati kattaroq – qutini maydonga qarata otgan, tasavvur qilyapsizmi? O‘sha kecha soatlab shaharda dorixona izlaganini ham gapirib bergan, menimcha faqat turk insoni buni tushunishi mumkin xolos.
Onamning juda ko‘ngli bo‘sh, men haqimda hammasini o‘qiydi, ayniqsa, «Galatasaroy» muxlislarining yomon gaplari ta’sir qiladi. «Nega seni yaxshi ko‘rishmaydi?» deb tushunmaydi. O‘z uyimizda o‘ynagan bahslardan so‘ng odamlar uning oldiga kelib, minnatdorchilik bildirganida boshi osmonga yetadi. Shuni unutmanglar, bolalar, dunyoda futboldan muhimroq ikki narsa bor – Alloh va oila. Ayniqsa, ona.
2021 yil avgustidagi bir telefon qo‘ng‘irog‘i esimdan chiqmaydi.
«Arda... Oying. Yuragida muammo bor. Tezda operatsiya qilinishi kerak».
Bunaqa paytlarda futbol xayolingdan butunlay o‘chib ketadi. Dunyo teskari bo‘ladi.
Operatsiyaga tayyorgarlik paytida mening «Qosimposho»ga ikki gol urganimni tomosha qildi. Qarindoshlarimdan biri kasalxonada sevinchdan yig‘layotgan onamning videosini jo‘natgandi. Kiyim almashtirish xonasida videoni tomosha qilar ekanman, shu qadar qo‘rqdimki... Har bir on so‘nggi daqiqa bo‘lishi mumkinligini anglab yig‘layotgandi onam. Men ham yig‘ladim, rostan ham o‘lib qolishi mumkinligini o‘yladim.
Ertasiga klubga keyingi o‘yinda tusha olmasligimni aytdim. Hayotimda ilk marta to‘pga tegishni istamayotgandim. «Fenerbahche» holatni to‘g‘ri tushundi, klub boshlig‘i Ali Koch eng yaxshi shifokorlarni topib berdi, operatsiya muvaffaqiyatli kechdi va onamning ahvoli yaxshilandi.
Oradan ikki oy o‘tib, Kiyevning «Dinamo»si darvozasiga gol urdim va futbolkani yuqoriga ko‘tardim va ostidagi yozuvni dunyoga namoyish qildim: «onajon, seni juda yaxshi ko‘raman».
2022 yilda O‘zil «Fenerbahche»dan ketgach, 10-raqamni yangi keladiganlardan kimdir olsa kerak, deb o‘ylagandim. Bu uchinchi orzum, lekin shu paytgacha bu haqida o‘ylamaganman. Axir O‘zil mening kumirim, doim menga nisbatan juda yaxshi munosabatda bo‘lgan. Ilk kunlardan hol-ahvol so‘rardi, do‘st bo‘lishimizga ham ilk qadamlarni u tashlagan. Buning ustiga endigina o‘n yetti yoshdaman, bu raqamni so‘rab olish qiroldan toj so‘rashdek gap. Ammo murabbiylar menga «Arda, agar jasorating yetsa, sen bu raqamni olishing mumkin, o‘ylab ko‘r» deyishdi. O‘ylab ko‘rishim uchun roppa-rosa bir soniya kerak bo‘ldi – «Olaman!»
«Dinamo»ga qarshi o‘yinimdan ikki hafta o‘tib, ijtimoiy tarmoqlarda bir xabar o‘qib qoldim: «Arda Guler Turkiya milliy jamoasiga chaqirildi».
Menga aytishmagandi ham. Birinchi o‘yinimiz Diyorbakirda Shotlandiyaga qarshi edi. Zaxira o‘rindig‘ida o‘tirarkanman, muxlislar tinmay meni chaqirishayotganini eshitardim. Men uchun juda muhim, nima desam ekan, «Fenerbahche»dagi o‘yinlarimda nafaqat jamoa muxlislari, balki raqib jamoa muxlislari, ba’zida raqib klub rahbarlari ham maydonga tushishimni so‘rashganini eshitganman. Hammasi uchun minnatdorman.
So‘ng hammasi tez sodir bo‘la boshladi. Martda Turkiya milliy jamoasiga chaqirilgan bo‘lsam, keyingi oylardan turli transfer takliflari chiqa boshladi. Ammo meni rostan ham hayajonga soluvchi bir taklif bo‘lmaguncha, hech qaysinisini o‘ylab ko‘rishni ham xohlamadim.
Iyun oyida otam yangi taklif bo‘yicha gaplashmoqchi ekanini aytdi.
– Dada, avval ham aytdim-ku, o‘sha taklif bo‘lmasa, eshitishni ham istamayman.
– Arda...
– Nima deysiz?
– Real Madrid!
«Real» Madrid. To‘rtinchi orzum. Bunchalik tez bo‘lishiga ishonish mushkul. O‘sha yoz Madridga borishga biroz ertami yoki yo‘qmi, dadam bilan uzoq gaplashdik. Aslida hammasi chalkash, Yevropadan boshqa takliflar ham bor, nima qilishimni bilmasdim. Ammo keyin Karlo Anchelotti bilan videoli so‘zlashuv bo‘ldi. Ekranda raqami chiqib, video paydo bo‘lguncha o‘tgan onlar...
– Salom, Arda, qalaysan?
U ham ta’tilda ekan. Hayajonda hammasini eslab qololmadim albatta, Karlo Hawai rusumli ko‘ylak kiyib olgani, peshonasida qora ko‘zoynak, nimadir ichib o‘tirgani esimda.
«Arda, bu yerda buyuk kelajaging bo‘ladi. Balki ilk mavsumda emas, ammo senda fursat yetarli bo‘ladi. Modrich va Kroosning yoshi o‘tyapti, balki seni markazda o‘ynatishimiz mumkin».
Ismim Modrich va Kroos bilan birga tilga olinishi fantastika. Gapira olmadim. Keyin Karlo mendan Madridga kelishga so‘z berishimni so‘radi va bir necha marta takrorladi.
– Tabiiyki, afandim, – deya oldim.
– Yana gaplashamiz. Hozir rafiqamning oldiga borishim kerak.
Ha-ha-ha, Karlo Anchellotti o‘yinni qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tkazdi. Telefonni o‘chirib dadamga yuzlandim va qaror qabul qildik – «cho‘ksang kattaroq dengizda cho‘k».
«Real»... O‘yinda Aleks Hanter bo‘lishga pulimiz yetmagandi, endi haqiqatda Aleksga aylanishga majbur bo‘ldim.
Ilk kunlardan Anchelotti men uchun ota kabi bo‘ldi. Ammo qiziq tomoni, u doim men bilan hazillashar, dunyoning eng buyuk klubiga qo‘shilgan men uchun qaysi biri jiddiy, qaysi so‘zlari hazil ekanini anglolmay qiynalardim.
Bir kuni Anchelotti menga:
– Raul «Kastilya»ning texnik direktori. Agar uni ko‘rib qolsang, salom ber. Raulni taniysan-a? – dedi.
Albatta, Raulni taniyman. Afsona. Ertasiga mashg‘ulotlardan keyin bir odam yonimizga keldi.
– Arda, bu Raul, – dedi Anchelotti.
Lekin tushunsangiz kerak, afsonalarni ilk bor jonli ko‘rganingizda haqiqatga o‘xshamaydi. To‘g‘risi, Raul «Real»da o‘ynab yurganida men juda yosh edim, uning gollarini ko‘proq yutubda ko‘rganman. Anchelotti kuldi va men darhol u yana mazax qilyapti, deb o‘yladim.
- Opqochmang, afandim, uzrku, lekin bu Raul bo‘lishi mumkinmas.
Anchelotti kulib «ofarin» desa kerak deb kutib tursam, jiddiylashdi va «Qanaqasiga Raul emas?» dedi. Keyin Raul menga qarab:
– Men Raul Gonsales, tanishganimdan xursandman, – dedi.
Men hech yon beray demasdim. Keyin biroz o‘tib Anchelotti Toni Kroosni chaqirdi.
– Toni, bu Raulmi?
– Albatta, bu nima gap?
Men haliyam ishonmayotgandim. Katta hazil bo‘lyapti bu yerda. Keyin Modrichni chaqirishdi.
– Luka, bu Raulmi?
– Tabiiyki, Raul.
Qo‘rqa boshladim. Telefonlarini olib Raulning rasmlarini ko‘rsata boshladilar. Nihoyat yengildim va «rostanam Raul ekansiz, tanishganimdan xursandman» dedim. Hamma Turkiyadan kelgan yigitchaning ustidan kulayotgandi. Hatto Anchelotti ham. Uyga borib nima bo‘lganini gapirib bersam, hamma menga qarab, «Arda, sen ahmoqsan» deyishdi. Nachora, Madriddagi ilk haftam shunday o‘tdi. Yomon emas, Arda.
Kelganimda, Alaba va Ryudiger biroz turkcha tushunishardi. Berlin va Venada turk muhojirlari ichida ulg‘ayishgan ekan. Alaba «Galatasaroy» muxlisi, Kurtua esa Arda Turon bilan o‘ynagani uchun ba’zi so‘zlarni bilar ekan. Tabiiyki, yomon so‘zlarni.
Eng qizig‘i, Turkiyada biz yoshi kattalarni hurmat qilib «abi» deymiz va bu so‘zning ma’nosi «aka» demakdir. Madaniyatimizga singib ketgan. Shuning uchun Modrichni shunchaki «Luka» deyishim mumkin emas, axir u otam tengi inson bo‘lsa. Shuning uchun unga bir kuni «Salom, Luka abi» dedim. Ehhe, Alaba, Ryudiger, hamma buni o‘zlaricha tushunishdi va menga ham «xayrli tong, abi» deyishni boshlashdi. Mana senga tayyor laqab, endi almashtirishning iloji yo‘q, juda kech. Rasman jamoada «Arda abi» bo‘ldim.
Lekin bilasizmi, bir jamoaga to‘liq oid ekaning ko‘proq maydonda bilinadi, gol urganda, muhim uzatmani amalga oshirganingda. Masalan, bir o‘yinda jarima zarbasi belgilanganda men zaxirada o‘tirgandim. Modrich men tomon o‘girilib, «Arda, senbop nuqta ekan» dedi. Boshqa bir kuni birinchi bo‘limdan keyin yutqazayotgandik, u menga «tayyor turaver, sen tushirilsang kerak» dedi. Bunday kichik voqealar ham ta’sir qiladi. Klub afsonasi, butun davrlarning eng yaxshi yarimhimoyachilaridan biri men o‘yinni o‘zgartirishim mumkinligiga ishonyapti axir.
Turklar asosiy tarkibda tushishimni juda istashadi. Men ham istayman, shu bilan birga sabrli bo‘lishim kerakligini ham bilaman. Anchelottiki menga dunyoning eng yaxshi yarimhimoyachilaridan biri bo‘lishim mumkinligini aytayotgan bo‘lsa, demak klubning ham men bilan bog‘liq rejalari bordir.
Ammo zaxirada o‘tirish ham oson emas. Chempionlar Ligasini yutganimizda kubokni ko‘tarishga chin yurakdan oshiqmadim, chunki maydonga ko‘p tushmagandim. Shuning uchun Anchelotti bayramda menga mikrafonni tutqazganda uyaldim. Avtobus tepasiga chiqish niyatim ham yo‘q edi aslida, rosa charchaganman. Ikki o‘rtog‘im sms yozgandi – «Arda, qayerdasan?»
Men pastroqda Kroos va Modrich bilan gaplashib turgandim. Modrich mendan Mourinio rostan ham «Fenerbahche»ga o‘tyaptimi, yo‘qmi, qiziqayotgandi. Do‘stlarim esa, «jinni bo‘lib qoldingmi, sen Chempionlar Ligasini yutding, chiq tepaga» deb qo‘yishmadi. Men shunaqaman. Chempion bo‘lish yetarli emas, bunga haqli ekanimni ham isbotlashim kerak.
Shu tufayli Yevropa chempionati boshqacha hissiyotlar taqdim etdi. Gurjiston darvozasiga gol urganimdan so‘ng telefonim portlab ketdi – layklar, obunachilar, xabarlar, tabriklar, smayliklar. Portugaliya bilan o‘yin oldidan esa hayajon yanada ortdi. O‘yindan keyin Ronaldu bilan gaplashsam kerak, degan fikr bor edi. Uni juda hurmat qilaman. O‘sha kuni Marca gazetasi sarlavhani bopladi: «Arda Krishtianuga ko‘rsatib qo‘yadi!» E-voh!
Haqiqat shuki, Krishtianu bilan bir maydonda o‘ynash men uchun faxr. The Last Dance hujjatli filmini ko‘rdingizmi? Krishtianu xuddi Maykl Jordan kabi. Tanqid va haqoratlar unga motivatsiya beradi. Portugaliya 3:0 hisobida yutdi va Krishtianu o‘yindan keyin hech kim bilan gaplashmadi.
Bir necha kun o‘tib uning nimalarni his qilganini o‘z tanamda angladim. Keyingi raqibimiz Avstriya edi va bir videoda avstriyalik muxlislar meni haqorat qilishayotganini ko‘rdim. Shokdaman, nega men haqimda bunaqa narsalar aytishadi?
Ammo keyinroq, Jorjye Jyezus meni haftalab «Fenerbahche» tarkibiga qo‘shmagan paytlarni xotirladim. Jarima to‘plarini mashq qilish uchun jamoa ikkiga bo‘linar, men ikkisida ham yo‘q bo‘lardim. Bir o‘zim burchak to‘plarini mashq qilib vaqt o‘tkazardim. Rosa yomg‘ir yoqqan kun, uyga qaytib yig‘laganim esimda. O‘sha kuni o‘zimga so‘z berdim – hech qachon ojiz bo‘lmayman.
Odamlar meni kreativ o‘yinchi sifatida bilishadi, ammo shu bilan birga bir kurashchi hamman.
Meni zaxiraga olasizmi? Ko‘proq shug‘ullanaman.
Men haqimda yomon gaplar aytasizmi? Sizni ezib o‘tib ketaman.
O‘sha avstriyaliklarning videosini ko‘rganimda Maykl Jordanga aylangan ham men edim. Ikkinchi golimizga assistni amalga oshirgach, avstriyalik muxlislar tomonga qaradim – «minnatdorman!»
Ryudiger jahl bilan o‘ynaganimni sezibdi, Ryudigerki buni sezgan ekan, to‘g‘ri yo‘lda ekanman. «Fenerbahche»ning yoshlar tarkibida o‘ynab yurganimda ham sheriklarimga tinmay yo‘l ko‘rsatib turardim. O‘zimni tutib turolmayman. Jim o‘ynasam, o‘yinim chiqmaydi. Yetakchi bo‘lishni istayman. Barcha jarima va burchak to‘plarini men tepishim kerak. Sosa beydan so‘rang, ishonmasangiz.
Aslini olganda, «Real»da o‘ynash qiyin emas. Aniq bilasanki, agar yugursang, Modrich seni ko‘radi. Yomon uzatma qilsang ham Vinisius uni golga aylantirishi mumkinligini bilasan. Eng qiyini ispancha o‘rganish, havolanib ketmaslik. Shuning uchun oilamning har oy oldimga kelishi va onamning nuqul «xonangni yig‘ishtir» deb koyishi foydali. Menga o‘zimni eslatib turadi.
«Futbolchi bo‘lmaganingda ahvoling chatoq edi», – deb qo‘yadi onam.
Nima bo‘lgandayam, muzxona to‘la.
Anqaradan ketganimdan bu yergacha yetib kelishimda yordam bergan insonlarning ismlarini tug‘ilgan kunimda otam sovg‘a qilgan daftarga yozishda davom etaman. Yigirmadan o‘tdi raqam. Onam, otam, opam, o‘rqtoqlarim, murabbiylar, boshliqlar, jismoniy tarbiya o‘qituvchim Mahmud, onamning hayotini saqlab qolgan shifokorlar...
Kim bo‘lishingdan qat’i nazar bir o‘zing muvaffaqiyat qozona olmaysan.
Shu yil boshida yigirmaga to‘ldim. Daftarimda haliyam ro‘yobga chiqishini kutayotgan orzularim bor. «Real»da muhim futbolchi bo‘lishni istayman. Chempionlar Ligasini maydonga tushib chinakamiga yutishni xohlayman. Bu jamoada ham o‘ninchi raqamni olishni orzu qilaman.
Hammasidan ham oldin, turk futbolining yangi avlodiga yo‘l ko‘rsatishni xohlayman. Turk futbolining umidi ekanimni bilaman, ammo yolg‘iz bo‘lishni ham istamayman. Hammaning yo‘lini ochishni xohlayman.
Uyga borganimda, sizlar bilan ko‘rishganimizda qanchalik baxtiyor ekaningizni ko‘rish menga juda yoqadi. Madridda turib ham mehringizni his qilaman.
2023 yil zilzilasiga oid etlarimni jimirlatib yuborgan bir video bor. «Fenerbahche»da ko‘p o‘ynamayotgan davrlarim edi. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ikki qutqaruvchi yer tagidan yangi olib chiqilgan bir bola bilan birga. Bolakay yotibdi, hammayog‘i o‘ralgan, lekin boshi tashqarida. Atrof shovqin, sirenalar ovozi. Bola kamida bir necha kun beton bloklar ostida qolgan, o‘laman deb o‘ylagan va men uchun so‘zlari bor. Tasavvur qilyapsizmi, shunaqa bir onda ham meni o‘ylagan. O‘sha so‘zlarni hech unuta olmayman.
«Arda Guler abi, seni juda yaxshi ko‘raman. «Fenerbahche»ni qutqarishda davom etdi. Abi, murabbiyga ayt, seni ko‘proq o‘ynatsin».
Shu onda ikki qutqaruvchidan biri kameraga menga qarata shunday deydi: «Biz yengilmadik, sen ham yengilma».
Bu so‘zlarni eshitgach, qanday qilib to‘xtashim mumkin, ayting?
Turkiyadagi orzusi bo‘lgan har bir bolaga yuzlanaman:
«Bitta to‘p oling va tashqariga yuguring. O‘zingizni dunyoning egasi o‘laroq his etishni boshlaysiz».
Hurmat bilan, Arda».