Prezident Kapadzega qo‘ng‘iroq qilib, futbolchilarni mundial yo‘llanmasi bilan tabrikladi - video
Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news

Sport yangiliklari, Спорт янгиликлари, Новости спорта, Sports news
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadzega qo‘ng‘iroq qilib, o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan futbolchilarga tabrik yo‘lladi. Shuningdek, FIFA prezidenti Janni Infantino ham o‘zbekistonlik futbolchilarni tabrikladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadzega qo‘ng‘iroq qilib, o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan futbolchilarni tabrikladi.
Avvalroq, davlat rahbari muqaddas Qurbon hayiti kunlarida xalqimizga bayram sovg‘asi sifatida olib kelayotgan ushbu unutilmas tarixiy g‘alaba barchamizga muborak bo‘lsin, deb tabrik so‘zini yo‘llagan edi.
Shuningdek, FIFA prezidenti Janni Infantino futbol bo‘yicha O‘zbekiston jamoasini 2026 yilda Kanada, Meksika va AQShda bo‘lib o‘tadigan FIFA Jahon chempionati tarixiy yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bilan tabrikladi.
«O‘zbekiston FIFAga 1994 yilda a’zo bo‘lganidan buyon Olimpiada o‘yinlari, yoshlar o‘rtasidagi bir nechta FIFA musobaqalarida ishtirok etib, munosib natijalar ko‘rsatib kelmoqda. Endi esa ajoyib saralash bosqichidan so‘ng sizlar haqli ravishda kelasi yozda o‘tkaziladigan mundialda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldingiz. Dunyo bo‘ylab millionlab muxlislar «Oq bo‘rilar»ning jahon sahnasidagi debyutini intiqlik bilan kutishmoqda», — deyiladi tabrikda.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi BAA bilan safarda durang qayd etib, o‘z tarixida ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston safarda olingan 1 ochko bilan o‘z hisobidagi ochkolarni 18 taga yetkazib, guruhda 2-o‘rinni kafolatladi.
Shunday qilib, O‘zbekiston 8-urinishda mundial yo‘llanmasiga ega chiqdi. Endi milliy jamoa 2026 yilda AQSh, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tadigan jahon chempionatida qatnashadi.