Hukumat qarori: Propiskasi yo‘qlar Toshkentda taksichilik qilolmaydi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Viloyatliklarga Toshkent shahrida taksichilik qilish taqiqlandi. Bu haqdagi qarorni Vazirlar Mahkamasi 2 oy oldin muhokamaga chiqarmasdan, imi-jimida qabul qilib yuborgan. Propiska cheklovlari amalda bo‘lgan davrlarni eslatuvchi bu taqiq faol jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Foto: Kun.uz
11 iyun kuni ertalab ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan: “Endi hamma o‘zining viloyatida taksichilik qiladi” degan xabar rost bo‘lib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, bosh vazir tomonidan 2025 yil 2 aprel kuni imzolangan qarorga asosan, taksichilarga litsenziya varaqasini berish tartibi o‘zgartirilgan. Unga ko‘ra, endilikda avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid bo‘lsa, litsenziya faqat ana shu hudud va unga tutash hududda taksichilik qilish uchun beriladi.
Hudud deganda 14 ta ma’muriy birlik – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tushuniladi. Yangi tartibga asosan, misol uchun Andijon viloyatida berilgan, shu sababli “60” hududiy kodiga ega avtoraqam taqilgan mashinada faqat Andijon viloyatining o‘zida hamda unga tutash Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagina taksichilik qilish mumkin.
Boshqacha aytganda, bundan buyon Toshkent shahrida qonuniy taksichilik qilish uchun litsenziya olishni istasangiz, mashinangizning raqami yo 01, yoki 10 kodiga ega bo‘lishi kerak. Aks holda, litsenziya talablarini buzish yoki noqonuniy kirakashlik faoliyati uchun javobgarlikka tortilasiz. Qaror bilan, Yandex Taxi, Uklon va shu kabi agregatorlarga mazkur talabning ijrosini ta’minlash buyurilgan.
Qaror ijrosi boshlangunga qadar litsenziya olishga ulgurganlar 1 yilgacha o‘zlari xohlagan joyda taksichilik qilishi mumkin, chunki ularga litsenziya eski qoidalar asosida, 1 yil muddatga berilgan. Shu tariqa, poytaxt Toshkentda qonuniy taksichilik qilayotgan viloyatliklar soni majburiy ravishda kamaya boshlaydi. Taksi bozorida talab pasaymasdan, faqat taklifning pasayishi – narxlar oshishiga zamin yaratadi.
Bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy tanqidlar oqimini keltirib chiqardi. Faollar hukumat qarorini konstitutsiyaga zid deb hisoblamoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 67-moddasi bilan, respublika hududida mehnat resurslari, ya’ni ishchi kuchining erkin harakatlanishi kafolatlangan.
Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev yangilikni “propiska rejimining rasman qaytishi” deb ta’rifladi.
“PROPISKA REJIMI rasman qaytgani bilan hammani tabriklayman! Qanchadan qancha “qon yutishlar” orqali bir amallab yo‘qotilgan la’nati rejim taksichilar misolida yana ORTGA QAYTIBDI! Konstitutsiyaga zid bo‘lsa ham, baribir shu qarorni qabul qilishibdi. Eh, propiska rejimi bekor qilingani Yangi O‘zbekistondagi eng katta yutuqlardan biri sifatida e’tirof etilgan edi-ya... Buncha tez ortga qaytamiz, deb o‘ylamagandim.
Taksichilar – bu boshlanishi! Ertaga viloyatlik sartarosh o‘zini viloyatida sochini olsin deyishadi, viloyatlik novvoy o‘zini viloyatida non yopsin deyishadi, viloyatlik xodimlar o‘zini viloyatida ishlasin deyishadi”, – deya yozdi bloger.
Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z postida bu qarorning oqibatlarini sanab o‘tdi.
“Birinchidan, endi Toshkentda taksilar qimmat bo‘ladi.
Ikkinchidan, 2 minutda keladigan taksi 10 yoki 20 minutda kelishni boshlaydi, chunki qonuniy taksichilar soni keskin kamayadi.
Uchinchidan, endi viloyatliklar noqonuniy taksichilik qilishga o‘tadi. Ko‘chalarda qo‘l ko‘tarib turganlar ko‘payishni boshlaydi, yashirin iqtisodiyot yana gullab, yashnaydi.
To‘rtinchidan, endi qonuniy ishlamoqchi bo‘lgan viloyatliklar noiloj O‘Z MAShINASINI Toshkent propiskasi bor biron tanishining nomiga o‘tkazishga, o‘zi esa “gen doverennost” orqali yurishga MAJBUR bo‘ladi. Natijada mulkiy nizolarning yangi to‘lqini boshlanadi, tanishiga ishonib, o‘z mashinasidan ayrilib qolgan yurtdoshlarimiz ko‘payishni boshlaydi”, – deydi huquqshunos Xudoyberdiyev.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov agar qarordan maqsad Toshkent yo‘llarida tirbandlikni kamaytirish bo‘lsa, bu yechim ish bermasligini aytdi, chunki viloyatlik taksichilarni chiqarib yuborgan bilan shahar aholisining yengil avtomobildan foydalanishga bo‘lgan talabi va ehtiyoji kamayib qolmaydi. Ikkinchi tomondan, bu yerda insonlarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan bazaviy huquqi haqida gap ketyapti.
“Agar qaysidir faoliyat turida odamning kelib chiqishi sabab boshqa viloyatlarda ishlashi taqiqlansa, insonlarning konstitutsiyaviy huquqi masalasi ko‘tarilishi kerak. O‘zbekistonliklar, O‘zbekistonning istalgan xududida yashashga va mehnat qilishga bo‘lgan haqlari cheklanmasligi kerak”, – dedi Behzod Hoshimov.
Boshqa bir iqtisodchi Otabek Bakirov uning fikrlarini qo‘llab, deputatlarni Konstitutsion sudga murojaat qilishga chaqirdi. Uning fikricha, endi Toshkent shahrida taksichilik qilayotgan o‘n minglab O‘zbekiston fuqarolari oldida uchta variant qoladi: yo mashinasini sotib Rossiyaga mardikorlikka ketish, yo viloyatga qaytib, ishsizlar yoki kambag‘allar safiga qo‘shilish, yoki bo‘lmasa oldi-sotdi shartnomasi va yangi avtoraqam olish uchun kamida 5,5 mln so‘m sarflab, o‘z mashinasini toshkentlik tanishining nomiga o‘tkazish.
“Poytaxtliklar viloyatliklarni kamsitishga oid bu qarorning oqibatlarini cho‘ntaklarida sezishadi. Taksi narxlari oshadi, yo‘nalishsiz taksilar kamayadi. [...] O‘zi hududlardan kelayotgan arzon ishchi kuchi Toshkentda xizmatlar bo‘yicha narxlarni ushlab turgan kam omillardan biri, agar yagonasi bo‘lmasa”, – deya yozdi Otabek Bakirov.