softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

“1 soatda bitadigan muammoni 1,5 yildan beri cho‘zishmoqda” – Zangiotada tayyor yangi maktab ish boshlamayapti

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

“1 soatda bitadigan muammoni 1,5 yildan beri cho‘zishmoqda” – Zangiotada tayyor yangi maktab ish boshlamayapti

Batafsil o'qish:

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 5 ta mahalla uchun 1 yil oldin qurilgan yangi maktab hamon foydalanishga topshirilmagan. Bu yer fondi toifasini o‘zgartirish va boshqa hujjatlarning to‘liq shakllantirilmagani bilan bog‘liq. Hudud aholisi hokimlikning yangi maktab hujjatlarini tayyorlashdagi sustkashligidan norozi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, tuman hokimligi bir necha marotaba hujjatlarni chala holda olib kelgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Zangiota tumanida yangi qurilgan maktab byurokratik sabablar bilan ishga tushmay turibdi. Kun.uz muxbiri aholidan tushgan murojaatga asosan holatni hududga borib o‘rgandi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning 2023 yildagi tegishli qarori bilan Zangiota tumanining Farobiy mahallasida maktab qurish uchun 1,5 ga yer ajratilgan. Hozirga qadar 1 ga maydonda maktab qurilib, devor bilan ajratib qo‘yilgan. Fuqarolarning aytishicha, Zangiota tumani hokimi yer maydonining qolgan qismiga sport kompleksi qurilishini aytgan. Aholi esa u yerda qo‘shimcha maktab binosi yoki boshqa ijtimoiy obekt bo‘lishi kerakligini bildirmoqda.

Ajratilgan maydon azaldan maktab qurish uchun mo‘ljallab kelingan. Shunga qaramay, 2022 yil bu yerda kottejlar qurila boshlangan. Ayrim uylarning tomi ham yopilgan. Aholining qarshiligi bilan maktab hududi saqlab qolingan va kottejlar buzib tashlangan. Hozir yangi maktab qad rostlagan. Biroq uning hujjatlari bilan bog‘liq ishlarni joy-joyiga qo‘yishda hokimlik o‘z vazifasini bajarmayapti, demoqda aholi vakillari.

“Haqiqatan, maktab qurildi. Nimadir kamchiliklar bo‘lib, sentabrda ochilmadi. Oktyabr, noyabr deyishdi, unda ham bo‘lmadi. Mana, shu vaqtga yetib keldik. Lekin bu ketishda bu yil ham ochilishiga gumonimiz bor-da. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Oxirgi marta Senatga bordik. Senatorlar kelishdi, hokim ham. Yana quyi palata qo‘mitasi raisi Bahrom aka keldi. Ular bilan gaplashib, hammasi kelishildi. Zangiota tumani hokimi Erkin Rustamov barchaning oldida “hammasini qilaman, mening bo‘ynimda bu maktab”, dedi. Lekin natija yo‘q. Shu vaqtgacha hali kadastr hujjati bo‘lmagan.

Bu yerda 4-5 ta mahallada 20 ming nafardan oshiq aholi yashaydi. 4 ming nafardan ortiq o‘quvchi, 2 500 nafar bog‘cha yoshidagi bola bor”, deydi Qirguzar mahallasi vakili Shuhrat Qosimov.

Farobiy mahallasi raisi Baxtiyor Yoqubovning so‘zlariga ko‘ra, qurilish boshlanmasidan oldin o‘sha sug‘oriladigan yerning hujjatini tayyorlab chiqarishgan. “Maorifning gapi bo‘yicha, kadastri tayyor. Qonun bo‘yicha sug‘oriladigan yer bo‘lsa, egalik huquqi berilmaydi”, deydi u.

Raisning aytishicha, maktabga kelib ro‘yxatdan o‘tayotganlar ko‘p. Ushbu ta’lim muassasa 530 nafar bolani qabul qila oladi. Hozirda bir kunda kamida 30-50 nafar bola maktabga yozilyapti.

“Maktabni ochish kerak, nolinchi sinflarni olish kerak. Hokim nega bu bunaqa cho‘zadi? Hokim qimirlamaydi, hokim yerni sotish payida”, dedi Qirguzar mahallasi vakili Isroil Jo‘rayev.

Farobiy mahallasidagi hokim yordamchisi Baxtiyor Alixo‘jayev maktab nega ochilmayotgani yuzasidan fikr bildirdi.

“Bu ijtimoiy sohadan biron-bir foyda bo‘lmaydi. Ya’ni biron-bir shaxsga foyda bo‘lmaydi, lekin aholiga foyda bo‘ladi. Mana shu narsa bo‘lgani uchun hududda maktab ochilishiga ham, keyin yana bir boshqa ijtimoiy obektlar yaratilishiga ham qarshiliklar bo‘lyapti-da. Bu qarshilik kim tomonidan bo‘layotgani noma’lum. Hozircha buni yaxshilab izlanishlar olib borish kerak, shunda aniqlanadi”, deydi hokim yordamchisi.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Ma’mura Nosirovaga ko‘ra, 5 ta mahallaning bolalari boshqa hududdagi maktablarga qatnashda YTHga uchrab, halok bo‘lgan holatlari ham bor.

“Qurilgan obektlar yiliga ikki marta registratsiyadan o‘tishi kerak ekan. Lekin maktab bitganiga 1,5 yil bo‘ldi. Bugun ertalab dokumentni Qishloq xo‘jaligi vazirligiga olib borib bergan. U odam necha marta, bir yil oldin olib borganda “zamechaniya”lar bergan. U “zamechaniya”larni men ham injyener sifatida tushunaman, hech unaqa og‘ir joyi yo‘q. Nari borsa, qunt qilib ishlasangiz, bir soatda bitadigan muammolar. Shuni 1,5 yildan beri cho‘zgan. Shunda ham u odam mart oyida hokimiyatdagilarga hujjatni to‘liq qilib olib kelinglar, shu joyga nima qurilsa, deb xat bergan. O‘zi joy 2,82. Buning 2,4 ga yer, qolgani daraxtlar, ular kirmaydi yer zonasiga. Endi qarang, 1,5 ga yer maktabga berilgan, kichkina maktab qurildi. Hokimning qarori o‘zgarmaydi. Mana shu yerga qo‘shimcha korpus qurilishi kerak. Bizning 5 ta mahallada o‘quvchi ko‘p. Mana bu mashina yo‘lidan o‘tib, 8-maktabga qatnab nechta bolalarimiz halok bo‘ldi. Mana bu yerdan O‘rikzorga qatnab, yaxmalaklarda suvga tushib ketishdi. G‘avvoslar haftalab bolalarni izlashdi”, deydi Nosirova.

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Zangiota tuman hokimligi matbuot kotibi bilan bog‘landi. U yer fondi toifasini o‘zgartirish bo‘yicha “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga taklif berilganini aytdi.

Qonunchilikka ko‘ra qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerning toifasini o‘zgartirish uchun tuman hokimligi yer uchastkasi hujjatlarining yig‘majildini shakllantirishi kerak. Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ul mutaxassisi Jobir Egamberdiyevga ko‘ra, Zangiota hokimligi yig‘majildni to‘liq yig‘magan. 24-maktab bir yil oldin qurib bitkazilganiga qaramay, hokimiyat zarur hujjatlarni vazirlikka chala taqdim etgan. Oqibatda yig‘majild qaytarib yuborilgan. Bir guruh fuqarolar tuman hokimligiga borganida, xodimlardan biri hujjatlar ishchi organda ushlab turilganini iddao qilgan. Shundan keyin odamlar vazirlikka borishgan.

“Bundan 6 oy oldin bizga nega hujjatlarni ushlab turibsizlar deb bir nechta fuqarolar keldi. Men shu zahoti tuman mutasaddisiga qo‘ng‘iroq qildim, baland ovozga qo‘yib gaplashdim. Hujjatlari kamchiliklari sabab hukumat komissiyasidan qaytganini aytdim. Bular yer uchastkasidan so‘nggi 5 yil ichida foydalanish holati, yer uchastkasida mavjud yer usti va osti qazilma boyliklari va konlari to‘g‘risida xulosa, yer uchastkasini boshqa toifaga o‘tkazish hisobiga yaratiladigan ish o‘rinlari va boshqa samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha texnik-iqtisodiy asosnomalar, toifasi o‘zgartirilishi taklif etilayotgan yer uchastkasining tasdiqlangan master rejasi edi. Xatolarini to‘g‘rilashdi, ammo haliyam master rejasi yo‘q”, deydi vazirlik vakili.

Jobir Egamberdiyevning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent viloyati hokimi bergan taklifda maktab uchun 2,82 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘rsatilgan. U imzolagan qarorda esa 1,5 gektar maydonda maktab qurilishi belgilangan. Amalda muassasa 1 gektar maydonda qurilgan.

 

Shahzod O‘roqboyev,

Kun.uz