softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Qashqadaryodan Qoraqalpog‘istongacha: “Teach for Uzbekistan” ta’limda nimalarni o‘zgartira oladi?

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

Qashqadaryodan Qoraqalpog‘istongacha: “Teach for Uzbekistan” ta’limda nimalarni o‘zgartira oladi?

Batafsil o'qish:

Mamlakatimizning turli hududlarida voyaga yetayotgan yoshlarning hayotga tayyorlanish yo‘li bir xilda kechmayapti. Atrof-muhit, sharoit va imkoniyatlarning turlicha bo‘lishi yoshlarning o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishiga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ba’zilar tezroq va qulayroq yo‘llar bilan rivojlanish imkoniga ega bo‘layotgan bo‘lsa, ayrim yoshlar o‘z yo‘lini topishda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. “Teach for Uzbekistan” loyihasi aynan shu farqlarni kamaytiritish, har bir bolaga o‘z orzulari sari dadil qadam tashlash uchun ilhom, ishonch va namuna bo‘la oladigan yetakchilarni tayyorlashga harakat qilmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ushbu loyiha dunyoning 63 mamlakatida ta’lim tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi “Teach for All” global tarmog‘ining O‘zbekistondagi bir bo‘lagi sifatida tashkil etilgan. Dasturning asosiy maqsadi chekka hududlardagi bolalarga ham poytaxtdagilar bilan teng bilim olish imkonini berishdan iborat. Bu orqali ta’limdagi hududiy tafovutlarni kamaytirish va har bir bolaning sifatli bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan. Loyiha doirasida xorij va O‘zbekistondagi nufuzli oliygohlarda ta’lim olgan iste’dodli yoshlar chekka hududlardagi maktablarga dars o‘tish uchun yuborilmoqda.

“Teach for Uzbekistan” loyihasi birinchi bosqichi boshlanganiga 1 yildan oshdi. Bu muddat ichida pedagogik mahorati shakllangan yosh mutaxassislarning Qashqadaryo viloyati eng chekka tumanlariga borib, maktablarda dars berishi yo‘lga qo‘yildi.

Loyihaga ishtirokchilarni saralash uchun tanlov e’lon qilinganida 740 nafardan ortiq nomzod ariza topshirgani, ularning ko‘pchiligi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ekani va eng asosiysi chekka hududlarda ishlashga tayyorligini bildirishgani bizni quvontirdi.Talabgorlar orasidan 12 nafar mutaxassis tanlab olinib, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala va Chiroqchi tumanlariga 2 yilga yuborildi. Mazkur hududlar tanlanishiga sabab u yerda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish pastligi, maktablarda o‘quvchilarning akademik ko‘rsatkichlari nisbatan sustligi, shuningdek, STEAM fanlari bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmasligida. Hozirda o‘qituvchilarimiz 4 ta maktabda 1500 dan ortiq bolaga matematika, biologiya, kimyo, ingliz tili fanlari bo‘yicha dars o‘tishmoqda”, – deydi loyiha rahbari Umida Yo‘ldosheva.

Foto

Uning aytishicha, loyiha barcha oliygohlar bitiruvchilari uchun ochiq bo‘lib, pedagogik diplom talab etilmaydi. Masalan, tibbiyot yoki yuridik yo‘nalish bitiruvchisi kimyo yoki huquq fanidan dars berishi mumkin. Muhimi nomzodning fan bo‘yicha bilim darajasi va bolalar bilan ishlash salohiyati. Loyihaga qabul qilinish jarayonida mutaxassislarning pedagogik qobiliyati, dars o‘tish uslubi, bolalar bilan muloqotdagi yondashuvi, stressga chidamliligi kabi jihatlar tekshirilgan. Tanlab olinganlar besh haftalik intensiv pedagogik tayyorlov kursida ishtirok etib, ikki yil davomida dars o‘tish uchun Qashqadaryoga yuborilgan.

Loyiha doirasida qamrab olingan o‘quvchilarning darsga bo‘lgan munosabatini baholash uchun xalqaro “Panorama” testini o‘tkazdik. Bu test orqali bolalarning o‘qituvchilarga bo‘lgan ishonchi, darslarga qiziqishi, fanlarni o‘zlashtirishdagi motivatsiyasi o‘lchanadi. Natijalarga ko‘ra, o‘quvchilarning 75 foizdan ortig‘i darslarni qiziqarli deb baholagan, ayrim maktablarda bu ko‘rsatkich 80 foizdan yuqori bo‘lgan”, – deydi Umida Yo‘ldosheva.

Loyiha doirasida saralab olinganlar maktablarda faqat nazariy bilim berish bilangina cheklanib qolmay, o‘quvchilarga amalda foydasi tegadigan ko‘nikmalarni o‘rgatish, ularni mustaqil fikrlashga undash va zamonaviy kasb-hunarlarga qiziqtirish ustida ham ishlamoqda. Ular darslarda interaktiv yondashuvdan foydalanib, mahorat darslari o‘tkazishyapti, guruh-guruh bo‘lib loyiha qilishyapti. Shu orqali bolalarda ijodiy fikrlash, jamoada ishlash qobiliyatlari rivojlantirilyapti.

Toshkentga hali kelmagan o‘quvchilarni 3 kunlik madaniy hordiq safariga poytaxtga olib keldik. O‘quvchilar Yoshlar kutubxonasi, Politexnika muzeyi, teatrlar, Muz saroyi, akvarium va boshqa madaniy maskanlarga bordi. Aprel oyida esa “Mening diyorim” nomli ijodiy fototanlov va fotoko‘rgazma tashkil qildik. Unda o‘quvchilar o‘z hududlarining manzaralarini suratga olib, kreativ izohlar bilan taqdim etishdi. Tanlab olingan 80 ga yaqin eng yaxshi suratlar Toshkentdagi Fotosuratlar uyida namoyish qilindi. Shuningdek, “Asl Ustoz” loyihasi doirasida informatika va ingliz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish seminarlarini o‘tkazdik va maxsus elektron platforma yaratdik. yozgi ta’til boshlanishi bilan, 27 maydan 18 iyungacha Chiroqchi tumanidagi hamkor maktab hududida yozgi oromgoh tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda art-klublar, ingliz tili, kimyo, biologiya va matematika fanlari bo‘yicha to‘garaklar yo‘lga qo‘yiladi”, – deydi kommunikatsiyalar bo‘yicha mutaxassis Yodgor Inomjonov.

“Teach for Uzbekistan” loyihasi doirasida dunyoning 65 dan ortiq davlatida ta’limda samara bergan tajribalarni mahalliy tizimiga integratsiya qilish rejalashtirilgan. Bu orqali o‘zlashtirishda tengdoshlaridan ortda qolayotgan bolalarning bilim bo‘shliqlarini to‘ldirish va o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish ko‘zda tutilgan.

Sobiq Sovet ittifoqi davridan beri bizda ko‘proq “o‘qituvchi markazida” ta’lim modeli qo‘llanib kelingan, bunda o‘qituvchi axborotni beradi, o‘quvchi esa uni passiv qabul qiladi. Biroq hozirgi kunda biz joriy qilayotgan dastur doirasida bu yondashuv o‘zgarmoqda. Xorijiy ta’lim standartlari asosida ishlab chiqilgan “o‘quvchi markazida” bo‘lgan yangi model ustida ishlayapmiz. Ushbu modelda o‘quvchi endi bilimni shunchaki qabul qiluvchi emas, balki uni faol yaratuvchi, mustaqil fikr bildiruvchi, muammolarga yechim taklif qila oladigan shaxs sifatida shakllanadi. Dasturimiz ishtirokchilari aynan mana shu yondashuvni amaliyotga tatbiq etishmoqda.

“Teach for Uzbekistan” dasturining eng muhim jihatlaridan biri — u faqat o‘quvchilarning emas, balki o‘qituvchilarning o‘zini va ularni tayyorlash tizimini ham tubdan yangilashga qaratilgan. Shuningdek, loyiha doirasida maktab direktorlarini zamonaviy menejment tamoyillari asosida tayyorlash bo‘yicha ham alohida dastur mavjud. Ular uchun xorijiy “school management” tajribasiga tayangan maxsus treninglar tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, biz Britaniya ta’lim standartlari asosidagi boshqa loyihalarni ham integratsiya qilmoqdamiz”, – deydi akademik masalalar bo‘yicha ekspert Ulug‘bek Azizov.

Loyiha nodavlat-notijorat dastur hisoblanib, u davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi. Xarajatlar mahalliy homiylar va xalqaro grantlar hisobidan qoplanadi. Dastur ishtirokchilariga stipendiya beriladi.

Hozirda “Teach for Uzbekistan” loyihasining ikkinchi mavsumi uchun ariza topshirish jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Dasturning kelgusi faoliyat hududi sifatida Surxondaryo viloyati tanlangan. Loyiha rahbarining aytishicha, Termiz, Muzrabot va Qiziriq tumanlariga saralab olingan mutaxassislar dars o‘tishga yuboriladi. Kelgusida loyihaning geografiyasi kengaytirilib, 2026 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ish boshlash rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, “Teach for Uzbekistan” dasturiga ishtirokchi sifatida qo‘shilishni istagan nomzodlar quyidagi besh bosqichli tanlovdan o‘tishlari lozim:

Birinchi bosqich: onlayn ariza to‘ldirish. Bu bosqichda nomzod veb-saytdagi savollarga insho tarzida yozma javob beradi. Javoblar asosida uning yozma nutq madaniyati va fikrlash darajasi baholanadi.

Ikkinchi bosqich: mutaxassislar bilan onlayn suhbat. Rekrutment va tanlov bo‘yicha mas’ul mutaxassislar nomzod bilan suhbat o‘tkazib, uning bilim saviyasi, ikki yil davomida loyihada faol ishtirok eta olish salohiyati, yangi hududda ishlashga tayyorlik darajasini baholaydi.

Uchinchi bosqich: baholash markazi. Bu bosqichda nomzodlar turli jamoaviy mashqlar, o‘yinlar hamda dars taqdimotlari orqali sinovdan o‘tkaziladi. Ularning stressga bardoshliligi, liderlik salohiyati va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari aniqlanadi.

To‘rtinchi bosqich: metodistlar bilan suhbat. Nomzodlar tanlagan fan yo‘nalishi bo‘yicha metodist mutaxassislar tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi. Bu bosqichda fanga oid chuqur bilim va metodik ko‘nikmalar baholanadi.

Beshinchi bosqich: yozgi institut. Mazkur bosqichga yetib kelgan nomzodlar besh haftalik maxsus tayyorgarlik dasturiga qabul qiladi. Jarayonda ishtirokchilar o‘z fani bo‘yicha bilimlarini mustahkamlaydi, liderlik ko‘nikmalari, omma oldida nutq so‘zlash, sahnada o‘zini tutish (aktyorlik) kabi qobiliyatlarini rivojlantirish ustida ham ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 Diyoraxon Nabijonova tayyorladi.