Transport vaziri gapi hukumat qarorini to‘xtatib qo‘ya oladimi? -taksichilar istalgan hududda ishlash erkinligi cheklanganicha qolmoqda
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Transport vaziri Ilhom Mahkamov «cheklov yo‘qligi, qaror noto‘g‘ri talqin qilingani»ni aytgan bo‘lsa-da, taksichilik faoliyatini hudud bo‘yicha cheklashga oid normativ hujjat o‘z kuchida turibdi. Kun.uz muhokamalar markazida turgan mavzuni ekspertlar bilan tahlil qildi. Ular hukumat qarorining mazkur bandi ijobiy oqibatlar olib kelmasligi, ishsizlar soni oshib, taksi narxlari ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘lishini ta’kidladi. Ekspertlar bu norma bekor qilinishidan umidvor.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov taksichilarning litsenziyaga o‘zlari xohlagan hududni ko‘rsatish huquqi bekor qilinmaganini aytgan bo‘lsa-da, hukumat qarori bilan qabul qilingan tegishli nizomning 14-bandida buning aksi ta’kidlanmoqda.
Ya’ni taksi haydovchilariga beriladigan litsenziya varag‘idagi hudud avtotransport vositasiga berilgan davlat raqami belgilarining hududiy kodlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
Shunday ekan, vazir nima sabab jurnalistlar bilan yopiq yig‘ilishda bunday bayonot berdi? Yuqori mansab egasining bu gapi qarordan ustun bo‘la oladimi? Bu normaga ehtiyoj bormidi o‘zi? Endi voqealar fonida keyingi kartina qanday bo‘ladi?
Kun.uz shu kunlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzu atrofida suhbat uyushtirdi. Unda iqtisodchi Otabek Bakirov, huquqshunoslar Javonsher Rustamov hamda Komila Abdullayeva ishtirok etdi. Quyida suhbatdan qisqacha sharh keltiriladi.
Ma’lumot uchun, Kun.uz suhbatga Transport vazirligidan ham rasmiylarni chaqirishga urinib, matbuot xizmatiga bir necha marotaba so‘rov jo‘natdi. Ammo vazirlik so‘rovlarimizni e’tiborsiz qoldirdi.
“Bu qandaydir simmetriyaga ega bo‘lgan ma’lumotlar bilan chalg‘itishga o‘xshaydi” – Otabek Bakirov
Dastlab iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov mavzu tarmoqlarda rezonans berib yuborgach, 3 kun davomida mas’ullarning sukut saqlagani va shu fonda jamoatchilik bilan muloqotga yopiq formatda kirishilganiga e’tibor qaratdi.
“O‘zi yopiq uchrashuv nima uchun kerakligini ham uncha tushunmadim, bu qanday format o‘zi, agar hammasi joyida bo‘ladigan bo‘lsa, nima uchun yopiq uchrashuv tashkil qilindi o‘zi – degan savollar ham tug‘iladi. Undan avval 11 iyun kuni [Transport vazirligi] matbuot kotibi nima uchun bunday izoh bergan degan savollar ham tug‘iladi-da.
Ya’ni oradan o‘rtacha 3 sutka vaqt o‘tyapti-da, 3 sutka davomida Transport vazirligi biror bir izoh berayotgani yo‘q. Bu vaqt oralig‘ida O‘zbekiston Parlamentining parlament fraksiyasiga ega bo‘lgan ikkita partiyasi e’tiroz bildiryapti, jamoatchilik e’tiroz bildiryapti, sukut saqlanyapti. To‘g‘rimi?
Agar hammasi joyida bo‘lsa, jamoatchilik noto‘g‘ri talqin qilayotgan bo‘lsa, nima uchun sukut saqlandi, degan savol ham tug‘iladi. Odamlarning fikrini, e’tirozini, noroziligini uyg‘otishga nima uchun 3 kun davomida yo‘l qo‘yib berildi?
Bu qandaydir simmetriyaga ega bo‘lgan ma’lumotlar bilan chalg‘itishga o‘xshaydi. Chunki bu to‘g‘risidagi qaror muhokama qilinayotgani, loyiha muhokama qilinayotgani haqida 2024 yil bahorda ma’lum edi”, – dedi Bakirov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni norma nazarda tutilgan qaror loyihasi o‘tgan yili aprel oyida o‘zaro yopiq kabinetlarda kelishilayotgani aniq bo‘lgan.
Iqtisodchi vazir ishtirokida o‘tgan yopiq uchrashuvda aytilgan gaplar umuman ma’no-mazmuniga ko‘ra g‘alati va tushunarsiz bo‘lganini aytdi va hukumat o‘z qarorini og‘zaki gap bilan boshqacha talqin qilish mumkinligi darajasiga yetganiga taassuflandi.
“Qaror bo‘yicha jamoatchilik tomonidan talab yoki qo‘llab-quvvatlash yo‘q” – Javonsher Rustamov
Huquqshunos Javonsher Rustamov esa muhokamali norma ko‘rsatilgan qaror nima sabab odamlar muhokamasidan o‘tmagani haqida gapirdi.
Uning fikricha, siyosiy tizimda kirgan ma’lumot qaror bo‘lib chiqishi kerak. Ammo bu holatda jamoatchilik hujjatni tasdiqlamagan, Rustamov bu holatni “faqat chiqqan ma’lumotni tahlil qilyapmiz” deb atadi.
“200-sonli qaror bo‘yicha jamoatchilik tomonidan talab yoki qo‘llab-quvvatlash yo‘q. Biz hozir chiquvchi ma’lumotni muhokama qilyapmiz. Buning natijasida bunga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmaymiz, ya’ni biz rasmiy ravishda talab yoki qo‘llab-quvvatlash ma’nosida hukumatga hech narsa bermayapmiz. Bu – bir tomoni. Endi ikkinchi tomoni – qonuniy nuqtai nazaridan.
2018 yilda [qabul qilingan] “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun bor, normativ-huquqiy hujjatlarni regulation.gov.uzʼga qo‘yish tartibi bor, bu bo‘yicha prezident topshirig‘i berilgan”, – deydi u.
Shuningdek, Rustamov 2018 yilda prezident tomonidan imzolangan 3666-sonli qarorda belgilangan tartibni ham eslatdi. Uning 4-bandiga ko‘ra, muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasida loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga, ya’ni regulation.gov.uzʼga muhokamaga joylashtirilishi lozim.
“200-sonli qaror, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatmaydimi? Buning orqasida ijtimoiy masala – ishsizlik, ichki migratsiya, iqtisodiy masala – daromad manbayi, soliq masalalari yotibdi. Ya’ni aytmoqchimanki, mana shu norma bilan ham baribir [muhokamaga] qo‘yilishi kerak edi. Inkor qilishga asos yo‘q.
Nima uchun qo‘yilmadi degan savolga ular tomonidan beriladigan javoblarda mana shularni inobatga olib javob berishlari kerak. Bizning [Otabek Bakirov] aytganlaridek, chalg‘ituvchi yoki simmetriya bo‘yicha bir-biriga teskari bo‘lgan javoblar bilan vaqtni olishdan ma’no yo‘q. Masalani yechish kerak. Ijtimoiy munosabatlarda muammo paydo bo‘lyapti, taksichilarda masala o‘sha: o‘z hududidan tashqarida ishlay olmaydi, Toshkentda ishlab turganlarda hozir “men ketsam nima qilaman, yo Rossiyaga ketaymi” degan vahima boshlangan”, – dedi huquqshuos.
Qolaversa, mutaxassis transport vaziri matbuot kotibi o‘z hududidan boshqasida ishlay olmaslik normasi 2011 yildagi 139-sonli hukumat qarorida bo‘lib kelgani haqidagi vaji xato ekanini bildirdi.
Ya’ni hujjat bilan qabul qilingan nizomning 9.1 bandida haydovchi yo‘lovchilarni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda amalga oshiradi. Ammo kartochkadagi hudud uning avtomobil davlat raqamiga bog‘lab qo‘yilmagan.
“Nahotki “bu Konstitutsiyaga zid” deydigan birorta yurist qolmagan bo‘lsa” – Komila Abdullayeva
Yana bir huquqshunos, ham advokat Komila Abdullayeva inson huquqlariga zid bo‘lgan bunday norma qanday qilib qabul qilib qo‘yilganiga, vazirlikdagi mutaxassislar qo‘lidan qay tartibda o‘tganiga ajablandi.
“Hamma narsa qonunlar piramidasi, Konstitutsiya bo‘yicha qabul qilinishi kerak-da. Birinchi Konstitutsiya turadi. Lekin oxirgi paytlarda biz ko‘ryapmiz, Konstitutsiyaga zid bo‘lgan qandaydir normalar vazirliklar va Vazirlar Mahkamasi tomonidan bemalol qabul qilinyapti.
Nahotki “bu Konstitutsiyaga zid” deydigan birorta yurist qolmagan bo‘lsa deb o‘ylaysiz-da? Nima uchun bunday qarorlar o‘tib ketyapti?” dedi Abdullayeva.
Suhbatdoshning aytishicha, ayni norma sabab tarmoqlarda mahalliychilik kayfiyati qo‘zg‘alib ketgan. U davlatning eng muhim funksiyalaridan biri – insonlar o‘rtasidagi diskriminatsiyaning oldi olish ekanini, yuqoridagi kabi qarorlar esa bunga teskari effekt bermasligi kerakligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Abdullayeva ushbu holatda vazirning og‘zaki aytgan gapi emas, albatta, qaror ustunlikka ega ekanini, bu esa Konstitutsiyaviy sud orqali bekor qilinishi lozimligini eslatdi.
Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.