Saudiya Arabistoni O‘zbekiston fuqarolari uchun onlayn viza berishni tikladi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Qirollik Turizm vazirligi Haj mavsumida o‘ndan ortiq davlatlar, xususan, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun elektron vizaga murojaat qilishni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ygan edi. Ayni vaqtda elektron portalda o‘zbekistonliklar uchun onlayn sayyohlik vizalarini berish imkoniyati tiklandi.
Foto: Kun.uz
Saudiya Arabistoni Turizm vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga «VisitSaudi» onlayn portali orqali elektron sayyohlik vizalarini olish imkonini tikladi. Bu imkoniyat Haj mavsumi tugaganidan deyarli 10 kun o‘tib ochilmoqda.
Qirollik Turizm vazirligi joriy yil aprel oyidan 9 iyunga qadar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari, shuningdek dunyo bo‘ylab yana o‘ndan ortiq davlatlar fuqarolari uchun onlayn portal orqali elektron viza olish imkonini yopib qo‘ygan edi.
Saudiya rasmiylari bu borada izoh bermagan bo‘lsa-da, norasmiy xabarlarda bunday tartibga O‘zbekiston va Tojikistondan Umra uchun borib, ruxsatsiz Haj uchun qolib ketayotgan fuqarolarning ko‘pligi sabab bo‘lgani aytilgan edi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilgi Haj mavsumida dunyo bo‘ylab 1,6 milliondan ko‘proq, O‘zbekistondan esa 15 ming nafardan ortiq fuqarolar ziyoratni amalga oshirdi. O‘zbekistonda Haj ziyorati, hukumat qaroriga ko‘ra, faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Musulmonlar idorasi tomonidan tashkillashtiriladi.
Saudiya Arabistoni Turizm vazirligi tomonidan vizalar berishni kengaytirish maqsadida ochilgan ushbu tizimdan jami 57 ta davlat fuqarolari foydalanishi mumkin. Ushbu portal O‘zbekiston fuqarolari uchun 2023 yil 6 avgustda ochilgan. Bunga qadar o‘zbekistonliklar vizani faqat elchixona va yoki turfirmalar orqali olgan.
Saudiya Arabistoni E-visa'si bir yillik, ko‘p martalik kirish vizasi bo‘lib, sayyohlarga mamlakatda 90 kungacha bo‘lish hamda Umra qilish imkonini beradi. Lekin ushbu viza – Haj qilish, Saudiya Arabistonida doimiy yashash hamda ishlash huquqini bermaydi.
O‘zbekiston esa 2023 yil 1 yanvardan boshlab Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun qaytish yoki uchinchi davlatga jo‘nab ketish chiptalarini taqdim etgan holda 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etgan.