Saida Mirziyoyevani e’tirof etgan Putin, Parkentda quriladigan kurort va O‘zbekistondan ketayotgan Magnum – mahalliy dayjest
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston bilan migratsiya masalalari birgalikda hal qilinishini aytdi va prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdagi xizmatini e’tirof etdi. O‘zbekistonda limon narxi o‘tgan yilga nisbatan keskin qimmatlashgani ma’lum bo‘ldi. Qozog‘istonning Magnum supermarketlar tarmog‘i O‘zbekistonni tark etishi aytildi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, islohotlar natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi
Tashrif davomida sanoat, tibbiyot, turizm, energetika kabi ko‘plab sohalardagi korxonalar faoliyati va mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kelgusi vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev «Oltin bel» cho‘qqisidagi tog‘-chang‘i kurorti loyihasi bilan tanishdi
Toshkent viloyati Parkent tumani xushmanzara tog‘ bag‘ridagi 3 gektar joyda hozir 188 o‘rinli 2 ta mehmonxona, kapsula shaklidagi uylar, restoran va xo‘jalik binolari barpo etilgan. Keyingi bosqichda yana 20 ta shunday uy qurilishi mo‘ljallangan. Davlat rahbari mehmonxonada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Qayd qilinishicha, Parkentning qorli tog‘larida Avstriya kompaniyasi tomonidan 1 ming 200 gektarda tog‘-chang‘i kurorti qurish rejalashtirilgan. Uning doirasida 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, chang‘i uchish va osma dor yo‘li, shale, piknik maydoni, restoranlar, sog‘lomlashtirish xizmatlari tashkil etiladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston bilan migratsiya masalalari birgalikda hal qilinishini aytdi
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishga, Rossiyada ishlaydigan odamlarni oldindan tayyorlashga kelishib olgan.
«O‘zbekiston prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan migratsiya masalalarini birgalikda hal qilishga kelishib oldik. Chunki bizda mehnat bozori bugun qanday ahvolda ekani ma’lum... Rossiyada ishlashni xohlaydigan odamlarni tayyorlash masalasini hal etamiz», dedi u.
Rossiya rahbari yoshlar bilan ishlash muhim ahamiyatga egaligi, shuning uchun hozir Rossiya va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
«Bu borada yoshlar bilan ishlashning o‘zi ham juda muhim va qimmatlidir... Bilishimcha, Shavkat Miromonovichning yordamchisi – Saida Shavkatovna yaqinda Moskvada bo‘lgan va ko‘plab hamkasblarim bilan hukumatda, Prezident administratsiyasida uchrashgan. U prezident topshirig‘iga binoan yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga, ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu yoshlar yo‘nalishini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda», dedi Putin.
O‘zbekistonda limon narxi o‘tgan yilga nisbatan keskin qimmatlashgani ma’lum bo‘ldi
Supermarketlarda mahalliy limonning 1 kilogrammi narxi 70 ming so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bir necha barobar yuqori. EastFruit mutaxassislari narxlarning keskin oshib ketganini Turkiyadagi limon inqirozi fonida import narxlari ko‘tarilishi va ichki bozordagi zaxiralar kamayishi bilan bog‘lamoqda.
EastFruit mutaxassislarining xulosa qilishicha, narxlarning sezilarli darajada pasayishi faqat oktyabr-noyabr oylarida, ommaviy terim-yig‘im boshlanganidan keyin yuz berishi mumkin.
Qashqadaryoda uch yashar bola kombayn ichiga tushib ketdi
Hodisa Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida sodir bo‘lgan. 2022 yilda tug‘ilgan bola ehtiyotsizlik va qarovsiz qolgani tufayli ta’mirdagi kombayn ichiga tushib ketgan. Oqibatda jarohat olib, shifoxonaga yetkazilgan. Ta’kidlanishicha, hozir uning hayotiga jiddiy xavf tug‘diradigan omillar yo‘q.
Qozog‘istonning Magnum supermarketlar tarmog‘i O‘zbekistonni tark etadi
Kompaniyaga tegishli savdo do‘konlarining ayrimlari allaqachon yopilgan, qolganlarida ham tovarlar sotib tugatilyapti. 2021 yil dekabrida O‘zbekiston bozoriga kirgan Magnum 2023 yil avgustida Carrefour savdo tarmog‘ini ham sotib olgandi. Kompaniya rahbari Azamat Osmonov qo‘shni bozorga chiqish uchun ikki yilga yaqin tayyorgarlik ko‘rilganini aytib, faoliyatining birinchi yilida taxminan 20 million dollar investitsiya kiritilishini ma’lum qilgandi.
Magnum supermarketlar tarmog‘ining yopilishi sabablari ma’lum emas.
O‘zbekistonda badiiy tarjima sohasida xalqaro tanlov e’lon qilindi
Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot tanloviga asarlar qabul qilinishi boshlangani e’lon qilindi.
Mazkur tanlov o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotining sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.
Mamlakatda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro adabiy tanlov milliy adabiyotni dunyoda keng targ‘ib qilayotgan, jahon adabiyotining eng sara asarlarini o‘zbek tiliga o‘girib, kitobxonlarga taqdim etayotgan fidoyi tarjimonlar mehnatini munosib rag‘batlantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, xorijiy mamlakatlarda o‘zbekistonlik adiblar ijodiga qiziqishni yanada oshirish kabi maqsadlarni nazarda tutadi.
Ta’lim sohasidagi poraxo‘rlik holatlari aniqlandi
Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari 100 nafardan ortiq o‘qituvchini davlat attestatsiyasidan o‘tkazib berish evaziga har biridan 1000-1500 AQSh dollari miqdorida pul olib, bu haqda shaxsiy bloknotida ma’lumotlarni aks ettirgani ma’lum bo‘ldi.
DXX xabariga ko‘ra, ushbu noqonuniy ishga Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pedagoglarning bilim va malakasini baholashni tashkil etish shu’basi bosh metodisti ham aloqadorligi aniqlanib, u o‘qituvchilardan davlat attestatsiyasidan o‘tkazishga yordam berish evaziga yig‘ilgan 10450 AQSh dollarini ixtiyoriy ravishda qaytargan.
Shu bilan birga, o‘qituvchilarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazmasdan, test jarayoniga uyali aloqa vositalari bilan kirishiga sharoit yaratib bergan Milliy gvardiya xodimi ham aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.