“Navoiyuran” xalqaro reytingini yanada oshirdi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
“Navoiyuran” davlat korxonasi dunyo miqyosidagi nufuzli xalqaro reyting agentliklaridan yana bir ijobiy baho olishga muvaffaq bo‘ldi.
Foto: Navoiyuran
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 iyuldagi PQ-319-sonli qaroriga asosan o‘z faoliyatini tubdan transformatsiya qilgan “Navoiyuran” davlat korxonasi jahon moliya bozorlarida barqaror va zamonaviy kompaniya sifatida o‘zini namoyon etmoqda.
Korxonaning 2024 yilda mineral xomashyo bazasini kengaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi tomonidan munosib baholandi. Agentlik korxonaga uzoq muddatli defolt reytingi (IDR) BB- va yakkalangan kredit profili (SACP) BB- reytinglarini berdi.
Bu “Navoiyuran” uchun yil boshidan buyon olgan ikkinchi xalqaro kredit reytingi hisoblanadi. Avvalroq, 2024 yil noyabrida yana bir yetakchi agentlik — Standard & Poor’s Global Ratings ham korxonaga ayni shunday reytinglarni bergan edi. Shu bilan “Navoiyuran” davlat korxonasi respublikadagi yirik sanoat sub’yektlari orasida ikkinchi o‘rinni egallagan.
Fitch Ratings o‘z hisobotida “Navoiyuran” tomonidan olib borilayotgan geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini, mineral zaxiralar o‘sganini va ishlab chiqarish xarajatlari dunyodagi yetakchi uran ishlab chiqaruvchi kompaniyalarnikidan ham past ekanligini alohida qayd etdi. Shuningdek, transformatsiya jarayonlari izchil davom ettirilayotgani ta’kidlandi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, Buyuk Britaniyaning SRK Consulting kompaniyasi xulosasiga ko‘ra, “Navoiyuran” tasarrufidagi konlardagi uran zaxiralari 115,6 ming tonnaga yetdi. Bu 2023 yildagi ko‘rsatkich (71 ming tonna) bilan solishtirganda sezilarli o‘sishni ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, 2024 yilgi moliyaviy hisobotlar bo‘yicha xalqaro auditorlik tashkiloti — “Katta to‘rtlik” (Big Four) safiga kiruvchi Deloitte kompaniyasi tomonidan “Navoiyuran” korxonasiga yana “ijobiy” auditorlik xulosasi berildi. Bu kabi xulosa 2022 va 2023 yillar uchun ham qayd etilgan edi.
Batafsil ma’lumot: Web-site