«Oyiga 100 ming odamga xizmat qila oladi» – prezident Chiyal dehqon bozoridagi sharoitlarni yaxshilashga ko‘rsatma berdi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Prezident Qashqadaryo viloyatida bandlikda ishga solinmagan imkoniyatlarni ko‘rsatib berdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Bu yil Qashqadaryoda 470 ming odamni band qilish, 150 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish, Kitob tumani, Qarshi va Shahrisabz shaharlarini «ishsizlik va kambag‘allikdan holi hudud»ga aylantirish mo‘ljallangan.
Prezident bandlikda ishga solinmagan imkoniyatlarni ko‘rsatib berdi.
Masalan, Shahrisabz tumani Hisorak-G‘yelon yo‘li bo‘yidagi 16 gektar, Qamashida 65 gektar, G‘uzorda 42 gektar yerlarni turizm maskaniga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi. Shu kabi, Qashqadaryoning Chiroqchidan o‘tgan 103 gektar qirg‘og‘ida sayyohlar uchun dam olish maskanlarini tashkil qilish mumkin.
Ko‘kdaladagi Chiyal dehqon bozori hududida 50 ga yaqin tadbirkorlar Chiyal yaxnasini tayyorlab, sotadi. Bu 100 yillik an’anaga aylangan. Hozir bozor faqat yakshanba kuni ishlayapti. Agar sharoitni yaxshilab, mehmonxona va avtoturargoh qurilsa, ko‘p yillik tarixga ega bu joy kunlik rejimga o‘tib, oyiga 100 ming odamga xizmat qila oladi.
Shahrisabz shahri mahallalarida 100 dan ortiq aholi uy sharoitida temirchilik bilan shug‘ullanadi. Ularga qulay bo‘lishi uchun Shahrisabz shahri Qorasuv mahallasidagi 4,5 gektar bo‘sh yerda temirchilik mikro-markazini tashkil qilish topshirildi. Bunday mikro-markazlar Qarshi shahri, Dehqonobod, Kasbi, Kitob, Koson va Chiroqchida ham tashkil qilinadi.
Xorijda mehnat qilayotgan qashqadaryoliklar yuqori daromadli ishlar bilan band bo‘lishi uchun Qarshi davlat universitetida kamida 100 nafar o‘qituvchini nemis, yapon, koreys tili bo‘yicha malakasini oshirish, kamida 10 ming odamni xorijiy tilga o‘qitish, xorijda kam daromad topayotgan fuqarolarimizni o‘zimizda ishli qilish muhimligi qayd etildi.
Joriy yilda Qashqadaryoga 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
O‘tgan besh oyda Koson, Kitob va Chiroqchida investitsiya qariyb 2 karra oshgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, viloyatdagi 12 ta konga sanoat kirib bormagan. Hozirda qurilish materiallari sohasida 150 million dollarlik 16 ta loyiha tayyorlangan. Mutasaddilarga tegishli konlarni auksionga chiqarish topshirildi.
Kitobdagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangan. Tabiatga zarar yetkazmasdan yopiq usulda oltinni qazib olishga 100-150 million dollar pul tikaman, degan talabgorlar ko‘p. Ushbu konni ham auksionga chiqarish zarurligi qayd etildi.
Kitobdagi yana 5 ta istiqbolli maydonda 39 tonna oltin, Chiroqchida 10 ming tonna noyob metallar resursi aniqlangan. Bu maydonlarda geologiya ishlarini boshlash topshirildi.
Muborakdagi Gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi tayyor infratuzilmasi bor, temir yo‘l o‘tgan 200 gektar maydonda innovatsion sanoat zonasi tashkil etiladi.
Ushbu sanoat zonasida klaster tizimi asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiallari bo‘yicha 5 ta yirik loyihani boshlash vazifasi qo‘yildi.
Viloyat paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lsada, to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 10 foizga ham yetmaydi. Hozirda 100 ming tonna ip-kalavaning atigi 28 foizi qayta ishlanadi.
Shu maqsadda Kosondagi 40 gektarda tashkil etilgan yangi texnoparkda 200 million dollarlik 12 ta loyiha qilish rejalashtirilgan. Lekin suv tozalash inshooti va kanalizatsiya yo‘qligi uchun ishlar to‘xtab qolgan. Mutasaddilarga texnopark infratuzilmasi uchun mablag‘ ajratish topshirildi.
Umuman, 400 million dollarlik 35 ta loyihani boshlab, bu yil ip-kalavani qayta ishlashni 51 foizga, kelgusi yili 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.