Prezident Kitobdagi oltin konini auksion asosida tadbirkorlarga berish bo‘yicha topshiriq berdi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Kitobdagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangan. Prezident u yerda yopiq usulda oltinni qazib olishga 100−150 million dollar pul tikmoqchi bo‘lgan talabgorlar ko‘pligini aytdi va bu bo‘yicha konni auksionga chiqarish zarurligini qayd etdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Qashqadaryo viloyatiga tashrif davomida prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatdagi tabiiy boyliklarni iqtisodiyotga jalb qilish bo‘yicha yangi topshiriqlar berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Joriy yilda viloyatga 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. O‘tgan besh oyda ayrim tumanlar, jumladan, Koson, Kitob va Chiroqchida investitsiya hajmi qariyb ikki barobarga oshgan.
Biroq viloyat hududidagi 12 ta konga hali sanoat kirib bormagan. Qurilish materiallari sohasida 150 million dollarlik 16 ta loyiha tayyorlangan. Prezident mutasaddilarga ushbu konlarni auksionga chiqarishni topshirdi.
Xususan, Kitob tumanida 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangani aytildi. Davlat rahbari tabiatga zarar yetkazmasdan, yopiq usulda oltin qazib olishga 100−150 million dollar sarmoya kiritishga tayyor tadbirkorlar ko‘p ekanini ta’kidladi. Shu bois ushbu konni ham auksionga chiqarish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Kitobdagi yana beshta istiqbolli maydonda 39 tonna oltin, Chiroqchi tumanida esa 10 ming tonna noyob metall resursi aniqlangan. Ushbu maydonlarda geologiya ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Muborakdagi Gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi tayyor infratuzilmasi bor, temiryo‘l o‘tgan 200 gektar maydonda innovatsion sanoat zonasi tashkil etiladi.
Ushbu sanoat zonasida klaster tizimi asosida neft-kimyo, elektrotexnika, robototexnika va qurilish materiallari bo‘yicha 5 ta yirik loyihani boshlash vazifasi qo‘yildi.
Viloyat paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi bo‘lsada, to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 10 foizga ham yetmaydi. Hozirda 100 ming tonna ip-kalavaning atigi 28 foizi qayta ishlanadi.
Shu maqsadda Kosondagi 40 gektarda tashkil etilgan yangi texnoparkda 200 million dollarlik 12 ta loyiha qilish rejalashtirilgan. Lekin suv tozalash inshooti va kanalizatsiya yo‘qligi uchun ishlar to‘xtab qolgan. Mutasaddilarga texnopark infratuzilmasi uchun mablag‘ ajratish topshirildi.
Umuman, 400 million dollarlik 35 ta loyihani boshlab, bu yil ip-kalavani qayta ishlashni 51 foizga, kelgusi yili 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.