Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suv tarmog‘i tortiladi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Yig‘ilishda yo‘l va infratuzilma masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
«G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu» yo‘lining viloyatdan o‘tgan 100 kilometrini rekonstruksiya qilish hisobiga hududning tranzit salohiyatini 3 karra oshirish mumkin. Bu loyihaga Qarshi shahridagi yangi aylanma yo‘lning qolgan 13 kilometri ham qo‘shilsa, aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan tirbandlik masalasi hal bo‘ladi. Mutasaddilarga bu borada kelgusi yildan amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Shuningdek, «Qarshi – Shahrisabz – Kitob» magistral yo‘lining 106 kilometrida rekonstruksiyani boshlab, 4 tasmagacha kengaytirish, Qamashi va Yakkabog‘ markazidan aylanib o‘tadigan 34 kilometrli yangi yo‘l qurilishini ham boshlash vazifasi qo‘yildi.
Ushbu 106 kilometr yo‘lning ikki tomoniga kamida 1 millionta daraxt ekib, «yashil belbog‘» barpo etish zarurligi qayd etildi.
«Toshkent-Termiz» yo‘lining Qashqadaryo hududidan o‘tgan 60 kilometri ham 4 tasmali qilinib, sement-beton qoplamaga o‘tkaziladi. Joriy yilda bu yo‘lning 20 kilometrini qurib bitkazish topshirildi.
Qashqadaryoda 3 ming kilometr tuproq qoplamali yo‘l bor. Mutasaddilar oldiga bu yo‘llarni to‘liq shag‘al qoplamaga o‘tkazishni boshlash vazifasi qo‘yildi. Viloyatdagi 9 ta ko‘prikni to‘liq ta’mirlashga topshiriq berildi.
So‘nggi 8 yilda ajratilgan 1,7 trillion so‘m hisobidan viloyatda markazlashgan suv ta’minoti 32 foizdan 61 foizga chiqdi. Lekin, bu respublikada eng past ko‘rsatkich ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyatda suv va kanalizatsiyani yaxshilashga bu yil 800 milliard so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga buning hisobiga 183 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 8 ta suv inshooti qurilishini yakunlash topshirildi.
Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini yaxshilash ishlarini ham shu oyda boshlash shartligi qayd etildi. Bunga xalqaro moliya institutidan 60 million dollar jalb qilingan.
Qarshi shahrida suv ta’minoti 97 foiz bo‘lsada, suv olib boradigan 110 kilometrli magistral quvurning yarmidan ko‘pi eskirgan, suv yo‘qotish yuqori.
«Shu bois, qanchalik qiyin bo‘lmasin, Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suvi tarmog‘i tortishimiz kerak», – dedi prezident.
Mutasaddilarga ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Hozirning o‘zida viloyatdagi 20 ming oilada uy-joyga ehtiyoj bor.
Shu munosabat bilan joriy yilda 7 ming 700 ta xonadon qurilishini yakunlash, aholi zich bo‘lgan Shahrisabz va Qarshi shahri, Kitob, Koson, Chiroqchi, Yakkabog‘da yana 5 ming xonadonli uylar qurishni boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xonadonlar energiya samarador tizimga o‘tishi uchun Ko‘kdala va Nishon tumanlari, Qarshi shahridagi ijtimoiy obektlar va xonadonlarga quyosh paneli, geliokollektor o‘rnatishiga ko‘maklashish topshirildi.
Viloyat boshqarmalari va tuman bo‘limlari esa yil yakunigacha binosiga kamida 20 kilovattli quyosh panellari o‘rnatishi belgilandi.
«Ko‘rib turganingizdek, Qashqadaryoda amalga oshirishni rejalashtirgan ishlarimiz ko‘lami keng. Lekin bugungi shiddatli o‘zgarishlar zamoni bizdan yanada ko‘proq izlanishni taqozo etayapti.
Belni mahkam bog‘lab ishga kirishsak, biz ololmaydigan marra, biz zabt eta olmaydigan dovonning o‘zi yo‘q.
Amir Temurdek buyuk ajdodimizdan jasorat, matonat, bag‘rikenglik kabi fazilatlarni meros qilib olgan mehnatsevar, samimiy va oliyjanob Qashqadaryo ahli bilan oldimizga qo‘ygan katta-katta marralarga albatta erishamiz. Aminmanki, qashqadaryoliklar barcha islohotlarimizning oldingi safida bo‘ladi», – dedi davlat rahbari so‘zi yakunida.