O‘zbekiston talabalariga Yaponiyada ishlash imkoni: Daiwa House va TKXU o‘rtasida strategik uchrashuv
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti (TKXU) 2025 yil iyun oyida Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyani qabul qildi. Loyiha asosida o‘zbek talabalari Yaponiyaning arxitektura va qurilish sohasidagi yetakchi kompaniyasida ishlash imkoniga ega bo‘lishadi.
Migratsiya agentligining xabar berishicha, Yaponiya 10 ming nafar o‘zbekistonlik mutaxassislarni ish bilan ta’minlaydi. Ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan kelishuvda Yaponiyaga viza tartibini soddalashtirish masalasi ham ko‘tarilgan. Strategik hamkorlik yuzasidan Yaponiyaning Daiwa House qurilish kompaniyasi Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida Daiwa House Industry Co., Ltd. bosh direktori Keiichi Yoshi, xalqaro biznes bo‘limi rahbarlari, shuningdek, Tokio Marine & Nichido Fire Insurance kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili Muhsin Achilov ham ishtirok etdi.
“Universitetimizda xalqaro aloqalarga katta e’tibor qaratamiz. Hamkorlarimiz soni kundan kunga ortib boryapti. Talabalarning eng asosiy talabi – ularni ish bilan ta’minlash. Bizning asosiy strategiyamiz universitet talabalarini xalqaro miqyosda ish bilan ta’minlash, ularni xalqaro bozorga yetkazish bilan shug‘ullanamiz.
Bugun Yaponiyaning yirik Daiwa House kompaniyasi rahbariyati tashrif buyurdi. O‘zi 2 yildan beri Yaponiya bilan aloqalarimiz bor edi. Ularga malakali kadrlarni tayyorlab berish, Yaponiyada tahsil olish, amaliyotlarni tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Daiwa House kompaniyasi dunyo bo‘yicha yirik kompaniya sanaladi”, - dedi Arxitektura va shaharsozlik, qurilish ta’limi yo‘nalishi dekani Kamoliddin Saidov.
Delegatsiyani universitet muassisi, professor Alisher Vahobov boshchiligida universitet jamoasi kutib oldi, uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Muloqot davomida universitetda Yaponiya kompaniyalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, bitiruvchilar uchun Yaponiyada amaliyot va ish imkoniyatlarini yaratish, ilmiy tadqiqot va amaliy loyihalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlar universitetdagi zamonaviy ta’lim muhiti bilan yaqindan tanishdi. Ular Kimyo University Hospital klinikasi, ilmiy laboratoriyalar, fan va innovatsiya markazlari, auditoriyalar hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, TKXUdagi moddiy-texnik baza, ta’lim jarayoniga bo‘lgan yondashuv va raqamli ta’lim imkoniyatlarini yuqori baholashdi.
“Kompaniyamiz Yaponiyada qurilish sohasida 1-raqamli kompaniya hisoblanadi. Misol uchun 2024 yilda bir yillik savdomiz 5,5 trilliard iyenani tashkil qildi. Yilni 500 mlrd foyda bilan yopdik. Bu safar O‘zbekistonga aynan qurilish sohasida faoliyat yurita oladigan yoshlarni qidirib keldim. Ko‘pchilikdan O‘zbekistonda yoshlar zamonaviy bilimlarni o‘rganishayotganini eshitgan edim. Kelib haqiqatan ham o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdimki, universitet talabalari jon-ahdi bilan ilm o‘rganishyapti.
Bu safar judayam ilmga chanqoq yoshlarni ko‘rib bizning biznes tripimiz uchun juda foydali bo‘ldi deb ayta olaman. Toshkent Kimyo xalqaro universiteti hamda Daiwa kompaniyasining asosiy o‘xshash tomoni – o‘sish, rivojlanish, kelajak uchun intilish va kelajak uchun kiritilayotgan investitsiyalar deb ayta olamiz. Bizning kompaniyamiz Sharqiy Yevropada eng katta proyektlarni olishga va rivojlanishga harakat qilyapti. Buni Toshkent Kimyo xalqaro universiteti misolida ham ko‘rish mumkin. Ular ham bu masalada katta ishlarni amalga oshirayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bugungi uchrashuvdan keyin Yaponiyaga qaytib yana yangi loyihalar bo‘yicha istiqbolli rejalar tuzamiz”, - dedi Daiwa House Industry Co., Ltd. bosh direktori Keiichi Yoshi.
Tashrif natijasi sifatida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni barqaror asosda rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Xususan, Yaponiya kompaniyalari talabalarni ta’lim jarayonida qo‘llab-quvvatlash, stajirovkalar tashkil etish va talabalar faolligini rag‘batlantirish borasida qator takliflarni ilgari surdi.
Toshkent Kimyo xalqaro universiteti dunyoning boshqa mamlakatlari: Amerika, Yevropa mamlakatlari, Janubiy Koreya bilan ham hamkorlik o‘rnatgan va bitiruvchi talabalar nafaqat Yaponiyada – ushbu davlatlarda ham ishlash imkoniga ega bo‘lishadi. Ayni paytda universitetning 38ta ta’lim yo‘nalishida kechki va kunduzgi ta’lim shakllari uchun qabul boshlandi.
Ma’lumot uchun:
Daiwa House Industry Co., Ltd. — Yaponiyaning eng yirik qurilish, ko‘chmas mulkni rivojlantirish va logistika infratuzilmasi sohalarida faoliyat yurituvchi korporatsiyasi hisoblanadi. Kompaniya 1955 yilda Nobuo Ishibashi tomonidan asos solingan bo‘lib, qurilish sohasini industriallashtirish g‘oyasi bilan tanilgan. Daiwa House xalqaro miqyosda faoliyat yuritib, 20 dan ortiq mamlakatda yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga amalga oshirilgan ushbu tashrif nafaqat ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda, balki Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. TKXUning xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotgani, uning global sheriklar uchun ishonchli hamkor sifatida tan olinayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Web-page