Prezidentning Qashqadaryoga tashrifi, 1-sinfga onlayn qabulning boshlanishi va davlat xizmatchilari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi – mahalliy dayjest
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi davomida viloyatni kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha topshiriqlar berdi. Saida Mirziyoyeva prezident topshirig‘iga binoan Qo‘shrabotdagi o‘quvchilar uchun 17 ta yangi maktab avtobusini taqdim etdi. O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng yaxshi universitetlari ro‘yxatiga kiritildi. 2025-2026 o‘quv yili uchun 1-sinfga onlayn qabul boshlandi. Davlat xizmatchilarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi davomida viloyatni kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi
Davlat rahbari viloyatdagi tabiiy boyliklarni iqtisodiyotga jalb qilish bo‘yicha yangi topshiriqlar berdi. Jumladan, Kitob tumanida 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi aniqlangani aytildi. Tabiatga zarar yetkazmasdan, yopiq usulda oltin qazib olishga 100−150 million dollar sarmoya kiritishga tayyor tadbirkorlar ko‘p ekani ta’kidlandi. Shu bois ushbu konni auksionga chiqarish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida suv va kanalizatsiyani yaxshilashga bu yil 800 milliard so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga buning hisobiga 183 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 8 ta suv inshooti qurilishini yakunlash topshirildi. Qarshi shahrida suv ta’minoti 97 foiz bo‘lsa-da, suv olib boradigan 110 kilometrli magistral quvurning yarmidan ko‘pi eskirgan, suv yo‘qotish yuqori. Shu bois, qanchalik qiyin bo‘lmasin, Hisorak suv omboridan Qarshi shahrigacha ichimlik suvi tarmog‘i tortish buyurildi.
Saida Mirziyoyeva prezident topshirig‘iga binoan Qo‘shrabotdagi o‘quvchilar uchun 17 ta yangi maktab avtobusini taqdim etdi
Qayd qilinishicha, bu sovg‘a Samarqand viloyatidagi ushbu tumandagi 20 ta olis maktabda tahsil olayotgan 750 nafardan ziyod o‘quvchiga xavfsiz va qulay tarzda o‘z sinfxonalariga yetib borish imkonini beradi.
«Biz har bir bola, qayerda yashashidan qat’i nazar, sifatli, zamonaviy va munosib ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishini juda istaymiz hamda bunga erishish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni yo‘naltiramiz», dedi prezident yordamchisi.
O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng yaxshi universitetlari ro‘yxatiga kiritildi
QS World University Rankings 2026 natijalariga ko‘ra, TIQXMMI milliy tadqiqot universiteti O‘zbekistonda 1-o‘rinda, dunyoda 469-o‘rinda qayd etilgan.
Shuningdek, reytingda O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat transport universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ham bor.
2025-2026 o‘quv yili uchun 1-sinfga onlayn qabul boshlandi
20 iyun kuni soat 9:00 dan boshlab 2025-2026 o‘quv yili uchun umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga onlayn qabul boshlandi. Arizalarni elektron shaklda quyidagi my.maktab.uz yoki my.gov.uz platformalari orqali yuborish mumkin.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2018 yil 31 dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.
2026 yildan davlat xizmatiga ilk marta qabul qilinganlar bilan faqat bir yillik mehnat shartnomasi tuziladi
Ushbu shartnoma keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra uzaytiriladi. Shuningdek, birinchi marta ishga qabul qilingan davlat xizmatchilari majburiy maxsus kurslarni o‘taydi.
Davlat fuqarolik xizmatchilari o‘z vazifalarini bajarishda odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etishini ta’minlash va kasbiy madaniyatini rivojlantirish orqali davlat organlariga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash mexanizmlari joriy qilinadi.
Davlat xizmatchilarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratiladi
1 sentabrdan boshlab davlat xizmatchilari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishni nazarda tutuvchi «Davlat xizmatchisi» mobil ilovasi ishga tushiriladi. Unda xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlar, bog‘lanish uchun telefon raqami, pochtasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqidagi axborotlarni nazarda tutuvchi ma’lumotlar bazasi yaratiladi.
Bu choralar «Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida belgilab qo‘yilgan.
Raqobat qo‘mitasi ishlash va o‘qish uchun xorijga «oson» borishni va’da qilayotgan konsalting firmalardan ogoh bo‘lishga chaqirdi
2025 yilda fuqarolardan konsalting firmalari ustidan 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi xorijda ishga yoki o‘qishga joylashtirish va’dasi bilan pul olgan, ammo xizmat ko‘rsatmagan va to‘langan mablag‘larni ham qaytarmagan.
Qayd qilinishicha, bunday firmalarning ko‘pchiligida litsenziya yo‘q va faoliyati qonuniy emas. Xorijda o‘qish va ishlash niyatida bo‘lsangiz, bunday xizmatni taklif qilayotgan firmalar faoliyati qonuniyligini va litsenziyasi mavjudligini tekshiring, deyiladi qo‘mita xabarida.
Yil boshidan buyon soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga 14,5 milliard so‘m mukofot to‘landi
2025 yilning yanvar-may oylarida «Soliq» mobil ilovasining «Soliq hamkor» tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari haqida 45 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.
Ularning aksariyati xarid cheki bermaslik, to‘lovni karta orqali qabul qilmaslik, karta uchun xarid summasini oshirish bilan bog‘liq. Murojaatlar asosida 18 mingdan ortiq sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilib, 99,1 foiz holatda huquqbuzarlik tasdiqlangan. Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha xabar bergan fuqarolarga 14,5 milliard so‘m mukofot to‘langan.
O‘zbekistonda sun’iy intellekt asosida yo‘l harakatini boshqarish tizimi joriy etilishi mumkin
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu haqda ITS Asia Pacific Forum 2025 xalqaro forumida ishtiroki doirasida Koreya Respublikasi yer, infratuzilma va transport vaziri Park Sangvu hamda Korea Expressway Corporation prezidenti Xam Jingyu bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Koreya Respublikasining avtomagistrallar boshqaruvi, «aqlli» svetoforlar, sun’iy intellekt asosidagi harakatni boshqarish tizimlarini O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlari, shuningdek, mazkur mamlakat hukumati tomonidan O‘zbekistonda texnik yordam va mutaxassislar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Loyihaning qachon amalga oshirilishi haqida ma’lumot berilmadi.