Shavkat Mirziyoyev BMT Davlat xizmati bo‘yicha forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Davlat xizmati bo‘yicha forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Unda ta’kidlanishicha, bugungi kunda dunyo barqaror rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan siyosiy ziddiyatlarning kuchayishi, iqlim o‘zgarishi, tabiiy va inson resurslarining tanqisligi, kibertahdidlar kabi global muammolar bilan to‘qnash kelmoqda.
“2030 yilga qadar 5 yil: Barqaror kelajak uchun xizmat ko‘rsatish jarayonlarini jadallashtirish” mavzusida o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro anjuman global taraqqiyotda muhim o‘rin tutadigan davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini takomillashtirish, uni zamon bilan hamnafas holda yangi bosqichga ko‘tarish, kadrlar salohiyati va ularning faoliyat samaradorligini oshirish, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Mazkur tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar, dunyoning turli qit’a va mintaqa davlatlaridan kelgan 400 ga yaqin delegatlar ishtirok etayotgani ham ushbu an’anaviy anjumanning maqomi tobora ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda davlat boshqaruvida raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning innovatsion yechimlarini qo‘llash, davlat sektori institutlarida samaradorlikni keskin oshirish, liderlik boshqaruv uslubini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim olishni kengaytirish va bo‘lajak rahbarlar uchun zarur ko‘nikmalarni belgilash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga egadir.
"Dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yo‘lidan borayotgan va ilg‘or xalqaro tajribani keng tatbiq etayotgan, “davlat – xalq uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilib kelayotgan Yangi O‘zbekiston davlat xizmati sohasida global o‘zgarishlarning ajralmas bir qismiga aylanayotganini alohida ta’kidlashni istar edim.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat xizmatini chinakamiga inklyuziv xalq xizmatiga aylantirish bo‘yicha tizimli islohotlarni olib bormoqdamiz. Jumladan, xalqaro ekspertlar bilan birgalikda “Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi qonun tayyorlandi", dedi prezident.
Islohotlarning har bir xonadonga qadar kirib borishi uchun “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi, manzilli ko‘mak va ijtimoiy himoya instituti kuchaytirildi, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetib, mamlakat bu borada mintaqada yetakchi o‘rinni egalladi. 700 dan ziyod davlat xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida onlayn platformalar orqali amalga oshirilmoqda.
Davlat xizmati va boshqaruvi jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish natijasida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining elektron hukumatlar rivojlanish darajasi bo‘yicha global reytingida 24 pog‘onaga, Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda so‘nggi bir yil ichida 17 pog‘onaga ko‘tarildi.
Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida zamon talablariga mos iqtidorli mutaxassislarni jalb qilish va professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish bo‘yicha kadrlar tayyorlash klasteri tashkil etildi.
"Institutsional salohiyatni oshirish va inson kapitaliga sarmoya kiritishga ko‘maklashish uchun xalqaro tajriba asosida endaument imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bois, sizlarni O‘zbekistonda davlat xizmatida raqamli transformatsiya bo‘yicha Global bilim markazini ochish, xalqaro Yosh yetakchilar maktabini tashkil etish kabi global tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.
Bu tashabbuslar Hukumatlar, novatorlar va rivojlanish bo‘yicha sheriklar o‘rtasida almashuvlarni faollashtirish, kelajak avlod davlat xizmatchilarini tarbiyalash, boshqaruvda va kundalik hayotda raqamli vositalardan keng foydalanish, davlat sektorida innovatsiyalarni joriy etish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi", deydi Shavkat Mirziyoyev.
Bildirilishicha, bunday muhim tashabbus va takliflar forum doirasida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasida o‘zining to‘liq ifodasini topishi, mazkur muhim hujjat hamma uchun inklyuziv, barqaror va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat xizmatiga erishish yo‘lida birgalikda harakat qilish bo‘yicha o‘ziga xos dasturilamal bo‘lishi lozim.