softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Uy sotib olishda eskrou tizimi joriy etiladi, Xorazmda hokim o‘rinbosari 8 yilga qamaldi va Toshkentda 11 yosh qizni tok urdi – mahalliy dayjest

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

Uy sotib olishda eskrou tizimi joriy etiladi, Xorazmda hokim o‘rinbosari 8 yilga qamaldi va Toshkentda 11 yosh qizni tok urdi – mahalliy dayjest

Batafsil o'qish:

O‘zbekistonda 1 iyuldan uy sotib olishda eskrou tizimi joriy etiladi. Kurerlik faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilandi. Toshkent va Pusan yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Toshkentda 11 yoshli qiz tok urishidan vafot etdi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

1 iyuldan uy sotib olishda eskrou tizimi joriy etiladi

2025 yil 1 iyuldan O‘zbekistonda uy-joy xarid qilish jarayonida eskrou tizimi amaliyotga joriy etiladi.

Yangi tartib fuqarolarning huquqlarini muhofaza qilish hamda qurilish sohasida qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangi tizimga ko‘ra, shartnomalar faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan qurilish obektlari bo‘yicha tuziladi. Shuningdek, xaridor to‘layotgan mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri qurilish kompaniyasiga berilmaydi, balki bankdagi maxsus eskrou hisobvaraq orqali amalga oshiriladi, qurilish ishlari kamida 30 foizga bajarilganidan so‘nggina bank tomonidan mablag‘ ko‘chiriladi yoki kredit ajratiladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab esa faqat eskrou hisobvaraq orqali hisob-kitoblarga ruxsat etiladi, qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash maqsadida «Shaffof qurilish» axborot tizimi joriy etiladi.

Kurerlik faoliyatini amalga oshirish tartibi belgilandi

«Elektron tijoratda kurerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga ko‘ra, kurer tadbirkor hamda yetkazib berish xizmati operatorlari bilan mehnat shartnomasi va (yoki) fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida tovarlarni yetkazib beruvchi jismoniy shaxs, shu jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hisoblanadi.

Yetkazib berish xizmati operatorlari va kurerlar shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, xaridorlardan tovar va yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilishga haqli.

Bunda nazorat-kassa texnikasini majburiy qo‘llash yoki elektron yoxud qog‘oz shaklida chek taqdim etilishi kerak. Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda transport vositalari va termokonteynerlarning toza hamda soz holatda bo‘lishi, muntazam yuvilishi va dezinfeksiya qilinishiga amal qilish lozim.

Toshkent va Pusan yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi

Janubiy Koreyaning Pusan shahriga «Qanot Sharq» aviakompaniyasining ilk samolyoti borib qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, samolyot suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi. «Pusan-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha ilk parvoz arafasida aeroportda mazkur havo qatnovining tantanali ochilish marosim bo‘lib o‘tdi.

Shu tariqa, Toshkent va Pusan o‘rtasida muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Parvozlar qulay A-330 samolyotlarida haftasiga ikki marta – chorshanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.

Pusan shahri – Seuldan keyin Janubiy Koreyaning ikkinchi yirik shahri va mamlakatdagi eng katta port shahar hisoblanadi.

Hokimning sobiq o‘rinbosari 8 yilga qamaldi

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani hokimi sobiq o‘rinbosari ozodlikdan mahrum qilindi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

34 yoshli Bekzod Davlatov Qo‘shko‘pir tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

U o‘zida qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydonlarini ajratish vakolati bo‘lmasa-da, o‘tgan yilning noyabrida fuqaroga tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan jami 51,1 ga yer maydonini auksion savdolari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga hokimlik tizimidagi yuqori lavozimlarda ishlovchi mansabdor shaxslarga har bir gektar yer maydoni uchun 500 dollardan jami 25 ming dollar va dastlabki hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yana 50 mln so‘m berishi kerakligini aytib, aldagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Tuproqqal’a tuman sudining 2025 yil 11 apreldagi hukmi bilan Bekzod Davlatovga 2 yil davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlarda moddiy javobgar hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.

Toshkentda 11 yoshli qiz tok urishidan vafot etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda 11 yoshli qizni tok urishi oqibatida vafot etgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Toshkent shahar IIBB ma’lumotida keltirilishicha, hodisa 30 may kuni sodir bo‘lgan. 2014 yilda tug‘ilgan qiz Mirobod tumani Amir Temur ko‘chasidagi savdo do‘konlardan birining tom qismiga ukasining o‘yinchog‘ini olib tushish uchun narvon yordamida chiqqan.

Qiz o‘yinchoqni olib qaytib tushayotgan vaqtida tom qismiga yaqin joydan o‘tuvchi elektr tarmog‘ini ushlab olgan. Buning oqibatida u tok urib, voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.