softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu nima uchun muhim?

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu nima uchun muhim?

Batafsil o'qish:

Ko‘pincha “madaniyat kunlari” degan iborani eshitganda odamlar shunchaki konsert, raqs yoki ko‘rgazmani tasavvur qilishadi. Lekin Mo‘g‘ulistonda 23-25 iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” – bu faqat san’at namoyishi emas. Bu – o‘ylangan, maqsadli va o‘z vaqtida tashkillashtirilgan diplomatik qadam.

Foto: Madaniyat vazirligi

Tadbir O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga rasmiy tashrifidan atigi ikki kun oldin o‘tkazildi. Bu tasodifmi? Albatta yo‘q.

Tadbirning o‘zi emas, uning vaqti ham gapiradi

Prezident tashrifidan avval madaniy rishtalar orqali o‘ziga xos muhit yaratish – bu xalqaro diplomatiyada “soft power” deb ataladigan uslubning ajoyib namoyishidir. Mo‘g‘ulistondagi konsert va uchrashuvlar orqali yurtimiz o‘zining faqat siyosiy-iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar sohadagi maqsadlarini ham namoyon qildi.

Tadbirda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning shaxsan qatnashishi, Mo‘g‘uliston cport, yoshlar va madaniyat vaziri Undram Chinbat bilan uchrashuvi uning maqomini belgilab berdi. O‘ziga yarasha mas’uliyat va qat’iyat bilan boshlangan oliy darajadagi madaniy aloqalarning kelajagi porloq bo‘lishi va boshqa aloqalarga ham ijobiy ta’sir qilishi shubhasiz.

Madaniy tadbirlar bilan nimalar o‘zgarishi mumkin?

Javobimiz shunday: juda ko‘p narsa.

Madaniyat orqali odamlar bir-birini yanada yaxshi tushunadi. Masalan, mo‘g‘ul tomoshabini o‘zbek raqsini, musiqasini, tilini eshitganida, u bizni xarita orqali tanibgina qolmay, qalbi bilan his eta boshlaydi. Shu orqali xalqlar yaqinlashadi. Xalqlar yaqinlashsa, siyosatchilarga ham oson bo‘ladi – bitim tuzish, kelishuv qilish, hamkorlik boshlash. Asosiysi, kelishuvlarni kutilganidek amalga oshirishga zamin hozirlanadi.

Madaniy aloqalar diplomatiyaning ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin eng ta’sirli kuchidir.

Bu oddiy fuqarolarga nima beradi?

Haqiqat shuki, bunday tadbirlardan har bir o‘zbekistonlik naf ko‘radi.

Birinchidan, boshqa xalqlar orasida o‘zbekcha musiqa, libos, kino, san’at namoyish etilayotgani – bu milliy faxr. O‘z ona tilida kuylayotgan qo‘shiqni boshqa mamlakat sahnasidan eshitgan o‘zbekistonlik boshqacha faxr his qiladi.

Ikkinchidan, bunday tadbirlar orqali O‘zbekistonning dunyodagi imiji yaxshilanadi. Bu esa chet eldagi o‘zbekistonliklar uchun ham, sayyohlar, sarmoyadorlar uchun ham muhim.

Uchinchidan, ijodkorlar, hunarmandlar, san’atkorlar uchun yangi eshiklar ochiladi. Chet elda konsert bergan san’atkor ertaga xalqaro loyihada qatnashishi mumkin. O‘zbek san’atkorlari va hunarmandlari uchun yangi sahna va yangi bozor paydo bo‘ladi. Bitta qo‘shiq, bitta raqs, bir dona rishtoniy sopol piyola ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin.

Ayniqsa bugungi kunda iqtisodiy hamkorlikdan foyda topish faqat zavod qurish bilan emas, ishonch muhitini yaratish bilan boshlanadi. Madaniy tadbirlar ana shu ishonch muhitini hosil qiladi. Shuning uchun ham san’at diplomatiyaning “jonli tili” sanaladi. Unda niqob yo‘q, qo‘lda qog‘oz emas – yurakda his bor.

Ya’ni bugun sahnada kuylangan qo‘shiq ertaga bitimga aylanishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, Mo‘g‘ulistondagi “O‘zbekiston madaniyati kunlari” – bu shunchaki gala-konsert emas, balki strategik qadam. Bu qadam orqali biz dunyoga nafaqat kuchi, balki madaniyati, qalbi, falsafasi bor xalq ekanimizni ko‘rsatdik.

Hozirgi dunyoda kim shovqin bilan emas, qalb bilan gapira olsa – o‘shani eshitishadi.

O‘zbekiston shu yo‘ldan ketmoqda. Madaniyat bilan, yurak bilan, samimiyat bilan.

Shahnoza Soatova,
adliya vaziri maslahatchisi