Mahmud Istamov Adliya vazirligiga qaytdi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Devoni rahbari lavozimida ishlab kelgan Mahmud Istamov adliya vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. U 2017-2019 yillarda vazirning birinchi o‘rinbosari, vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Foto: Adliya vazirligi
Prezident qarori bilan, Istamov Mahmud Shuhratovich adliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Mahmud Istamov 1979 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 2000 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2000 yilda Adliya vazirligi Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi katta maslahatchisi lavozimida boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmada bosh maslahatchisi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan. 2004-2005 yillarda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan ta’minlash markazi rahbari, 2005-2006 yillarda Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
2006-2011 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatida adliya va sud idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha inspektor, 2011-2014 yillarda yetakchi inspektor lavozimida ishlagan.
2014-2017 yillarda Prezident devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati Siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish shu’basi mudiri bo‘lib ishlagan. 2017 yilda Prezident devoni Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati Sud-huquq sohasidagi qonunchilik shu’basi mudiri etib tayinlangan.
Mahmud Istamov 2017-2019 yillarda adliya vazirining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
2019-2021 yillarda Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari lavozimida, 2021-2024 yillarda Buxoro viloyati prokurori lavozimida ishlagan.
Tayinlovga qadar (2024 yildan) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Devoni rahbari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Avvalroq, mart oyida Nu’mon Muhammadiyev adliya vaziriga o‘rinbosar etib tayinlangan edi. U rasmiy xabar bermagan holda lavozimidan bo‘shatilgan Xudoyor Meliyevning o‘rnini egallagandi.