Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘ulistonga bordi, attestatsiyadan o‘tkazib berish evaziga pul so‘ragan shaxs ushlandi. Yerusti metrosining yana 6 ta bekati vaqtincha yopiladi – mahalliy dayjest
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Batafsil o'qish:
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Mo‘g‘ulistonga bordi. Qashqadaryoda sobiq hokim o‘rinbosari ozodlikdan mahrum etildi. Tog‘li va cho‘l hududlarda turizm subsidiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Jizzaxda 50 nafar pedagogni attestatsiyadan o‘tkazib berish evaziga pul so‘ragan shaxs ushlandi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s
Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘ulistonga bordi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga bordi.
Davlat rahbarini Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan «Buyant-Uxaa» aeroportida oliy martabali mehmonlar sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, bugun oliy darajadagi O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston muzokaralari bo‘lib o‘tadi.
Attestatsiyadan o‘tkazib berish evaziga pul so‘ragan shaxs ushlandi
Jizzaxda 50 nafar pedagogni attestatsiyasidan o‘tkazib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi.
Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi shaxs 50 nafar jizzaxlik pedagogni davlat test markazidagi tanishlari orqali malaka attestatsiyasidan o‘tkazishni va’da qilgan.
Jizzax viloyati IIB xabariga ko‘ra, ushbu shaxs pedagoglardan pul talab qilgan. Gumon qilinuvchi Sharof Rashidov tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisidan 25 ming dollar hamda 30 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. Holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazilmoqda.
Yerusti metrosining yana 6 ta bekati vaqtincha yopiladi
Toshkent metropolitenining Yerusti halqa yo‘li yo‘nalishining «Texnopark – Qipchoq» bekatlari oralig‘ida bosqichma-bosqich 3 oy muddatga mo‘ljallangan rejali profilaktik ishlar amalga oshirilmoqda.
Rejali profilaktik ishlarning keyingi navbatini amalga oshirish uchun 2025 yil 28 iyun sanasida boshlab, «Quruvchilar»—«Yangiobod» bekatlari oralig‘ida poyezdlar harakati to‘xtatiladi.
Yo‘lovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida, «Qipchoq–Yangiobod–Qipchoq» metro bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi katta sig‘imli avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tonggi 05:00 dan tungi 23:00 ga qadar amalga oshiriladi.
Tog‘li va cho‘l hududlarda turizm subsidiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanadi
«Tog‘li va cho‘l hududlarda turizm xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, tog‘li va cho‘l hududlarda umumiy masofasi 200 metrdan kam bo‘lmagan ziplayn ekstremal turizm majmuasini yaratish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 100 million so‘m ajratiladi.
Shuningdek, tog‘li va cho‘l hududlarda 150 kv metrdan kam bo‘lmagan maydondagi taypark ekstremal turizm majmuasini yaratish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 80 million so‘m ajratiladi.
Subsidiya olish uchun tadbirkor Turizm qo‘mitasiga yozma yoki elektron ariza taqdim etishi kerak. Kelib tushgan arizalar komissiya tomonidan qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida kollegial tarzda ko‘rib chiqiladi.
Yana bir sobiq «zamhokim» qamaldi
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimining sobiq o‘rinbosari jinoiy jazoga tortildi.
Kun.uz tanishgan sud hujjatlarida keltirilishicha, 1986 yilda tug‘ilgan Sherdil Ergashev 2021 yil mart oyidan 2024 yil 21 sentabrga qadar Dehqonobod tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. U Global Commerce MChJ tomonidan amalga oshirilgan Qarashina shaharchasini obodonlashtirish obektini foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qo‘yish uchun MChJ rahbaridan pora talab qilgan.
Sobiq «zamhokim» ushbu MChJ haydovchisidan 5 ming dollar olganda tezkor tadbirda ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining 2025 yil 10 fevraldagi hukmi bilan Sherdil Ergashev pora olish jinoyatini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Buyurtma berish
Quyidagi formani to'ldiring, siz bilan 24-soat mobaynida bog'lanamiz.