«Ayrim rahbarlar tadbirkorlarga yordam berish o‘rniga, ularga to‘siq bo‘lmoqda» – prezident
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
O‘zbekistonda ayrim amaldorlar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ularga to‘siq bo‘lmoqda, deya ta’kidladi prezident. U ishlab chiqarish va eksportni rivojlantirish uchun barcha sohadagi birinchi rahbarlarning mas’uliyatini kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ayrim rahbarlarning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga o‘zlari biznesga to‘siq bo‘layotganini keskin tanqid qildi.
«Takror va takror aytaman – “hozirgi dunyodagi vaziyat bizga ta’sir qilmaydi” deganlar juda katta xato qiladi. Bunday sharoitda faqat o‘z kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil-dadil qadam tashlashimiz kerak», – dedi davlat rahbari.
Lekin ko‘p rahbarlar hali masalaning jiddiyligini, 2 karra ko‘p ishlash kerakligini bilmayotgani, har bir vazirlik, tarmoq va hududlarni birinchi rahbarlari aniq-aniq reja qilib, ishlab chiqarish, eksport bilan o‘zi shaxsan shug‘ullanishi shart va zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bir hafta davomida mutasaddilar 3 mingdan ziyod tajribali tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ishbilarmonlar xalqaro bozorlardagi tebranishlarga moslashish uchun tezda hal qilish kerak bo‘lgan yangi-yangi masalalarni qo‘ymoqda. Vazirlar, hokimlar, bank va tarmoq rahbarlariga savollar ko‘p.
Ayrim rahbarlar tendensiyalarni o‘rganib, xatarlarni to‘g‘ri baholab, tadbirkorlarga yo‘l ochish o‘rniga o‘zlari to‘siq bo‘layotgani tanqid qilindi.
Bundaylarga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi qayd etildi.
Standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimidagi eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘layotgani”, sohada korrupsiyani keltirib chiqarayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
25 mingdan ortiq standart, 41 ta texnik reglament xalqaro bozor talablariga mos kelmaydi. Hozirda 13 mingga yaqin turdagi tovarning 6,5 mingi majburiy sertifikatlanadi, bu esa tannarxni oshiradi.
“Vazirlar, hokimlar qachon tadbirkorlarni eshitib, qaysi standartni yangilash, qaysi birini bekor qilish, nima mahsulotni majburiy sertifikatsiya ro‘yxatidan chiqarishni o‘ylab ko‘rdi? Afsuski, bunga ijobiy javob yo‘q”,
- deya qat’iy e’tiroz bildirdi Prezident.
Xususan, investorlar mamlakatimizdagi ko‘p laboratoriyalar talabga javob bermasligi, rivojlangan davlatlar standartlari esa tan olinmayotganini aytmoqda.
Hozirgi tizimda sertifikatlash organlari bir paytning o‘zida bozor nazoratini ham olib borayotgani, bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib kelayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz sertifikatlashtirish tizimidagi ayrim muammolarni sanab, ularning yechimlarini aytdi.
Ta’kidlanganidek, sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘zining mahsulotiga Sanepidqo‘m xulosasini olish tizimidan norozi.
Masalan, yiliga 100 million dollarlik bolalar ozuqasi import bo‘lmoqda. Lekin zamonaviy uskuna keltirib, zavod qurgan tadbirkor Sanepidqo‘m xulosasi yo‘qligi uchun ishlab chiqarishni boshlay olmayapti. Xulosa berish uchun esa standart yo‘q.
Qo‘mita rahbariyati “bu mahsulotga bizda standart yo‘q”, deb kutib o‘tirmasdan, o‘zi tashabbus qilib, tadbirkor bilan birga standart ishlab chiqmayotgani tanqid qilindi.
Ayrim tuman sanepidxizmatlari haligacha tadbirkordan bitta mahsulotning har xil qadoqlangan partiyasini alohida sinovdan o‘tkazishni talab qilmoqda. Bu qo‘shimcha vaqt, qo‘shimcha xarajat talab qiladi.
Bir vaqtda tayyorlangan mahsulotning har xil hajmda qadoqlanishi sifatga naqadar aloqador ekani savol uyg‘otadi.
Shuningdek, mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta ko‘rsatkich bo‘yicha xulosa olishi kerak. Tadbirkorlar shuning 43 tasi uchun Sanepidqo‘m tizimidagi laboratoriyalarga, qolgan 2 tasi bo‘yicha boshqa laboratoriyaga bormoqda.
Qo‘mitaga hamma tekshiruvni bitta joyda tashkil qilish topshirildi.
Meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun ham 3 ta tashkilotning laboratoriyasiga borish kerak. Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi.
Shu bois eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna jo‘natayapti.
Mutasaddilarga shu paytgacha birorta xalqaro tan olingan laboratoriyani olib kelmagani, eskirgan ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.