softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Moskvadagi kaltaklash, tanqidga uchragan sertifikatsiya va Andijondagi “radar ovchisi” - hafta dayjesti

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

Moskvadagi kaltaklash, tanqidga uchragan sertifikatsiya va Andijondagi “radar ovchisi” - hafta dayjesti

Batafsil o'qish:

Moskvada qirg‘izistonliklar tahqirlandi: O‘zbekiston bunday holatlarning oldini olmoqchi. O‘zi 300 dollar turadigan mopedni sertifikatlash ham 300 dollarga boryapti: prezident eskirgan talablarni tanqid qildi. Jizzaxda AES qurilishi boshlandi: loyiha qiymati hamon noma’lum. Marg‘ilonda metan shoxobchasida portlash: propan ballonga metan quyilgan. Haftaning asosiy voqealari – Kun.uz dayjestida.

Moskvada kaltaklangan qirg‘izistonliklar va Baxtiyor Saidovga parlament so‘rovi

O‘zbekistonda Rossiya fuqarolarini birov kamsitmaydi, huquq-tartibot idoralari ularni xo‘rlab, kaltaklamaydi. Shunday ekan, Rossiyada ham o‘zbekistonliklar kamsitilmasligi, xo‘rlanmasligi va kaltaklanmasligi kerak. Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov ayrimlarga shu oddiy mantiqni eslatib, ikki o‘rtadagi ittifoqchilik ana shundan boshlanishini aytdi.

Bekmurodovning bu bayonoti tashqi ishlar vaziriga parlament so‘rovi yuborilgani ortidan yangradi. Vazir Baxtiyor Saidovga yo‘llangan so‘rovda xorijdagi vatandoshlarning huquqlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘ralgan. Bu so‘rovning yuborilishi Moskvadagi hammomga reyd uyushtirgan FSB va politsiyachilar bir guruh qirg‘izistonliklarni tahqirlagani ortidan ro‘y bermoqda. Turgan gapki, Rossiya idoralari uchun odatiy hol bo‘lgan bunday reydda, kaltaklangan qirg‘izlar o‘rnida o‘zbeklar bo‘lishi ham mumkin edi.

Internetda tarqalgan videolarda huquq-tartibot idoralari xodimlari yerda yotgan muhojirlarni tepib, ularning ustidan yurib o‘tgani, xodimlardan biri xonadagi kuzatuv kamerasiga lenta yopishtirib, kamerani to‘sib qo‘yganini ko‘rish mumkin. “Hammani yuztuban yerga yotqizishdi, xuddi hayvonlardek. Ko‘pchilikning tanasida ko‘karishlar bor. Bu tekshiruv emas, bu qiynoq”, degan voqea ishtirokchilaridan biri. “Hammani kaltaklay boshlashdi. Kim urayotgani ham tushunarsiz, ko‘rib bo‘lmasdi. Bosh ko‘tarishga qo‘yishmaydi. Nima uchun urushayotganini tushunmasdik, hech kim hujjat so‘ramadi”, deya voqeani hikoya qilib bergan boshqa bir qirg‘izistonlik.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi rus elchisini chaqirib, holat yuzasidan tushuntirish berish va kuch ishlatgan xodimlarga chora ko‘rish talab qilingan notani topshirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa kuch ishlatgan organ xodimlarini oqlab bayonot berdi. Bayonotda “Bodrost” nomli hammomda qo‘lga olinganlardan 25 nafari noqonuniy migrant ekani, ayrimlari radikal guruhlarga aloqadorlikda ayblanayotgani, xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan ayrim chet elliklarga nisbatan kuch tuzilmalari “vakolatlari doirasida chora ko‘rgani” aytiladi. Xuddi shunday, Rossiya Ichki ishlar vazirligining bayonotida ham videolarda yaqqol ko‘rinib turgan tahqirlash va noinsoniy munosabat to‘laligicha oqlangan. “Politsiyachilar qonunga zid hech qanday xatti-harakat qilmagan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Moped va skuterlar uchun avtoraqam va guvohnoma talabi kechiktirildi

O‘zbekistonda moped va skuterlar uchun texpasport, davlat raqami va haydovchilik guvohnomasi olish muddatlari uzaytirildi. Hukumatning o‘tgan yilgi qarori bilan, buning uchun 1 martgacha muddat berilgandi, endilikda shu muddat 1 oktyabrgacha uzaytirildi. Shu tariqa, 1 oktyabrdan boshlab, tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda moped va skuterlarni boshqarish, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tmagan va davlat raqamisiz moped va skuterlardan foydalanish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mopedlar haqida juma kungi prezident selektorida ham so‘z bordi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, kurerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ishli qilyapti, lekin mopedning o‘zi 300 dollar tursa, uni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketyapti. Davlat rahbari shu va boshqa misollarni keltirib, sertifikatlashdagi bunday to‘lov va tartibotlar mutasaddilar tomonidan qanchalik chuqur o‘ylanganini savol ostiga oldi.

“Standart va sertifikatsiya tizimidagi eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning qo‘lini bog‘layapti, sohada korrupsiyani keltirib chiqaryapti. Hozirda 13 mingga yaqin turdagi tovarning 6,5 mingtasi majburiy sertifikatlanadi. Vazirlar, hokimlar qo‘liga qalam olib, tadbirkorlarni eshitib, qaysi standartni yangilash, qaysi birini bekor qilish, nima mahsulotni majburiy sertifikatsiya ro‘yxatidan chiqarishni o‘ylab ko‘rdimi?” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident topshirig‘i bilan, tagliklar va tish cho‘tkalari kabi “yuqori xavf darajasiga ega” deb topilgan 7 xil tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bekor qilinadigan bo‘ldi. Avvalroq xabar berganimizdek, hukumat qarori bilan o‘tgan yili noyabrdan yo‘lga qo‘yilgan bu talab fonida bolalar tagliklari importi keskin qisqarib ketgan, biz bilan suhbatlashgan tadbirkor buni “sun’iy to‘siqlar bilan raqobatni cheklash” deb atagandi. Tarmoqlarda esa tagliklarning ayrim turlarini do‘konlardan topib bo‘lmay qolgani haqida yozishgandi.

Yig‘ilishda prezident quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanishini aytdi. 4 yil oldin kiritilgan shakar uchun 20 foizlik aksiz solig‘i ham bekor qilinadigan bo‘ldi. Shuningdek, 1 iyuldan boshlab birorta ham tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi e’lon qilindi. Shu sanadan e’tiboran, eksportga oid ayrim ruxsatnomalar va turli yig‘imlar bekor qilinib, 86 turdagi xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori tovarlarga nisbatan eksport bojlari amal qila boshlaydi.

Ayrim hibrid avtomobillarni olib kirish to‘lovlari oshadi

Byurokratiya sabab sertifikatlash tizimining tanqidga uchrashi transport vositalari importidagi vaziyatga ta’sir qiladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha esa bu yo‘nalishda ikkita yangilik bor. Birinchisi – Leapmotor “seriali”ning tugagani bo‘lsa, ikkinchisi – ayrim turdagi elektromobillar importining qimmatlashishi.

Dushanba kuni Piskentda Leapmotor kompaniyasi vakili ishtirokida C16 rusumli boshqa bir elektromobil sinovdan o‘tkazilib, ijobiy natija olingani e’lon qilindi. Laboratoriya mudiri Kun.uz'ga bergan izohida aytishicha, uch hafta oldin elektromagnit moslashuvchanlik testidan o‘tolmagan C16'da “ayrim detallar o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkin”. O‘tkazilgan yangi sinov va Leapmotor bilan muzokaralardan keyin, bu brend avtomobillarini sertifikatlashga taqiq bekor qilindi. Texnik tartibga solish agentligiga ko‘ra, Leapmotor O‘zbekistondagi faoliyatini rasmiy distribyutor orqali davom ettirishga rozi bo‘lgan. Yaqin kunlarda O‘zbekiston rasmiylari Xitoyga borishi, ular ishtirokida Leapmotor zavodida texnik audit o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Taqiq yechilgan bo‘lsa ham, Leapmotor'ning bir qator modellari, xususan C16'ni O‘zbekistonda yorqin kelajak kutyapti deb bo‘lmaydi. Chunki bu model “kengaytirilgan diapazonli elektromobil” (EREV) toifasiga kiradi. Bunday toifadagi avtomobillarni bojxonadan o‘tkazish to‘lovi esa oshishi kutilyapti. Bu bojxonada alohida tovar kodi kiritilishi bilan bog‘liq. Gap shundaki, keng diapazonli elektromobillarda elektr dvigatelidan tashqari, ichki yonuv dvigateli ham bo‘ladi. Bunday mashinalarning sof hibrid modellardan farqi – mashinani faqat elektrodvigatel harakatga keltiradi, ichki yonuv dvigateli esa g‘ildiraklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanmagan, faqat batareyani zaryadlash vazifasini bajaradi. Hozir bu toifa mashinalarga sof elektromobillar kabi bojxona to‘lovlari hisoblanyapti, lekin yaqin orada ularni hibrid modellar toifasiga o‘tkazish reja qilingan. Bu esa bojxona to‘lovlari oshishini anglatadi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Andijonda miltiq bilan 52 ta radarni otgan haydovchi ijtimoiy tarmoqlar qahramoniga aylandi. Viloyat IIBga ko‘ra, 49 yoshli erkakning qilmishi natijasida yetkazilgan zarar miqdori jami 1 mlrd 147 mln so‘mga baholangan. Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchiga nisbatan hech qanday ehtiyot chorasi qo‘llanmagan. Ayblanuvchining ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlariga qaraganda, u qilmishidan pushaymon emas, aksincha, faxrlanayotgandek ko‘rinadi. Erkak plastik kartasi raqamini e’lon qilib, odamlardan zararni qoplash uchun pul o‘tkazishni so‘rab chiqdi. Tarmoqlardagi izohlarda juda ko‘pchilik uni qo‘llayotganini ko‘rish kishini o‘yga toldirmay qo‘ymaydi.

Andijon shahri yaqinida qurilgan Yangi Andijon shahriga Bobur nomi beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi vaqtida ma’lum qilindi. Yangi massivga Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Boburni Andijon shahri va boshqa hududlar bilan bog‘lash uchun 56 kilometrlik halqa yo‘li quriladi. Shuningdek, Xonoboddan o‘tuvchi Qoradaryo ustidagi ko‘prik rekonstruksiya qilinishi, “Andijon turmasi” shahar tashqarisiga ko‘chirilib, o‘rnida savdo va servis markazi qurilishi kutilmoqda.

Jizzaxda atom elektr stansiyasi loyihasi doirasida birinchi binolar qurilishi boshlandi. 15 aprel kuni “O‘zatom” va “Rosatom” rasmiylari Jizzax tumanida AESning qurilish-montaj bazasi – ma’muriy binolar, omborlar va yig‘ish korxonalari qurilishiga start berdi. Jarayonning borishi, AES borasidagi muzokaralar va kelishuvlar haqida juma kuni davlat rahbariga taqdimot qilindi. Avvalroq “O‘zatom” rahbari stansiyaning narxi texnik-iqtisodiy asoslar tasdiqlanganidan keyin ma’lum bo‘lishini aytgandi.

Marg‘ilondagi metan shoxobchasida Matiz'ga o‘rnatilgan gazballon portlab ketdi. Rasmiy xabarga ko‘ra, hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan, halok bo‘lganlar yo‘q. Voqea sababi o‘ta hayratlanarli: shoxobchada Matiz'dagi propan ballonini metan bilan to‘ldirmoqchi bo‘lishgan. Metan va propan ballonlarining bosimga chidamlilik darajasi yer bilan osmonchalik farq qilishini bilishmagani taajjublanarli. Portlash natijasida to‘kilib qolgan mashinaning ahvoliga qaraganda, yaqin atrofdagi odamlar mo‘jiza tufayli omon qolgan deyish mumkin.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar milliy jamoasi Osiyo chempionatida finalga chiqdi. Jamoa yarimfinalda KXDRni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Islom Ismoilov shogirdlari finalgacha bo‘lgan 5 ta o‘yindan 4 tasida uchta yoki undan ko‘proq gol urgani diqqatga sazovor. Asilbek Aliyev 5 ta gol bilan chempionat to‘purarlari ro‘yxatida birinchi o‘rinda boryapti. Jamoa 20 aprel, yakshanba kuni finalda musobaqa mezboni Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi. Ikki jamoaning o‘n kun oldin guruh bosqichidagi to‘qnashuvi 3:0 hisobida, O‘zbekistonning g‘alabasi bilan yakunlangan edi.