“Oyog‘i kuygan 1,5 yashar qizcha ishi”: Popdagi bog‘cha noqonuniy tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Ushbu oilaviy bog‘cha davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan va litsenziyasiz ishlayotgani aniqlandi. Hozirda uning faoliyati to‘xtatilgan, bolaning kuyishi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv tayinlangan.
Foto: Kun.uz
Namangan viloyatining Pop tumanidagi oilaviy bog‘chada 1,5 yashar qizaloqning oyog‘i kuydirib qo‘yilgani, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmagani bo‘yicha Kun.uz'da chop etilgan murojaat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, “Bog‘” MFY hududida yashovchi fuqaro S.F. tomonidan uyida noqonuniy ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan va litsenziyasiz bog‘cha tashkil qilingani aniqlangan.
“Joriy yilning 23 aprel kuni haqiqatan ham mazkur noqonuniy tashkil etilgan bog‘chada M.R. ning farzandi bilan (qaynoq suv to‘kilishi oqibatida) noxush holat ro‘y bergani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu noqonuniy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati to‘xtatilib, yuqoridagi holat yuzasidan huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga barcha hujjatlar taqdim etilganligi bildiriladi”, — deyiladi boshqarma munosabatida.
Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, hozirda bola kuyganligi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi aytildi.