O‘zbekistonliklar BAAda jinoyat sodir etishi ko‘paygani sababli vizasiz rejim bekor qilinishi mumkin
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
20 aprel kuni Dubayda O‘zbekistonning o‘nlab fuqarolari ishtirokida pichoqbozlik sodir bo‘lgani haqida videolar tarqaldi. BAA tomoni ushbu ish doirasida 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari sodir etayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Foto: Kun.uz
Joriy yil 20 aprel kuni BAAning Dubay shahrida O‘zbekiston fuqarolaridan tashkil topgan ikki jinoiy guruh o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda tarqalgan xabarlarda mojaro pichoqbozlik bilan yakunlangani, natijada guruhlardan birining yetakchisi voqea joyida halok bo‘lgani aytiladi.
Xabarlarda ushbu jinoiy guruh a’zolari 2023 yil dekabrida O‘zbekistonda «ko‘cha»ga nisbatan bo‘lib o‘tgan tadbirlar fonida mamlakatni tark etib, Turkiya va BAAda qo‘nim topgan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, BAAda O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq holat yuzasidan diplomatlar Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazgan.
«BAA tomoni mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini, 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi», deyiladi TIV bayonotida.
Shuningdek, tashqi ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ish olib borayotganini hamda yurtdoshlarni nomaqbul harakatlardan tiyilishga chaqirgan.
«O‘zbekiston fuqarolarini xorijda yurtdoshlarimiz sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqiramiz».
Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida 20 aprel kuni sodir bo‘lgan hodisa tafsilotlariga to‘xtalmagan, shuningdek vafot etgan yoki jarohatlangan fuqarolar haqida ma’lumot bermagan.