“Farzandlarimiz turk erkaklari quchog‘ida qolmoqda” – Turkiyadagi o‘zbek xotin-qizlari taqdiri haqida suhbat
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Ma’lum bo‘lishicha, Turkiya O‘zbekistondan ko‘proq ayollar oshiqadigan davlat. Ishlash, o‘qish, turmushga chiqish maqsadida bu mamlakatga yo‘l oluvchilar afsuski, turli aldovlarga ham chuv tushishmoqda. Farzandlarimiz bugun turk erkaklarining quchog‘ida qolmoqda, deydi Kun.uz bilan gaplashgan “O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati” direktori Ozoda Islomova.
Matbuotda tez-tez xorijda aldangan, fohishalikka majburlangan, bosim o‘tkazilgan, mehnat huquqlari poymol bo‘lgan vatandoshlarimiz haqida xabarlarga duch kelamiz. Aldangan xotin-qizlar orasida voyaga yetmaganlarning ham bo‘lishi – achinarli holat. Masalan, yaqindagina O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi voyaga yetmagan o‘zbek qizi o‘qish maqsadida bu davlatga olib borilib, so‘ngra fohishalik qilishga majburlangani xususida ma’lum qildi.
Istanbuldagi “O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati” direktori Ozoda Islomovaga ko‘ra, hali-hanuz aldanayotgan, zo‘ravonlikka duch kelayotgan ayollarning soni anchagina. Ayniqsa, fohishalik qilish uchun O‘zbekistondan xotin-qizlarni olib kelishda o‘zimizning vatandoshlar ishtiroki faol.
“Ko‘proq kimlarni olib kelishadi, bilasizmi? Iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan, nosog‘lom muhitda o‘sgan, ota-onasi bo‘lmagan yoki oilasi notinch bo‘lganlar, turmushidan ayrilganlar tez qarmoqqa ilinadi. Go‘zallik salonlari, tikuvchilik fabrikalaridan izlab, bunday xotin-qizlarni topishadi” – Ozoda Islomova, O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati direktori.
Suhbatdoshimizning qo‘shimcha qilishicha, 2023 yil hisob-kitobiga ko‘ra, Turkiyada yashovchi o‘zbeklarning 80 foizi xotin-qizlardir. Ular ishlash, o‘qish, karera qurish, turmushga chiqish maqsadida bu davlatga keladi. O‘zbeklar uchun Turkiyaga borish qiyin emas, 30 kunlik vizasiz rejim amal qilgani uchun xorijga chiqish pasportiga ega bo‘lgan har qanday fuqaro aviachiptani xarid qilib, boraveradi. Ayniqsa, ayollar uchun bu mamlakatda bo‘sh ish o‘rinlari ko‘p, ular bola va keksalarga qarash, xizmat ko‘rsatishda tez ish topishlari mumkin. Lekin xotin-qizlarning soddaligidan foydalanib, ularni axloqsiz ishlarga majburlaydiganlar juda ko‘p.
O‘zbekistondan keluvchilar o‘zi bilan bolalarini ham yetaklab kelmoqda. Chunki oilasidan ajrashganlar bolasini hech kimda qoldirolmaydi, otalar esa aliment to‘lamaslik uchun notarius orqali bolasidan ham tez voz kechmoqda. Natijada esa farzandlarimiz bu yerda turk erkaklari quchog‘ida katta bo‘lyapti, deydi jamiyat raisi.
“Aliment to‘lamaslik uchun otalar o‘z bolasidan kechyapti, hayotning eng shirin ne’mati farzand-ku. U bolalar esa onasi bilan Turkiyaga kelib, turk erkaklarining quchog‘ida katta bo‘lmoqda. Bundan tashqari, ko‘pchilik hujjatsiz ishlagani uchun qochoq statusiga ega bo‘ladi va uning farzandlari ham qochoqqa aylanadi. Bunday bolalarni maktab-bog‘chalar ham qabul qilmaydi. Ta’limsiz qolib ketgan bolalarni hech qanday tekshiruvlarsiz qandaydir hujralarga berishmoqda. Yaqin 5-10 yilda bu katta ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi, bu xavf” - Ozoda Islomova, O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati direktori.
Turkiyaga borgan 19 yoshli qiz 63 yoshli erkakka turmushga chiqib, so‘ngra xotin-qizlar huquqlarini himoya qiluvchi jamiyatga murojaat qilgan. U bilan suhbat qilinganda qishda ko‘chada qolib, unga issiq kiyim bergani uchun turmushga chiqishga rozi bo‘lganini aytgan.
Yaqinda Turkiyaga o‘qish maqsadida borgan ota-onasidan ayrilgan, vasiy qaramog‘idagi qiz S.S. ham Ozoda Islomova rahbarligidagi jamiyatga murojaat qilgan. Uni aslida o‘qishga deb olib kelishgan, restoran va turli ovqatlanish shoxobchalarida ishlatishga urinishgan, biroq 16 yoshli qiz mehnat qilishga ham to‘liq layoqatli bo‘lmagani uchun eplolmagan. So‘ngra uni olib kelgan o‘zbeklar qizni fohishalik qilishga majburlagan.
Jamiyatimizga murojaat qilgan har bir vatandoshimizga yordam berishga urinamiz. O‘zbek bo‘laturib, o‘zbeklarni bu ahvolga solishganidan dilimiz ranjiydi, deydi jamiyat direktori.
“Yaqinda Anqarada o‘zbek qizlarini sotgan bir ayolni ushlashdi, undan aziyat chekkanlar jamiyatimizga murojaat qildi. Bizni qo‘rqitish uchun turk amaldorlarining, katta-katta odamlarning ismlarini aytishdi, xuddiki ularning himoyasida ekanini bildirish uchun. Biroq o‘sha ayol baribir 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi” - Ozoda Islomova, O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati direktori.
Ma’lum bo‘lishicha, Turkiyaga turmushga berish ham alohida biznesga aylanmoqda. Kuyov tarafdan pul olib, o‘zlari tanimagan-bilmagan oilalarga qizlarni turmushga berdirishyapti, deydi suhbatdoshimiz.
“Kuyov tarafdan 3 000 dollar, 5 000 dollar olib, o‘zlari umuman bilmagan, tanimagan oilalarga qishloqlarda yashovchi o‘zbek qizlarini olib kelib berishyapti. Jamiyatimizga xuddi shunday qizlardan biri murojaat qildi, uni OITSga chalingan erkakka turmushga berishgan. Qiz esa eridan shu kasallikni yuqtirib olgan, biz uni reabilitatsiya qilish uchun O‘zbekistonga qaytarib jo‘natdik” - Ozoda Islomova, O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati direktori.
Xorijda o‘qib-ishlash yaxshi, lekin ayniqsa xotin-qizlar biror davlatga borishidan avval bu mamlakat, qonun-qoidalari, qayerga borayotgani va yaqin kelajagi haqida dastlabki tasavvur va rejalariga ega bo‘lishi kerak. Aks holda yuqoridagi holatlarga o‘xshab aldanishi, hayoti buzilib ketishi ehtimoli yuqori.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.