Elektrga yangi tarif, cheklanayotgan fonogramma va mahsulotlarda paydo bo‘ladigan “Halol” belgisi – 1 maydan nimalar o‘zgaradi?
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 maydan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.
Foto: Kun.uz
Elektr energiyasi uchun yangi tarif joriy etiladi
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 1 maydan 200 kWhʼdan 500 kWhʼgacha elektr energiyasiga 1000 so‘mdan emas, 800 so‘mdan to‘lanadi.
Qaror bilan 201 kWh’dan 1000 kWh’gacha bo‘lgan differensiallashgan tarif bo‘yicha iste’mol miqdori orasiga yangi miqdor kiritilmoqda. Ya’ni 2025 yil 1 maydan e’tiboran aholi iste’molchilari 201 kWh’dan 500 kWh’gacha bo‘lgan yangi miqdor oralig‘ida har bir kWh uchun 800 so‘mdan to‘laydi (shu paytgacha 201 kWh’dan 1000 kWh’gacha bo‘lgan qismi uchun 900 so‘mdan haq to‘langan).
Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir marotaba yillik inflatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.
Qayd etish lozim, narxlar har yili oshirilishi haqidagi band hukumatning o‘tgan yilgi boshqa bir qaroriga muvofiq emas. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 iyundagi 337-son qarori bilan, 2026 yildan 2035 yilgacha bo‘lgan davrda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tasdiqlangan yangi tariflar kiritilgan taqdirda, bu tariflar kamida uch yil amal qilishi ko‘zda tutilgandi.
Konsertlarda fonogrammadan foydalanish cheklanadi
Bu haqda «Konsert-tomosha faoliyatida jonli ijroni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qarorida qayd etilgan.
Qarorga muvofiq, 2025 yil 1 maydan:
– davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi;
– konsert-tomosha tadbirlari reklamalarida tegishlicha «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz» yoki «Fonogrammali konsert dasturi» deb aniq ko‘rsatilishi lozim;
– Madaniyat vazirligi tomonidan ijodkorlarni «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti», «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» va «O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi» davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijro eta olish qobiliyati inobatga olinadi.
Shuningdek, hujjatda har chorakda respublikaning barcha hududlarida «Jonli ijro haftaligi» o‘tkazilishi ham nazarda tutilgan.
Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshadi
2025 yil 1 maydan boshlab import qilinadigan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida qayd etilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan e’tiboran, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun BHMning 120 baravari (45 mln so‘m) miqdorida utilizatsiya yig‘imi undiriladi. Bu – amaldagi yig‘im miqdori (30 BHM, 11 mln 250 ming so‘m)dan 4 barobarga ko‘p.
Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan elektromobillar uchun esa utilizatsiya yig‘imi miqdori BHMning 210 baravari (78,75 mln so‘m) deb belgilanadi. Bu – amaldagi yig‘im miqdori (90 BHM, 33 mln 750 ming so‘m)dan 2,3 barobarga ko‘p.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarorda belgilangan utilizatsiya yig‘imlarini yig‘ish hamda ulardan samarali foydalanish tartibini ishlab chiqadi.
Qarorda yozilishicha, hujjat “mamlakatda yashil texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, elektromobillarning yaroqsiz holga kelib qolgan batareyalarini atrof-muhitga keskin zarar yetkazmagan holda utilizatsiya qilishni ta’minlash hamda sohada mahalliylashtirish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida” qabul qilingan.
Ushbu qaror 2025 yil 1 maydan e’tiboran kuchga kiradi.
“Toza qo‘llar” dasturi amalga oshiriladi
Prezidentning “O‘zbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Hujjatga ko‘ra, aholi, ayniqsa yosh avlod vakillari tomonidan sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida 2025 yil 1 maydan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshiriladi:
a) barcha sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida:
b) barcha turdagi jamoat sanitariya-gigiyena xonalari, umumiy ovqatlanish tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash majburiyatini kiritish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi birinchi darajali mablag‘ taqsimlovchilarning asoslangan hisob-kitoblariga asosan 2025 yil davomida budjet tashkilotlarida mazkur banddagi tadbirlar uchun zarur bo‘lgan hollarda qo‘shimcha mablag‘lar ajratadi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ushbu bandda nazarda tutilgan muassasalarda sanitariya-gigiyena holatini saqlash uchun vositalar ajratish bo‘yicha normativlarni qayta ko‘rib chiqadi va ularning amalda bajarilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi.
Farmonda 2025 yil 1 maydan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida quyidagi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish ham taqiqlanmoqda:
– asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar;
– teri-ko‘nchilik, parrandachilik fabrikalari;
– samaradorligi yuqori bo‘lgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mir yoqish;
– qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar bo‘lgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
– xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari;
Kam ta’minlangan oilalarga kompensatsiya beriladi
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarida davlat kompensatsiyasi joriy etiladi. Bu haqda prezidentning 2025 yil 2 apreldagi tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:
2025/2026 yilgi isitish mavsumida esa aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Reyestrlarga kiritilgan, shuningdek, «mahalla yettiligi» xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Bunda «mahalla yettiligi» tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi.
Qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni Reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.
Bojsiz tovar olib kirish normalari o‘zgaradi
2025 yil 1 maydan jismoniy shaxslarning xorijdan tovar olib kirishiga cheklovlar kuchaytiriladi. Hukumat qarori bilan samolyot va poyezdda kelayotgan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalarini pasaytirilmoqda.
Qarorga asosan bojsiz tovar olib kirish normalari 2025 yil 1 maydan e’tiboran quyidagicha belgilanadi:
Belgilanishicha, temiryo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarda tovarlarni olib kirayotgan shaxs xorijiy davlatda 2 kundan kam muddat bo‘lganda, havo transportida esa 3 kundan kam muddat bo‘lganda, bojsiz olib kirish normalari qo‘llanmaydi. Bunda ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi va tovarlarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan qiymati 5000 AQSh dollari ekvivalentigacha bo‘lgan tovarlar bojxona deklaratsiyasini taqdim etmagan holda respublikadan olib chiqilishi mumkin, eksport bojxona boji joriy etilgan tovarlar bundan mustasno.
Hujjat bilan, shuningdek, import jarayonini rasmiylashtirishda bojxona qiymati va miqdori alohida nazoratga olinadigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxatga 70 xil turdagi tovarlar kiritilgan. Maishiy texnikalar, oziq-ovqatlar, kiyim-kechaklar va poyabzallarning bir qator turlari, tozalash va yuvish vositalari, o‘yinchoqlar, shinalar, metall buyumlar shular jumlasidan.
Mahsulotlar va xizmatlarda «Halol» belgisi paydo bo‘ladi
2025 yil 1 maydan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti standartlari talablari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni «Halol» belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat beriladi. Bu haqda hukumatning “Mahsulot va xizmatlarni «Halol» talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida keltirib o‘tilgan.
Hujjat bilan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining mahsulot va xizmatlarni «Halol» talablariga muvofiq sertifikatlashtirish sohasini tartibga solish to‘g‘risidagi quyidagi takliflariga rozilik berilgan:
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan olti oy muddatda «Halol» talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini xalqaro tan olingan tashkilotlarni jalb qilgan holda akkreditatsiyadan o‘tkazishi belgilangan. Shuningdek, «Halol» belgisi shakli hamda o‘lchamini belgilaydigan standart loyiha ishlab chiqilib, tasdiqlanadi.
Boshqa o‘zgarishlar
2025 yil 1 maydan boshlab: