Prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorlar bo‘yicha vazifalardan ozod etiladi - prezident farmoni
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Sektorlar ishiga bosh vazir o‘rinbosarlari va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari mas’ul etib belgilanadi.
Foto: Kun.uz
Prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari sektorlar faoliyati bo‘yicha yuklatilgan vazifalardan ozod etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning «Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati quyidagicha yangi tartib asosida yo‘lga qo‘yiladi:
– prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari sektorlar faoliyati bo‘yicha yuklatilgan vazifalardan ozod etiladi;
– sektorlar ishiga Bosh vazir o‘rinbosarlari va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda uning hududiy bo‘linmalari mas’ul etib belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda sektorlarning yangi tartib asosida faoliyat yuritishi bo‘yicha O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasini kiritishi kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida bundan buyon prokurorlar, ichki ishlar xodimlari va soliqchilar sektorlar faoliyati bilan shug‘ullanmasligini ma’lum qilgandi.
Davlat rahbari sakkiz yil avval yo‘lga qo‘yilgan hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati tizimi yillar davomida yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etib, vaziyatni o‘nglash uchun barcha kuchlarni safarbar etishga ko‘maklashganini qayd etgan, shu bilan birga, so‘nggi yillarda hududlar salohiyati bir necha karra oshganiga qaramay, keyingi paytlarda prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorni bahona qilib, sohasidagi ishlarni susaytirib yuborganini tanqid qilgandi.
Shuningdek, prokuratura, ichki ishlar, soliq rahbarlarini sektor ishidan ozod qilish bu — eski davrga qaytib, aholi va tadbirkorlarga har qadamda to‘siq, korrupsiyaga sharoit yaratish, degani emasligini ta’kidlagandi.