Payariq hokimi tadbirkorning binosini buzdirib tashladi, prokuror bu qonunsizlikka tomoshabin bo‘lib turdi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Samarqand viloyatining Payariq tumanida tadbirkorning mulki sudning hal qiluv qarori kuchga kirmasdan ichidagi texnikalari bilan birga buzib tashlandi. Hammasi eskicha usulda: tuman hokimi, prokurori va boshqa mas’ullar manzilga borishgan, avtogreyderni binoga tirab qo‘yishgan. Hokim haydovchiga “Bos! Tozala!” deya topshiriq bergan. Fuqaroning binodagi texnikalarini olib chiqish uchun 2 soat vaqt so‘rab qilgan iltijosi havoda qolgan. O‘z mulkini himoya qilishga uringan tadbirkor huquqbuzarga chiqarilib, 10 sutkaga qamab qo‘yilgan.
Davlat rahbari 2 ta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshida ko‘tarishini aytayotgan bir paytda joylardagi ayrim rahbarlar tadbirkorni “sindirish”, mulkiga zarar yetkazishda davom etmoqda. Maqolamiz Payariq tumani hokimi Isroil Jabborov, tuman prokurori Fayzulla Egamqulov va IIB boshlig‘i o‘rinibosarining ana shunday harakatlari haqida. Ular tadbirkorning mulkini bosim o‘tkazish orqali sudning hal qiluv qarori hali kuchga kirmay turib noqonuniy tarzda buzdirib tashlashgan.
Payariq tumani Choshtepa mahallasida yashovchi Islom Qobilov 2022 yil 12 may kuni notarius tomonidan rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasiga asosan qo‘shnisidan uy-joy sotib olgan. Turar joy oldi-sotdi shartnomasida yer uchastkasining foydalanish maydoni 1500 kv.m ekani ko‘rsatilgan. O‘sha vaqtdagi kadastr hujjatida ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yer maydoni 1500 kv.m sifatida qayd etilgan.
Oldi-sotdi shartnomasiga asosan 2022 yil 20 mayda yakka tartibda turar joyning kadastr pasporti shakllantirilgan. 2022 yil 17 iyunda Islom Qobilov nomida foydalanishda bo‘lgan 780 kv.m yer maydoni meros qilib qoldirilgan umrbod egalik qilish huquqi bilan, 168,84 kv.m qurilish osti maydoni, 275,72 kv.m umumiy foydalanishdagi maydon mulk huquqi bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mulk otib olingandagi kadastr hujjatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan deb ko‘rsatilgan 1500 kv.m yer maydoni negadir keyin 780 kv.m.ga kamayib qolgan.
Sudga ko‘chgan masala
Kadastr agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi Payariq tumani hokimligining manfaatida Islom Qobilovga nisbatan o‘zboshimchalik bilan egallangan 0,04 gektar yer maydonida, shundan 200 kv.m qismiga qurilgan qurilishlarni buzdirish, yer maydonini qaytarish va yerdan majburiy tartibda chiqarish to‘g‘risida da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan. Ish FIB Payariq tuman sudi tomonidan sudya Nurbek Xo‘jaqulov raisligida ko‘rib chiqilgan.
Boshqarma arizasida Islom Qobilov tomonidan egallangan yer maydoniga o‘rnatilgan 15 kv.m. dan iborat yengil tipdagi ko‘chma konteynerni ham majburiy tartibda oldirishni so‘ragan.
Sudda boshqarma ishonchli vakili javobgar Islom Qobilov tuman zaxira yerlari hisobida bo‘lgan 0,04 gektar aholi tomorqa yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olganini, shundan 200 kv.m. qismiga avtomobillarni yuvish shoxobchasi qurganini, keyinchalik qo‘shimcha ravishda ko‘chma konteyner o‘rnatganini bildirgan. Ishonchli vakil bu holatlar yuzasidan Islom Qobilov bir necha marotaba ogohlantirilganini aytgan.
Islom Qobilov esa da’vo talablarini tan olmasdan, nizoli yer maydonining 15 sotix qismiga oldi-sotdi shartnomasiga asosan egalik qilib kelayotganini ma’lum qilgan.
FIB Payariq tuman sudining 2025 yil 12 martdagi hal qiluv qarori bilan Islom Qobilov hokimlik zaxira yerlar hisobidagi aholi tomorqa yer maydonidan 0,004 gektar qismini o‘zboshimchalik bilan egallab, shundan 200 kv.m. qismiga noqonuniy qurilish qilgan, deb topilgan.
Tadbirkorning advokati Ruslan Muhammadiyevning iddaosicha, u sudda VKA (masofadan) orqali ishtirok etish haqida arizani Oliy sudning ilovasi orqali yuborgan. Ariza sud tomonidan qabul qilingan bo‘lsa-da, ish advokat ishtirokisiz ko‘rib chiqilib, o‘sha protsessning o‘zidayoq mulkni buzish haqida qaror chiqarilgan.
Sud qarorida o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilishlarni javobgar hisobidan buzdirish, ko‘chma konteynerni majburiy tartibda oldirish, shuningdek, Islom Qobilovni hokimlik hisobidagi yerlardan majburiy tartibda chiqarish belgilangan.
Sud qaroridan norozilik
Islom Qobilov sudning hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya tartibida shikoyat kiritgan.
U apellyatsiya shikoyatida sotib olgan obekti 3 tomondan yo‘l va 1 tomonidan ariq bilan chegaralanganini, bu chegaralar hududidan tashqariga chiqishning imkoni yo‘qligini bildirgan. Shuningdek, I.Qobilov sotib olingan paytda 1500 kv.m. yer keyinchalik kadastr organi tomonidan kamaytirib yuborilganini, uning 780 kv.m. qismi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganiga sud huquqiy baho bermaganini ta’kidlagan.
Islom Qobilov sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmagani, bayon etilgan sud xulosalarining ish holatlariga muvofiq emasligi tufayli FIB Payariq tuman sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni hamda da’vo talablarini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida yangi hal qiluv qarori qabul qilishni so‘ragan.
“Bespredel” hokim
Apellyatsiya shikoyati birinchi instansiya sudiga 2025 yil 11 aprel kuni kelib tushgan va 15 aprel kuni viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida kirim qilingan. Ya’ni ish hali apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilmagan. Shikoyatni ko‘rib chiqish joriy yil 1 may kuniga belgilangan.
Demak, bu holatda FIB Payariq tuman sudining 2025 yil 12 martdagi hal qiluv qarori hali qonuniy kuchga ega emas. Ammo Payariq tumani hokimi Isroil Jabborovga buning ahamiyati yo‘q ekan. Sababi Islom Qobilovga tegishli mulkni buzib tashlashga shaxsan uning o‘zi boshchilik qilgan.
2025 yil 15 aprel kuni tuman hokimi va prokurori boshchiligida bir guruh mas’ullar, jumladan, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari va IIB xodimlari majburiy buzib tashlash maqsadida Islom Qobilovga tegishli mulk oldida to‘planishgan.
Hodisa joyiga tuman obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli avtogreyder keltirilgan. Mulk egalari qarshilik ko‘rsatgan va binoni buzishga ruxsat beruvchi qonuniy hujjat ko‘rsatishni so‘ragan. Biroq hokim barchaning oldida atgreyder haydovchisiga “Bos! Tozala!” deb buyruq bergan.
Shu tariqa Islom Qobilovning mulki hokimning topshirig‘i va boshchiligi asosida noqonuniy tarzda buzib tashlangan. IIB xodimlari esa noqonuniy holatning oldini olish o‘rniga hokimga ko‘maklashishga tushishgan. Hatto asosiy vazifasi qonunchilikni ta’minlash bo‘lgan tuman prokurori Fayzulla Egamqulov ham ko‘z oldida sodir bo‘layotgan qonunbuzilish holatini jim kuzatib turgan.
Mulkini himoya qilgan tadbirkor qamoqqa tiqildi
Islom Qobilov mulkini himoya qilish jarayonida avtogreyder oldini to‘sib, tosh otish orqali texnikaning oynasini sindirgan. Ayni shu lahzani kutib turgan IIB xodimlari darhol ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, ishga kirishgan.
2025 yil 18 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudida tergov sudyasi Ergash Qarshiyev raisligida Islom Qobilov va boshqalarga nisbatan mayda bezorilik va ichki ishlar xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik holati bo‘yicha ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. Sud FIB Payariq tuman sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirmagani sababli Islom Qobilov va boshqalar IIB xodimlarining qonuniy talabini bajarmagani yuzasidan yakuniy to‘xtamga kelish imkoniyati mavjud emas deb topgan.
Sudning ajrimi bilan ish qo‘shimcha surishtiruv harakatlari o‘tkazishlik uchun Payariq tuman IIBga yuborilgan.
Oradan 5 kun o‘tib, 23 aprel kuni ayni shu sudya raisligida ish ko‘rilib, qaror chiqarilgan va Islom Qobilov mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, mayda bezorilik va ichki ishlar xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik huquqbuzarligini sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
“Hokim “Tozala!” dedi”
Sudda Islom Qobilov avtogreyder oynasini turmush o‘rtog‘ining ustiga haydagani uchun sindirganini aytgan va voqea xonadonida, o‘z hududida bo‘lganini bildirgan.
“15 aprel kuni soat taxminan 17:00-17:30 larda tuman hokimi, obodonlashtirish boshqarmasi, IIB xodimlari va boshqa tashkilotlar vakillari men qurgan obektni buzib tashlash uchun bostirib kelishdi. Ularning qo‘lida buzish bo‘yicha hech qanday sudning qarori yoki ijro varaqasi yo‘q edi. Ular o‘zlari bilan olib kelgan texnikani turmush o‘rtog‘imning ustiga haydashdi. Buzmanglar deb aytdim”, degan Islom Qobilov.
Sudda jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilingan avtogreyder haydovchisi buzishga hokim buyruq berganini aytgan.
“Orqaga haydayotganimda ular ustimizga haydadi deb o‘ylashgan. Islom tosh otdi, enkayib qoldim, texnikaning oynasi sinib ketdi. Texnikadan tushgunimcha IIB xodimi Islom Qobilovni olib ketdi.
Tuman hokimi “Tozala!” deb aytdi. Boshlig‘imning ko‘ziga qaradim. “Hayda” degani uchun avtomobillarni yuvish shoxobchasi ichidagi texnikalari bilan buzib tashladim. Konteynerni sudrab chekkaga olib qo‘ydim.
Menga hech kim hech qanday hujjat ko‘rsatmadi. Buzish uchun tuman hokimining vakolati bor yoki yo‘qligini bilmayman. Menga buz deb aytgani uchun buzdim”, degan haydovchi.
“Chetga o‘ting” degan qonuniy talabni bajarmadi”
Mas’ullarda Islom Qobilovni 10 sutkaga qamash istagi shunchalik yuqori bo‘lganki, guvohlarning ko‘rsatmalaridan ish anchagina “shishirilganini” ko‘rish mumkin.
Masalan, profilaktika inspektori G‘.Erxonov suddagi ko‘rsatmasida Islom Qobilov “chetga o‘ting, qoching”, degan qonuniy talabni bajarmaganini aytgan.
Profilaktika inspektori Islom Qobilovga tegishli mulk hududida bo‘lgan voqeani jamoat joyi deb atagan va shu sababli uning harakatini mayda bezorilik bilan malakalaganini izohlagan.
Shuningdek, profilaktika inspektori Qobilov va boshqalar IIB xodimlarining talabini bajarmaslikni da’vat qilmaganini, qarshilik ko‘rsatishmaganini, uydirmalar tarqatmaganini aytgan.
“O‘sha kuni jabrlanuvchilar va boshqalarda Qobilovning mulkini buzish uchun asosli qaror ko‘rmadim. Ish hujjatlariga fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining 2025 yil 12 martdagi qarorini (hali qonuniy kuchga kirmagan – tahr.) tikdim. Sud qarorini ijro qilish uchun ijro varaqasini ko‘rmadim”, degan profilaktika inspektori.
Tumanning bir guruh mas’ullari o‘zlari noqonuniy harakat qilgan holda mulkini himoya qilayotgan fuqaroga “qoching” deyishi qonuniy talab ekan. Tuman hokimi boshchiligidagi mas’ullar biror bir qonuniy hujjat ko‘rsatmagan holda mulkini buzayotganida uning egasi jimgina tomosha qilib turishi kerakmi?
Islom Qobilovning mulkni buzishga qarshilik qilgani holati xususiy mulkni himoya qilishga qaratilgan harakat deb baholanishi lozim edi. Ammo aslida jabrlanuvchi bo‘lgan Qobilov shu tariqa huquqbuzarga aylantirilgan.
Ma’lumot uchun, “Ichki ishlar organlari tug‘risida”gi qonunning 2-moddasiga ko‘ra, ichki ishlar organlarining eng birinchi vazifasi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Qonunbuzarlar jazolanishi kerak
Nizoli masala – Islom Qobilovning hokimlik zaxira yerlar hisobidagi aholi tomorqa yer maydonining bir qismini o‘zboshimchalik bilan egallab olgani holatiga doir sud hujjatlarini tahlil qilishdan yiroqmiz. Chunki bu ish yaqinda apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqiladi.
Ammo tuman hokimi Isroil Jabborov boshchiligidagi mas’ullarning noqonuniy harakati – sud qarori qonuniy kuchga kirmasdan turib fuqaroning mulkini ichidagi texnikalari bilan birgalikda buzib tashlashganiga huquqiy baho berilishi, qat’iy jazo chorasi qo‘llanishi lozim. Chunki Konstitutsiyada xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi belgilangan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz