Yangilangan yo‘lak va perronlar, buziladigan aerovokzal – Andijon xalqaro aeroportidan reportaj
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Andijon xalqaro aeroportida rekonstruksiyaning 2-bosqichi davom etmoqda. Kun.uz muxbiri aeroport direktori Sohib Kenjayev bilan suhbatlashib, loyihaning qiymati, hozirgacha qilingan va yakuniga yetishini kutayotgan ishlar, ta’mirdan keyin nima o‘zgarishi haqida so‘radi.
Andijon xalqaro aeroporti rekonstruksiya sababli 2023 yil 1 apreldan vaqtinchalik yopilgandi. Ta’mirlash ishlarining birinchi bosqichi yakunlanib, joriy yil 20 martdan boshlab aeroport faoliyatini qisman tikladi.
Hozircha haftaning dushanba va payshanba kunlari Toshkent–Andijon–Toshkent yo‘nalishida parvozlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda loyihaning 2-bosqichi davom etyapti. “Uzbekistan Airports” AJ tashkil etgan press-tur davomida Kun.uz muxbiri Andijon xalqaro aeroporti direktori Sohib Kenjayev bilan suhbatlashib, loyiha va kutilmalar haqida so‘radi.
Rekonstruksiya loyihasi haqida
Birinchi bosqichi doirasida aerodromning bir qismida, uzunligi 3300 metr, eni 60 metrlik yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurildi.
Bu bilan Boeing 787, 747, Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlar va quyi toifadagi samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Kenjayevga ko‘ra, rekonstruksiya loyihasini “Aero-yo‘l loyiha” MChJ ishlab chiqqan. Pudratchi – “Dorkompleksnab Plus” MChJ. Loyihaning umumiy qiymati 850 mlrd so‘m bo‘lib, moliyalashtirish manbasi “Uzbekistan Airports” AJ mablag‘lari ekani qayd etildi.
“Ikkinchi bosqichda aerovokzal ham to‘liq buzib tashlanib, o‘rniga noldan yangi bino barpo etiladi. 22 ming kvadrat metr maydonga ega yangi aerovokzal barpo etiladi. Parvozlar to‘xtamasligi uchun hozirgi aerovokzal yonidan 4 ming kvadrat metrlik binoni oldin qurib bitkazib, foydalanishga topshiramiz va shundan keyin hozirgi aerovokzalni buzib davom ettiramiz”, – dedi Kenjayev.
Ayni kunlarda aerodromda ikkinchi yurish yo‘lagi va 7 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurilishi davom etmoqda, xalqaro talablarga muvofiq radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilyapti. Ishlar yakunlangach, perron bir vaqtning o‘zida 10 tagacha samolyotga xizmat qila oladi.
Yangi reyslar ochiladi
Kenjayevning ma’lum qilishicha, Andijon xalqaro aeroportiga yangi yo‘nalishlar, xususan, Qozog‘iston, BAA, Xitoy va Rossiyaning qator shaharlariga reyslar qo‘yilishi kutilmoqda.
“Uchish-qo‘nish yo‘lagida chiroqlarni o‘rnatish ishlari yakunlangach, xalqaro reyslarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Ya’ni tegishli sertifikatni olib, xalqaro reyslarni amalga oshirishni boshlaymiz.
Hozirgi kunda qiziqish bildirayotgan “IrAero”, “Red Wings”, “Aeroflot” aviakompaniyalari bilan muzokaralar olib boryapmiz. Tungi reyslarni amalga oshirish imkoniyatimiz paydo bshchlgach, barchalari bilan shartnomalar imzolanib, parvozlar yo‘lga qo‘yiladi”, – deydi direktor.
2 yil qanday o‘tdi?
Rasmiyning aytishicha, 2 yillik tanaffus davomida Andijon xalqaro aeroportining 70 nafar xodimi Namangan va Farg‘ona aeroportlariga yuborilgan. Kenjayev bu vaqt oralig‘ida xodimlar malakasini oshirib, sertifikatlarini yangilashganini, ularga maosh to‘lab borilganini aytdi.
Aeroport direktoriga ko‘ra, hozirda haftasiga 1–1,5 ming nafar Farg‘ona vodiysi aholisi Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi xalqaro aeroport orqali boshqa mamlakatlarga parvoz qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Andijon xalqaro aeroportining birinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi va aerodrom majmuasi 84 yil avval, 1941 yilda qurilgan. Uchish-qo‘nish yo‘lagi oxirgi marta 1960 yilda rekonstruksiya qilingan.
Hozirda Toshkent–Andijon–Toshkent yo‘nalishida Silk Avia kompaniyasi haftasiga ikki marta qatnovni amalga oshirmoqda. Sohibjon Kenjayevning aytishicha, haftasiga 2 ta reys talabga nisbatan ancha kam, aerodromda tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgach, poytaxtga har kuni bittadan reys qo‘yiladi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.