Orzu-havas niqobini kiygan kimo‘zarga o‘ynash: hukumat to‘ylarni tartibga sola oladimi?
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
O‘zbekistonda hukumat va parlament birgalikda to‘y, ma’raka va marosimlarni tartibga solmoqchi. Avgust oyigacha ikki palata qo‘shma qaror loyihasini ishlab chiqishi kerak, bu navbatdagi urinish. To‘ylar – kimo‘zarga o‘ynash musobaqasi, buning oxiri yo‘q, odamlarimizning bosh uch maqsadlaridan biri – yetti mahalla eshitadigan to‘y qilish, deydi Kun.uz bilan suhbatlashganlar.
Prezidentning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga oid farmoni ortidan tasdiqlangan normativ-huquqiy hujjatlar ichida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni tartibga solishni ko‘zda tutuvchi parlament qo‘shma qarori ham bor. Ya’ni O‘zbekistonda hukumat va parlament birgalikda yana bir marta to‘ylarni tartibga solishga harakat qilib ko‘radi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qonunchilik palatasi va Senat Madaniyat vazirligi, Xotin-qizlar va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitalari bilan birga avgust oyiga qadar qo‘shma qaror loyihasini ishlab chiqishi kerak. Keyin bu hujjat muhokamaga beriladi. Oliy Majlis deputati Umida Rahmonovaga ko‘ra, dunyoda butunlay boshqa tendensiya ketayotgan bir paytda hali-hanuz ijtimoiy mavzular atrofida aylanyapmiz.
“Demokratik jamiyatlarda tartibga qonun bilan solinadi. Ilgari parlament ikki palatasi qo‘shma qaror qabul qilgan, uni amalga oshirish uchun nizomlar ishlab chiqilgan. O‘sha nizomda esa buning uchun qonun talab etiladi, to‘y o‘tkazish talablarini buzganlik uchun jarima belgilangan – jismoniy shaxslarga BHMning 10 baravari, yuridik shaxslarga esa 30 baravari. 2024 yilgi ma’lumotga ko‘ra, yiliga 30 mingdan ortiq to‘ylar o‘tkazilmoqda, lekin 1 yilda atigi 9 ta to‘ylarni o‘tkazish bilan bog‘liq qonunbuzarlik ro‘yxatga olinganmish – bu hammasi yolg‘on degani” – Umida Rahmonova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Jamoatchilik faoli, bloger Aqida Hanum’ga ko‘ra, tartibga solish ishlarini elitaning o‘zidan boshlash kerak. Ular qilgan dabdabali to‘ylar ijtimoiy tarmoqda muhokama qilinib, xalqimizga yetib bormoqda. Keling, shuni elitamizdan boshlaylik” – Aqida Hanum, bloger
Psixolog, psixoterapevt Zebiniso Ahmedovaga ko‘ra, xalqimizning TOP maqsadlari ichida mashina olish, dang‘illama uy qurish va esda qolarli to‘y o‘tkazish birinchi uchtalikda turishi – fojia. Har bir to‘yxonada o‘ziga xos, bir-birini takrorlamaydigan idishlar, dizayn, qandillar bor. Ular hammasi xorijda ishlab chiqarilgan, chunki chet davlatlar biz to‘yga o‘chligimiz, pulni ayamasligimizni bilib, bundan foydalanib qolmoqda, deydi psixolog.
Deputat Umida Rahmonovaga ko‘ra, o‘tkazilgan targ‘ibot ishlari, uyma-uy yurishlar – kutilgan natijani bermadi. Deyarli har bir to‘yda hozir belgilangan nizom va tartiblar buzilmoqda. Har bir viloyatning bitta urf-odati deya yangilik o‘ylab topyapmiz, bu esa shunday mavzular atrofida o‘ralashib qolishimizga sabab bo‘ldi, deydi qonunchi.
“Ko‘pchilik aholidan so‘rasangiz to‘ygacha va to‘ydan keyin o‘tkazilgan marosimlar ma’nosini bilishmaydi, hamma o‘tkazgani uchun o‘tkazishadi. Faktlarga asoslansak, buning uchun juda ko‘plab mablag‘lar sarflanmoqda. Ko‘p to‘ylar yoshlar emas, yoshi kattalarning xohishiga binoan o‘tkazilmoqda. Odamlarning shu to‘y uchun bergan bahosi evaziga hayot o‘zgarmaydi. Biz faqat kichik moddiyatlar atrofida keraksiz maqsadlar bilan ovoramiz, bu keraksiz maydondagi keraksiz bellashuv” – Umida Rahmonova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Ma’lum bo‘lishicha, avgustgacha qabul qilinadigan qo‘shma qarorda oilaviy tantanalar, marosimlar va to‘ylar o‘tkazish qoida hamda nizomini buzganlik uchun jarima belgilanadi, qaysi marosimlar ekani aniq kiritiladi. Bundan tashqari, aynan qaysi urf-odat dabdabaga aylanayotgani sanab o‘tiladi.
Suhbatni Kun.uz’ning YouTube platformasidagi sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.