O‘zbekiston Kot-dʼIvuar bilan diplomatik munosabat o‘rnatdi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Bu boradagi qo‘shma kommyunikeni O‘zbekiston tomonidan mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov imzoladi.
Foto: Dunyo
Nyu York shahrida 29 aprel kuni O‘zbekiston va Kot-d’Ivuar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunike imzolandi, deb xabar beradi «Dunyo» agentligi.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Kot-d’Ivuarning BMTdagi doimiy vakili Tiyemoko Moriko imzolagan.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirgan. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Shu tariqa, G‘arbiy Afrikada joylashgan Kot-d’Ivuar O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 160-davlatga aylandi.
«Mazkur hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Afrika qit’a mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorligini faollashtirishda muhim qadam bo‘ldi», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 159-davlat Tinch okeanidagi orol-mamlakat, Yer yuzidagi eng kichik mustaqil respublika – Nauru hisoblanadi.