Xivada zamonaviy turizm majmuasi - «Arda Xiva» ochildi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
«Arda Xiva» 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurilgan. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgan. Shavkat Mirziyoyev ushbu majmua ochilishida ishtirok etib, xorazmlik yoshlar bilan muloqot qildi.
Xivada yana bir noyob majmua – «Arda Xiva» ochildi. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Shavkat Mirziyoyev tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Xorazm viloyatiga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘paygan. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetgan.
Viloyatda sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqilgan va ularning umumiy soni yuztaga yetgan. Bular qatoriga «Arda Xiva» majmuasi ham qo‘shildi.
Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.
«Arda Xiva» hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurilgan. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Davlat rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.
Ta’kidlanishicha, bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurilgan. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etilgan. Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, «Ko‘hna Urganch» muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati ham mavjud.
Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.
Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
Ichan qal’a tarixiy bo‘lsa, «Arda Xiva» Xorazmning zamonaviy «tashrif qog‘ozi» bo‘ladi. Prezident shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
«Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.