Ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Bog‘chalar bolalar hayoti bilan o‘ynashmoqda
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Denovda haydovchi 32 bolani Damas'da tashib, “rekord” o‘rnatdi. U bolalarni bog‘chadan olib ketayotgan bo‘lgan. YTHlar kamaymayotgan bir davrda, bolalar hayoti bu shaklda xavf ostiga qo‘yilishi – bog‘chalar faoliyatiga oid tegishli nizom talablari bajarilmayotganini ko‘rsatadi. Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi harakatga tushish uchun albatta biror fojia bo‘lishini kutib o‘tirishi kerak emas.
Damas avtobus emas
Keyingi vaqtlarda Damas mashinasiga o‘nlab bolalarni mindirib harakatlanish holatlari ko‘paymoqda. Bu asosan bolalarni bog‘chaga tashishda kuzatilyapti.
Birgina joriy yil aprel oyining o‘zida uchta holatda bolalar Damas'da hayoti xavf ostiga qo‘yilib, olib ketilayotgani aniqlandi.
Birinchi holat Samarqand viloyatining Jomboy tumanida kuzatildi. Damas YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Haydovchi xodimlarni mashinada 17 nafar bola bor, deya aldashga uringan. Ammo sanab ko‘rilganida Damas'da 25 nafar bola olib ketilayotgani aniqlangan.
Belgilangan o‘rindiqdan ko‘p yo‘lovchi olib ketayotgan haydovchiga nisbatan tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirilgan.
“To‘g‘ri, mumkin emas. Har kuni ikki reys qilardim. Nima deyishni ham bilmay qoldim”, degan haydovchi. Aslida 25 nafar bolani Damas mashinasida “ikki reys”da ham tashish mumkin emas.
Ikkinchi holat 23 aprel kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida aniqlandi. Tekshiruv davomida mashina salonida bir ayol va 25 nafar bola sanalgan. Haydovchi bolalarni shu mahallada joylashgan xususiy bog‘chaga olib borayotgan bo‘lgan.
Holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.
Aynan shunaqa qoidabuzarlik bo‘yicha “rekord” Surxondaryo viloyatining Denov tumanida o‘rnatildi. Unda haydovchi Damas mashinasiga 32 nafar bolani mindirib ketayotgani aniqlangan. Bu holatda ham haydovchi bolalarni xususiy bog‘chadan olib ketayotgan bo‘lgan.
Xodimlar tomonidan holat bartaraf etilib, mashina kuzatuv ostida bog‘chaga qaytarilgan. Haydovchiga nisbatan chora ko‘rilgan. Shuningdek, holat yuzasidan viloyat Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasiga taqdimnoma kiritilgan.
Og‘zaki kelishuv
Hududlarda bolalarni bog‘chaga tashish ota-ona va Damas’chilar o‘rtasida asosan og‘zaki kelishuv bilan amalga oshiriladi. Ota-ona bolasi uchun kunlik yoki oylik yo‘l haqi to‘laydi, haydovchi xizmat ko‘rsatadi.
Ammo haydovchi berilayotgan yo‘l puli “qoplamasligi” ortidan bolalarni imkon qadar bir reysda bog‘chaga tashib borishga urinadi. Albatta, bunga ota-ona ham qarshi emas. Chunki agar bolasini o‘rindiq soni bo‘yicha tashishni talab qilishsa haydovchi narxni ko‘tarishi mumkin.
Damas’ga belgilangan o‘rindiqdan ko‘p yo‘lovchi mindirib ketilayotgani aniqlansa, haydovchiga nisbatan transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. MJtKning 128-8-moddasiga ko‘ra, bunday qoidabuzarlik uchun 750 ming so‘m (BHMning 2 baravari) jarima qo‘llanadi.
Mas’uliyat kimda?
Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, degan gap bor. Yo‘llarda qonli YTHlar kamaymayotgan bir davrda bolalar hayoti bu shaklda xavf ostiga qo‘yilishi xavotirlarni oshiradi.
Aslida bunday holatlarda asosiy mas’uliyat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida. Chunki bog‘chalarda bolalarni berib yuborishda belgilangan talab qoidalari buzilmoqda.
Maktabgacha ta’lim va Sog‘liqni saqlash vazirliklarining 2018 yil 30 apreldagi qarori bilan “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Bu nizomda bolani bog‘chaga olib kelish va olib ketish mumkin bo‘lgan shaxslar toifasi belgilangan: bular bolaning ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxs, ota-onaning voyaga yetgan farzandlari, bobosi, buvisi yoki tegishli tartibda rasmiylashtirilgan vakil uni shaxsan guruh tarbiyachisiga topshirishi lozim. Maktabgacha ta’lim tashkilotidan olib ketishda esa guruh tarbiyachisi bolani ayni shu shaxslardan biriga berib yuborishi mumkin.
Kuzatilayotgan holatlarda esa guruh tarbiyachilari bu talablarni buzgan holda bolalarni Damas’ga mindirib yubormoqda. Ham vaqtini, ham xarajatini tejash niyatida bo‘lgan haydovchi esa 20-30 nafar bolaning hayotini xavfga qo‘ymoqda.
Yechimi bormi?
Yuqorida aytganimizdek, toki bolasini o‘nlab bolalar ortilgan Damas’ga chiqarib yuborish kamharajat xizmat ekan, mas’uliyatni ota-onadan talab qilish xato. Ichki ishlar organlari esa faqat holat aniqlangandagina chora ko‘rish bilan cheklanadi, xolos.
Muammoga uzil kesil barham berishning yagona va oson yo‘li bor: bog‘chalarda yuqorida aytilgan nizom talablariga qatiy rioya etilishini ta’minlash kerak. Amalga oshirish mexanizmi nizomda aniq va sodda qilib yozib qo‘yilibdi. Bu esa bevosita Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va uning joylardagi tuzilmalari vazifasi.
Demak, vazirlik mas’ullari ichi bolaga to‘la Damas yo‘lda biror ko‘ngilsizlikka duch kelmasidan oldin ishga kirishishi zarur.
Ruslan Saburov,
Kun.uz