Energetikada yangi narxlar, xususiy OTMga talablar va urushga yollangan o‘zbeklar - hafta dayjesti
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Rossiya o‘zbekistonlik migrantlarning huquqlarini himoya qilish majburiyatini oldi. 1 maydagi narxlar oshishi bilan, energetikada tarif reformasi yakunlangani aytildi. Hadeb tanqid qilinadigan “Damas” o‘rniga boshqa arzon avtomobil ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Xususiy universitetlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Ortda qolgan hafta yangiliklari – Kun.uz dayjestida.
Narxlar oshishi va oylik maoshlar
Energetika sohasida rasman “tarif islohoti” deb atalgan jarayon yakunlandi. 1 may kungi narxlar oshishini Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ana shunday izohladi.
“1 may kuni biz energetika sektorida tarif islohotlarining ikkinchi va oxirgi bosqichini yakunladik. Ma’muriy yo‘l bilan tartibga solinadigan narxlarning boshqa o‘sishini kutmayapmiz”, – dedi Ishmetov Xalqaro valuta jamg‘armasining tadbiridagi chiqishida.
Oyning ilk sanasida aholi xonadonlari uchun elektr energiyasining bazaviy tarifi 33 foizga, tabiiy gaz 54 foizga, avtomobillar uchun metan o‘rtacha 27 foizga oshdi. Metanning qimmatlashishi taksi narxlarida ham aks-sado berdi. Propan shoxobchalarida hozircha narx o‘zgarishi sezilmagan bo‘lsa-da, birjadagi narxlarning 10 kun ichida 15 foizga ko‘tarilgani tez orada yakuniy iste’molchilarga ham ta’sir qilishi mumkin.
1 maydan e’tiboran, o‘tgan hafta xabar berganimizdek, jismoniy shaxslarning xorijdan bojsiz tovar olib kirishi bo‘yicha yangi, pasaytirilgan normalar kuchga kirdi. Bundan tashqari, internetda tarqalgan videolarga qaraganda, soat millari 00:00 ga o‘tishi bilan, bojxona platformasida elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi 4 barobarga oshgan. Endi ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillarni olib kirishda avvalgidek 11 mln so‘m emas, 45 mln so‘m utilizatsiya yig‘imi to‘lash kerak bo‘ladi.
Oylik maoshlarga kelsak, bu borada Statistika qo‘mitasi choraklik hisobotni e’lon qilganidan boshqa yangilik yo‘q. Hisobotga ko‘ra, yanvar-mart oylarida Toshkent shahridagi o‘rtacha maoshlar salkam 10 mln so‘mga yetib qolgan. Navoiyda esa xodimlar o‘rtacha 7 mln 300 ming so‘m oylik olyapti. Qolgan 12 ta hududdagi o‘rtacha maoshlar 4,5 mln so‘m atrofida; bundan 12 foizlik daromad solig‘i chegirib tashlansa, aksariyat o‘zbekistonliklarning kartasiga tushadigan rasmiy oyligi miqdori 4 mln so‘m yoki taxminan 300 dollarni tashkil etadi.
Statistika qo‘mitasi shu hafta e’lon qilgan boshqa bir hisobotga ko‘ra, aprel oyida yillik inflatsiya 10,1 foizni tashkil etgan. Rasmiy raqamlar oxirgi 3 oy ichida ichki yo‘nalishlardagi aviachiptalar narxi 74 foizga oshib ketganini ko‘rsatmoqda. Nisbatan raqobatli xalqaro aviaqatnovlar bozorida esa chiptalar o‘rtacha 12,5 foizga qimmatlashgan.
Chiptalarning qimmatligiga juma kuni davlat rahbari ham e’tibor qaratdi. Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi vaqtida ma’lum qilishicha, mahalliy reyslarning 95 foizi “Havo yo‘llari” va Silk Avia aviakompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Raqobat yo‘qligi uchun Toshkent–Urganch yo‘nalishida bir hafta oldin chipta qolmaydi, narxi qimmat. Bu holatda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyohlar ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi, dedi prezident. O‘zbekistonning barcha rezident kompaniyalariga ichki reyslarni subsidiyalash bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqiladigan bo‘ldi.
“Damas” o‘rnini boshqa avtomobil egallashi mumkin
Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi vaqtida, Pitnakdagi “Damas” zavodida arzon avtomobil ishlab chiqarish boshlanishini e’lon qildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil 7 o‘rindiqli bo‘lib, Yevro-5 ekologik standartiga javob beradi. Mutasaddilarga hamkorlar bilan muzokarani shu yil yakunlab, kelasi yilda yirik uzelli yig‘ish usulida ishlab chiqarishni boshlash, 2027 yilda to‘liq siklga o‘tib, mahalliylashtirishni 50 foizga olib chiqish topshirig‘i berildi.
Aynan qanaqa rusumdagi avtomobil haqida gap ketayotgani va hamkorlar kimligi ma’lum emas. “Arzon” bo‘lishi aytilayotgan 7 o‘rindiqli mashina chiqishi bilan, paydo bo‘lganiga 34 yil bo‘lgan Damas konveyerdan olinadimi-yo‘qmi, bu savol ham hozircha ochiq. E’tiborlisi, Damas'dan voz kechilishi ehtimolining yuzaga kelishi – so‘nggi vaqtlarda Piskent avtopoligoni bilan bog‘liq ko‘plab muhokamalarda bu ulovning xavfsizligi va texnik talablarga javob berishi savol ostiga olingani fonida ro‘y bermoqda.
O‘zbekistonda 1996 yildan beri ishlab chiqarilayotgan “Damas” yangiliklar lentasida tez-tez ortiqcha odam tashish holatlari bilan ko‘zga tashlanib turadi. Bu hafta ham ana shunday ikkita holat aniqlandi. Namanganning Kosonsoy tumanida bir ayol va xususiy bog‘chaning 25 nafar tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan “Damas” aniqlangan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay Surxondaryoning Denov tumanidagi xususiy bog‘cha rekord o‘rnatdi: haydovchi avtomobil saloniga 32 bolani sig‘dirgan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha haydovchilarga chora ko‘rilgan.
Xususiy universitetlarga talablar ko‘payadi
O‘zbekistonda xususiy universitetlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. Bu boradagi rejalar chorshanba kuni prezidentga taqdim etildi. Unga ko‘ra, ikki bosqichli litsenziyalash tizimiga o‘tish, ta’lim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish va har 5 yilda kompleks davlat akkreditatsiyasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ta’lim sifatini nazorat qilish uchun tashqi baholash bilan shug‘ullanuvchi mustaqil tashkilot tuzish ham reja qilingan.
Qayd etish lozim, bu kabi tashabbuslarga iqtisodchilar davlatning iqtisodiyotga ortiqcha aralashuvi nuqtayi nazaridan baho beradi. Ayniqsa, ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, oddiyroq aytganda, nimanidir o‘qitishdan oldin amaldorlardan ruxsat olish kerakligi va boshqa byurokratik talablar korrupsion omillarni yuzaga keltiradi, bu esa universitet ochish niyatidagi investorlar nazarida sohaning jozibadorligini pasaytiradi. Yuqori risklar sharoitida yetarlicha investitsiyalarning kirib kelmasligi esa bozorda raqobat ortib borishini cheklaydi, cheklangan raqobat sharoitida ta’lim sifati ham kutilganidek bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi bir necha yilda xususiy oliygoh litsenziyasini olish qiyinlashib ketgani, ayniqsa yuridik yoki tibbiyot yo‘nalishida xususiy OTM ochishga sun’iy to‘siqlar borligi aytib kelinadi. Rasmiylar buni bir necha bor rad etgan. Avvalroq xususiy universitetlardan noqonuniy ravishda pul talab qilish holatlari ko‘zga tashlangandi.
Migrantlar masalasi: rus elchisi TIVga chaqirildi
O‘zbekiston Rossiyadagi fuqarolarining huquqlari buzilayotgani bo‘yicha xavotir bildirdi. Tashqi ishlar vazirligining shanba kungi xabariga ko‘ra, vazirlikda rus elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan, unda rasmiy Toshkent Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning huquqlari poymol qilinishi holatlari ko‘payib borayotganiga e’tiroz bildirgan.
Bu uchrashuv Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzgan 1100 nafar o‘zbekistonlik haqidagi ma’lumotlarni Ukraina tomonidan e’lon qilishi ortidan ro‘y berdi. Ro‘yxatda O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilayotgan shaxslarning ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan sanasi, harbiy xizmatdagi shaxsiy raqami keltirilgan. Qayd etilishicha, bu – asir tushganlarning ro‘yxati emas, Rossiya tomonida turib, Ukrainaga qarshi urushgan yoki urushayotganlarning ro‘yxati. 1100 kishidan 109 nafari jang maydonlarida tirik qolmagan. O‘lganlardan eng yoshi hali 22 ga kirmagan, yana biri RF Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganidan 8 kun o‘tib halok bo‘lgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, bu ma’lumotlar vakolatli organlar tomonidan o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra tegishli choralar ko‘riladi. Vazirlik boshqa davlatlarning harbiy tuzilmalariga yollanish O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatgan.
Hafta davomida, shuningdek, Moskvada mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston tomonidan Bosh prokuratura, DXX va TIV vakillari qatnashdi. Yig‘ilish yakunida ikki mamlakat bosh prokurorlari o‘rinbosarlari qabul qilingan qarorlar aks etgan bayonnomani imzoladi.
Hujjatga asosan, Rossiya Bosh prokuraturasi o‘zbekistonlik migrantlarning huquqlariga rioya etilishi ustidan nazorat va kuzatuvni kuchaytirish majburiyatini oldi. Xuddi shunday, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham O‘zbekistondagi rossiyalik migrantlarning huquqlarini ta’minlashga kafolat bergan. Rasmiy xabarga ko‘ra, imzolangan bayonnoma ijrosi O‘zbekiston va Rossiya Bosh prokuraturalari tomonidan alohida nazoratga olinadi.
Toshkent va Moskva o‘rtasida muzokaralar ketayotgan yana bir masala – yirik atom elektr stansiyasi qurilishi. Sanoat ko‘rgazmasi doirasida Toshkentga kelgan “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachev dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lib, O‘zbekiston go‘yoki katta AES qurishga qaror qilib bo‘lgan, loyihani boshlash faqatgina vaqt masalasi bo‘lib turgandek bayonot berdi. “Agar emas, qachonki O‘zbekiston rahbariyati katta AES mavzusiga qaytsa, bizda nafaqat bo‘lajak obektlarning shakli bo‘yicha, balki shu yerda, O‘zbekistonda mahalliylashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va katta ko‘lamdagi ishlarni o‘z ichiga oluvchi moliyaviy va tashkiliy masalalarda ham tayyor takliflarimiz bo‘ladi”, dedi Lixachev. O‘zbekiston tomonining rasmiy axborotida, uchrashuvda yadro texnologiyalarini qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda qo‘llash, Toshkentdagi “MIFI” filialida kadrlar tayyorlash kabi masalalar ko‘rib chiqilgani aytiladi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Samarqand viloyati Payariq tumani hokimi tadbirkorning binosini noqonuniy buzdirib tashladi. U tuman prokurori va boshqa mas’ullar bilan birga, voqea joyiga avtogreyderni olib borgan va haydovchiga “Bos! Tozala!” deya topshiriq bergan. Tadbirkorning binodagi texnikalarini olib chiqish uchun 2 soat vaqt so‘rab qilgan iltijosi havoda qoldi. Bu qonunsizlikka prokurorning tomoshabin bo‘lib turgani hayratlanarli. O‘sha kuni 10 sutkaga qamab qo‘yilgan tadbirkor, Kun.uz surishtiruvidan keyin, ozodlikka chiqarildi. Bedodlik tafsilotlari bilan batafsil YouTube kanalimizdagi reportaj orqali tanishishingiz mumkin.
Prokurorlar, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorlar bo‘yicha vazifalardan ozod etildi. Prezident farmoniga ko‘ra, bundan buyon sektorlar ishiga bosh vazir o‘rinbosarlari va Mahallalar uyushmasi mas’ul bo‘ladi. Ushbu farmonda, shuningdek, davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalashga oid qonun loyihasini may oyida tayyorlab tugatish vazifasi belgilangan. Bundan tashqari, endilikda vazir va hokim lavozimiga nomzodlar deputatlar tasdig‘idan o‘tish uchun korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq rejasini taqdim etib, himoya qilishi kerak bo‘ladi.
Kartadan kartaga katta miqdorda pul o‘tkazishda qo‘shimcha himoya choralari kiritiladi. Seshanba kuni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tgan qonun loyihasiga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘rtasida katta miqdordagi pul o‘tkazmalarini qo‘shimcha biometrik va boshqa himoya choralarini qo‘llagan holda nazorat qilish yo‘lga qo‘yiladi. Ketma-ket uch yoki undan ortiq pul o‘tkazmalari nazorati avtomatlashtiriladi. Bu o‘rinda “katta miqdordagi o‘tkazmalar” deganda qancha miqdor haqida gap ketayotgani, shuningdek, “ketma-ket o‘tkazmalar” deganda qancha vaqt oralig‘i nazarda tutilayotgani hozircha ma’lum emas.
O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi. Chorshanba kuni bu haqdagi qonun Senatda ma’qullandi. Unga ko‘ra, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari va ular uchun suyuqliklarni olib kirish, ishlab chiqarish, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Ma’muriy chora 37,5 mln so‘mdan 70 mln so‘mgacha jarima, jinoiy jazo esa 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etishdan iborat. Mahsulot ixtiyoriy ravishda paydo bo‘lgan va ixtiyoriy topshirilgan taqdirda, shaxs javobgarlikdan ozod etiladi. Kiritilayotgan taqiq tamakini qizdirish tizimlari, stiklar va nosvoyga taalluqli bo‘lmaydi.
O‘zbekiston matbuot erkinligi indeksida 148-o‘rinda qoldi. “Chegara bilmas muxbirlar”ning 2025 yilgi reytingida mamlakatimizning 180 ta mamlakat ichidagi o‘rni o‘zgarmagan, shu bilan birga, baholash indikatorlarining barchasi bo‘yicha O‘zbekistonning ballari yomonlashgan. Mualliflarga ko‘ra, hozir global miqyosda so‘z erkinligi eng past darajaga tushgan. Bunga asosiy sabablardan biri – tahririyatlarning moliyaviy sharoiti yomonlashmoqda, chunki mustaqil jurnalistika – avtokratlar uchun tikan, deydi “Chegara bilmas muxbirlar” rahbari Anya Osterxaus.