Toshkentda “zakladka” bilan shug‘ullangan talaba 12 yilga qamaldi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
19 yoshli talaba Chilonzor tumani hududida pana manzillarga giyohvand modda yashirib yurganida ushlangan. U giyohvand moddani o‘ziga berilgan lokatsiya bo‘yicha Qibray tumanidan olganini, uni 25 ta joyga yashirib chiqish uchun 100 AQSh dollari va’da qilinganini aytgan.
Toshkent shahridagi oliygohlardan birining 1-bosqich talabasi uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2006 yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida tug‘ilgan I.A. poytaxtdagi oliygohlardan birida tahsil olgan. I.A. 2024 yil 26 oktyabr kuni soat 23:30 da Chilonzor tumanidagi 195-umumta’lim maktabi oldidan o‘tib ketayotganida shubha uyg‘otgani sababli IIO FMB PPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.
Talabaning qo‘lidagi sumka tekshirib ko‘rilganida mijozlar uchun xufiyona joyga yashirish maqsadida olib yurilgan 16 dona o‘ramdagi giyohvand modda borligi aniqlangan. I.A.ning yonidan 12,71 gramm og‘irlikdagi giyohvand modda ashyoviy dalil tariqasida olingan. Shuningdek, I.A.ning ko‘rsatuviga binoan 9 ta manzildan u yashirib ketgan “zakladka”lar topilgan.
Bundan tashqari, talaba yigit 2024 yil 6 oktyabr kuni Telegram orqali Suriyada faoliyat olib borayotgan terrorchilik tashkiloti a’zosi bilan muloqot olib borgani ham aniqlangan. U muloqotda mazkur terrorchilik tashkiloti tarkibiga borib qo‘shilish borasida so‘zlashgan.
I.A. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan.
“2024 yil 26 oktyabr kuni ish topish maqsadida uyali telefonim orqali internetga kirib, Instagram’dagi e’lonni ko‘rib qoldim. Ushbu e’lonni joylashtirgan shaxs bilan aloqaga chiqdim. U menga yetkazib berish xizmatida ish borligini, manzildan narsani olib, boshqa manzilga yetkazib berish lozimligini, ish haqi shu kunning o‘zida to‘lanishini bildirdi.
Ushbu shartlarga rozi bo‘lganimdan so‘ng mendan pasportimni ushlagan holda suratga tushirib yuborishni talab qilishdi. Talabni bajargach, menga geolokatsiya tashlab berishdi. Geolokatsiya bo‘yicha Qibray tumanidan polietilen paketni oldim. Ish beruvchi bu giyohvandlik vositasi ekanini, uni 25 ta joyga joylashtirib, geolokatsiyani tashlagach 100 dollar to‘lab berishini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng giyohvand moddasini Chilonzor tumani hududiga joylashtira boshladim”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.
Talaba haqiqatan ham Suriyadagi terrorchilik tashkiloti a’zosi bilan gaplashganini, ammo bu ishni qiziqish tufayli qilganini, terrorchilik harakatiga qo‘shilishni istamaganini ma’lum qilgan. U qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Chilonzor tuman sudining 2025 yil 1 maydagi hukmi bilan I.A. Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi va 25,273-moddasi 5-qismida (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga qasd qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.