Radarlar yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmaydigan bo‘ldi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Prezident topshirig‘i asosida qabul qilingan hukumat qaroriga binoan, 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini avtomatlashtirilgan foto-video qayd etish moslamalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” bundan mustasno. Bu imtiyoz YPX xodimlari tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklarga taalluqli emas.
Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda yo‘llardagi harakatlanish bo‘laklarini ajratuvchi uzluksiz chiziqlarni bosgan haydovchilarning qoidabuzarligini 1 iyundan boshlab radarlar qayd etmaydi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
“Prezidentimiz topshirig‘iga asosan aholining taklif va istaklarini inobatga olgan holda, avtomobil yo‘llarida harakatlanish tartibini yanada takomillashtirish, haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, joriy yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i – "stop-liniya" (5.33 yo‘l belgisi) bundan mustasno.
Ya’ni haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi”, – deya ma’lum qildi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Avvalroq radarlar qayd etgan tezlikdan 5 emas, 10 km/soat chegirib tashlash haqidagi qonun loyihasi parlamentda ko‘rila boshlagandi.