Shavkat Mirziyoyev Vengriya va Sloveniyaga tashrif buyuradi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
O‘zbekiston rahbari 19 may kuni Budapeshtga, 22 may kuni Lyublyanaga boradi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
19-22 may kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya va Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashriflari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston yetakchisi Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan 19 may kuni Budapeshtga boradi.
Oliy darajadagi muzokaralar, Vengriya rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Kun tartibidan ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Mamlakat rahbari 21 may kuni Vengriya poytaxtida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni Lyublyana shahrida Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musar bilan uchrashadi, ushbu mamlakat parlamenti va hukumati rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi, qo‘shma ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirok etadi.
O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, farmatsevtika, sanoat, oziq-ovqat va to‘qimachilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.