Surxondaryoda Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news
Shu yilning 19-21 may kunlari Termiz shahrida "Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Tashkilotchilar – O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi.
Forum Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 ga yaqin vakillarni bir yerga jamlaydi. Ular orasida siyosiy-iqtisodiy va biznes doiralar vakillari, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar a’zolari, shuningdek, dunyoning turli tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining nufuzli ekspertlari bor.
Muloqotdan asosiy maqsad – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2022 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbusini ilgari surish uchun ko‘p tomonlama munozara maydonini shakllantirish.
Forum ishtirokchilari Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama qiladilar. Asosiy e’tibor xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliyaviy tuzilmalarning rolini kengaytirish masalalariga qaratiladi.
Anjuman yakunlari bo‘yicha kutilayotgan asosiy natijalardan biri, bu – Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ishonch, muloqot va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiruvchi Kommyunike qabul qilinishi hisoblanadi.
Termiz muloqoti mintaqalararo bog‘liqlikni yanada rivojlantirish, keng Yevrosiyo qit’asida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash istiqbollarini belgilash uchun doimiy platforma vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan.
Tadbir Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi "Termiz xalqaro savdo markazi" hududida o‘tkaziladi.