softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

“Ijtimoiy tarmoqlar qonuni” va grin-kartadagi liderlik - hafta dayjesti

O'zbekiston yangiliklari, Ўзбекистон янгиликлари, Новости Узбекистана, Uzbekistan news

“Ijtimoiy tarmoqlar qonuni” va grin-kartadagi liderlik - hafta dayjesti

Batafsil o'qish:

Radar va kameralardan zada bo‘lgan haydovchilar uchun ayrim yengilliklar e’lon qilindi. Prezident maktab o‘qituvchilarining oyligi va attestatsiyasi haqida gapirdi. Ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazorat kuchaytiriladi. O‘zbekistonliklar vizasiz borishi mumkin bo‘lgan boy davlatlar soni yana bittaga ko‘paymoqda. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.

Haydovchilarga yengilliklar

O‘zbekiston hukumati haydovchilarning ko‘nglini ovlashga qaror qildi. Juma kuni e’lon qilingan qaror bilan, radarlar, yo‘l chiziqlari va yo‘l belgilari masalasida haydovchilar e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan bir qator masalalarda yengilliklar joriy qilinmoqda.

Asosiy yangiliklardan biri: 1 iyundan boshlab kameralar yo‘llardagi sidirg‘a chiziqlarni bosganlik uchun jarima yozmaydi. Bir necha yildan beri yo‘l chiziqlari chizilmagan yo‘llarning faqatgina kamera bor qismigagina chiziq chizib qo‘yilishi ko‘p tanqidlarga uchrab kelayotgandi. Qaror bilan, ana shu noroziliklar kamayadigan bo‘ldi. Shu bilan birga, to‘xtash chizig‘ini bosganlik uchun avvalgidek tartibda jarima qo‘llash davom etadi. Xizmat olib borayotgan YPX xodimlarining sidirg‘a chiziqni bosgan haydovchilarga jarima qo‘llash huquqi ham saqlab qolinmoqda.

1 iyundan boshlab, tirbandlikning oldini olish uchun shaharlarda yo‘lta’mirlash va yo‘l chiziqlarini chizish ishlarini soat 7:00 dan 21:00 gacha amalga oshirish taqiqlanadi. 1 sentabrdan e’tiboran, statsionar va mobil radarlar ishlayotgan har qanday joyda “Radar” belgisini o‘rnatish majburiy bo‘ladi. Shuningdek, 16 maydan boshlab, jamoat transporti uchun ajratilgan “A” harfli yo‘lakda soat 23:00 dan 06:00 gacha barcha transport vositalari harakatlanishiga ruxsat berildi.

To‘xtash va to‘xtab turishni taqiqlovchi yo‘l belgilarining keraksiz deb topilganlari olib tashlanadi, qolganlarining tagiga esa belgining amal qilish vaqti yozib qo‘yiladi. Yozilgan vaqtdan tashqari soatlarda belgi bor joyda ham to‘xtash yoki to‘xtab turish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ayrim temiryo‘l kesishmalaridagi “Stop” belgilari o‘rniga boshqariluvchi svetoforlar o‘rnatilib, haydovchilarning behuda to‘xtab o‘tishiga barham beriladi.

Qarorda O‘zbekiston yo‘llaridagi barcha radar va kameralarni yil oxirigacha to‘liq xatlovdan o‘tkazib, belgilangan talablarga zid tarzda o‘rnatilgan yoki texnik talablarga javob bermaydiganlarini olib tashlash ko‘zda tutilgan. Birinchi marta yengil qoidabuzarlik sodir etganlarni jarimaga tortmasdan, ogohlantirish berish tartibi joriy etiladi – bu borada alohida qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Ayni paytda, parlamentdagi partiyalar radarlar qayd etgan tezlikdan 5 emas, 10 km/soat chegirib tashlash haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqyapti.

Ijtimoiy tarmoqlar va blogerlarga talablar

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar haqida qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Loyihada ijtimoiy tarmoqlarni boshqaruvchi kompaniyalar, blogerlar, inflyuyenserlar va tarmoqlarda ochilgan guruhlarning moderatorlariga nisbatan qator talablar nazarda tutilgan.

Xususan, O‘zbekiston hududidagi foydalanuvchilari soni kuniga 100 mingdan oshadigan ijtimoiy tarmoqlar O‘zbekistondagi rasmiy vakilini tayinlashi kerak bo‘ladi. Bu vakil noqonuniy deb topilgan kontentni o‘chirish kabi masalalarda vakolatli organ, ya’ni OAKA bilan hamkorlikda ishlashi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan esa tezkor aloqada bo‘lishi talab etiladi.

Davlat organining talablarini muntazam bajarmagan ijtimoiy tarmoqlarga kirish tezligi sud qarori asosida pasaytirib qo‘yilishi mumkin. Noqonuniy kontent ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan OAVdan boshqa saytlarda tarqatilgan holatlarda, bu saytlarni bloklash uchun sud qarori talab etilmaydi.         

Qonun loyihasida “yolg‘on axborot” tushunchasiga berilgan ta’rif alohida e’tiborga loyiq. “Haqiqatga mos kelmaydigan, shaxslar, ashyolar, voqealar, hodisalar va jarayonlar haqida faktlarni buzib ko‘rsatadigan, noto‘g‘ri taassurot uyg‘otadigan” axborot yolg‘on axborotdir, deyiladi loyihada. Vakolatli organ internetda tarqalgan biror yolg‘on axborotni “jamoat tartibiga tahdid soladi” deb hisoblasa, uni noqonuniy kontent deb e’tirof etadi va shunga asosan choralar ko‘radi.

Loyiha 10 ming kishidan ortiq obunachiga ega blogerlarni “inflyuyenser” deb belgilash ko‘zda tutilgan. Inflyuyenserlar tarqatayotgan axborotining to‘g‘riligini tekshirishi, noqonuniy kontent tarqatilmasligi uchun yozilayotgan izohlarni kuzatib borishi, tergovchi yoki prokurordan ruxsat olmay turib surishtiruv yoki tergov materiallarini e’lon qilmasligi, sudga ta’sir o‘tkazmasligi kerak. Murojaat qilish uchun kontakt ma’lumotlarini ochiq tarzda joylashtirib qo‘ymagan kanallarga reklama berish taqiqlanishi mumkin.

Qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 27 maygacha davom etadi. Muhokamalar portalida ayni paytgacha bir qator tanqidiy izohlarni ko‘rish mumkin. Ma’lumot uchun, Freedom House xalqaro tashkilotining internet erkinligi reytingida O‘zbekiston so‘nggi o‘ntalikda qolmoqda.

Grin-karta bo‘yicha yetakchilik va Xitoyga vizasiz rejim

O‘tgan ikki hafta ichida 5 mingdan ortiq o‘zbekning uyida bayram bo‘lgan. AQShdan kelgan xabarlarga qaraganda, bu yil 5564 nafar o‘zbekistonlikka grin-karta chiqqan. Bu – har yilgi raqamlar bilan deyarli bir xil. Farqi shundaki, bu yil O‘zbekiston eng ko‘p grin-karta yutgan davlatlar orasida 1-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, avvalgi yillardagi kabi, Jazoir, Rossiya, Misr va Sudan aholisi orasidan ham 5,5 mingdan ortig‘iga lotereyada yutuq chiqqan. Qayd etish kerak, yutuq chiqdi degani viza naqd degani emas: dunyo bo‘ylab 130 mingta da’vogar tanlab olingan, yakunda ulardan faqat 55 ming nafari viza ololadi.

Dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyotiga borish kimga nasib qilmagan bo‘lsa, ular uchun dunyoning ikkinchi raqamli iqtisodiyoti o‘z eshiklarini ochyapti. 1 iyundan e’tiboran O‘zbekiston vatandoshlari Xitoyga vizasiz borishi mumkin. Vizasiz rejim Xitoyda 30 kungacha bo‘lish imkonini beradi. Shu bilan birga, YouTube'da Xitoy haqidagi o‘zbekcha videokontentlar ko‘payishini kutish unchalik ham o‘zini oqlamasligi mumkin: dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri bo‘lmish Xitoyga vizasiz borganlar media faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Professional kontent tayyorlash, shuningdek, o‘qish yoki ishlash uchun alohida viza talab etiladi. Bundan tashqari, vizasiz rejim Xitoyning Honkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga nisbatan amal qilmaydi.

Readmissiya va deportatsiya qilinganlarga cheklovlar

AQShga borgan, lekin grin-kartasi yo‘q, shu sabab Donald Tramp tomonidan quvilayotgan o‘zbeklar uchun ham yangilik bor. O‘zbekiston rasmiylari Amerikada noqonuniy yurgan fuqarolarini qaytarish bo‘yicha AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilayotgani, charter reyslar tashkil etilayotgani, buning uchun Vashington Toshkentga minnatdorlik bildirganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Seshanba kuni imzolangan, 1 sentabrdan kuchga kiradigan hukumat qaroriga binoan, shu kabi xalqaro shartnomalar asosida readmissiya qilingan fuqarolar 2 yil davomida xorijga chiqish pasportini olish uchun ariza berolmaydi.

Qaror bilan, chet elda ishlab yurgan vaqtida qonunbuzarligi uchun deportatsiya qilingan shaxslarga nisbatan ham ta’sir choralari belgilandi. Unga ko‘ra, Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qaytarib olib kelingan fuqarolardan qaytarish xarajatlari undirib olinadi. Agar deportatsiya qilingan shaxs avvalroq subsidiya yoki kompensatsiya olgan bo‘lsa, olgan summalarini ham qaytarib to‘lashi kerak bo‘ladi. Ular bir yil davomida rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborish jarayonlarida qatnasha olmaydi.

Maktab ta’limi bo‘yicha selektor

O‘zbekiston maktablarida 60 ming nafar o‘qituvchi 8–12 mln so‘m maosh olyapti. Bu haqda payshanba kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. Davlat rahbarining izohlashicha, bu natijaga o‘ndan ortiq turdagi ustamalar joriy qilingani hisobiga erishilgan. Statistika agentligiga ko‘ra, 2024/25 o‘quv yili boshida maktablarda dars berayotgan o‘qituvchilar soni 565 ming nafar bo‘lgan. Demak, 8 mln so‘mdan 12 mln so‘mgacha yoki bugungi kursda 617 dollardan 925 dollargacha maosh olayotgan ustozlar maktablarda ishlayotgan jami pedagoglarning qariyb 11 foizini tashkil etadi.

Yig‘ilishda o‘qituvchilarga toifa berish tizimi shaffof shaklga o‘tkazilgani sabab “haqiqiy ahvol ko‘rinib qolgani” aytildi. Masalan, o‘tgan yili 341 ming o‘qituvchi yangi tizim asosida toifaga topshirgan bo‘lsa, shundan 102 ming nafari yoki 30 foizi imtihondan o‘ta olmagan. Qayd etish lozim, avvalroq testlarning validligi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan, tanqidchilar attestatsiyada o‘qituvchining bilimi emas, xotirasi tekshirilayotganini aytgandi.

Selektorda matbuotda tanqid qilingan ayrim mavzular ham ko‘tarildi. Xususan, o‘tgan oylarda Kun.uz bir necha bor Namanganda maktab o‘qituvchilariga avtomobil ijaraga berish avj olgani, natijada avtohalokatlar va o‘smirlarning o‘limlari ro‘y berayotgani haqida yozgandi. Shavkat Mirziyoyev bu masalada ichki ishlar boshliqlari va prokurorlarni sustkashligi uchun tanqid qilib, bolalarga mashina boshqarishni berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash topshirig‘ini berdi.

Davlat rahbari 7-11 sinf o‘quvchilari kuniga 8 soatgacha vaqtini telefonda, ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotganini aytib, maktab direktorlari, ustozlar va ota-onalarni befarq qaramaslikka chaqirdi. Maktab ta’limidagi muammolar bilan ishlash bo‘yicha “favqulodda 90 kunlik” e’lon qilindi. Ta’lim sohasi rahbarlarini ta’lim bilan bog‘liq bo‘lmagan majlislarga chaqirish taqiqlandi. Yoshlarni dunyoda top-o‘ntalikka kiruvchi oliygohlarga tayyorlash maqsadida “Harvardchilar maktabi” – Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab ochilishi belgilandi. Bu yil 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari bu maktab uchun saralab olinib, Harvard, Oksford, Stenford, Massachusets texnologiya instituti kabi top-10 oliygohlarga maqsadli tayyorlanadi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Toshkentdagi maktabda bolalarga “Katyusha” ashulasini yodlatgan o‘qituvchiga ogohlantirish berildi. Holat Do‘mbiroboddagi 188-maktabda ro‘y bergan: o‘qituvchi matematika darsini o‘tmasdan, 9 mayni nishonlashga uringan. Voqeaga deputat Alisher Qodirov munosabat bildirib, hamkasblari bilan “Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi faoliyatini tahlil qilish haqida TIVga so‘rov yubormoqchi ekanini aytdi. Shuningdek, hafta boshida 9 may kuni shahardagi Birodarlik qabristonida ro‘y bergan holat videosi tarqaldi. Videoni olgan shaxs O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib qo‘shiq aytayotgan yoshlarni provokator deb atab, ularni AQShga sotilganlikda ayblagan.

Yilning birinchi choragida yengil avtomobillar importi 3 barobarga qulagan. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–mart oylarida 7 mingtaga yaqin avtomobil olib kirilgan. O‘tgan yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 22 mingta edi. Hafta davomida, shuningdek, “O‘zavtosanoat” Damas va Labo ishlab chiqarishni to‘xtatish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini ma’lum qildi. Prezident huzuridagi yig‘ilishda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun qolgan 9 ta mamlakat bilan ham kelishuvga erishib, Ishchi guruhning hisobot loyihasini yakunlash topshirig‘i berildi.

Jinoyat sudining raisi jinoyat ustida qo‘lga olindi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Xonobod shahar sudi raisi 30 ming dollar olayotgan vaqtda ushlangan. Sudyalar oliy kengashiga ko‘ra, sudya Yunusjon Egamberdiyevga nisbatan firibgarlik va pora berish moddalari bilan ish ochilgan bo‘lib, kengash uni javobgarlikka tortish bo‘yicha bosh prokurorning so‘roviga rozilik bergan. Ish bo‘yicha boshqa tafsilotlar ma’lum emas. Ochiq manbalarga ko‘ra, Egamberdiyev sud raisi lavozimiga bir necha oy oldin, o‘tgan yilning dekabrida tayinlangan.

Qo‘qonda ammiak bilan bog‘liq favqulodda holat yuz berdi. Rasmiy xabarga ko‘ra, kimyoviy moddalar, xususan o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi Indorama zavodida suyuq ammiakni vagondan konteynerga o‘tkazish vaqtida shlangda yorilib, taxminan 10 foiz ammiak zavod hududiga to‘kilgan. Zavod ishchilari evakuatsiya qilingan, o‘nga yaqin odam tez yordamga murojaat qilgan. Holat 1-2 soatda bartaraf etilgani aytilmoqda.

Diniy ulamo Mubashshir Ahmad Turkiyadan deportatsiya qilinib, qamoqqa olindi. O‘zbekiston huquq organlari uni o‘ziga tegishli axborot platformalari orqali diniy mazmundagi va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tarqatishda ayblamoqda. Ma’lumot uchun, 51 yoshli Mubashshir Ahmad ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida faol. U O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.